Korxona faoliyati samaradorligini oshirish yo’llari va omillari
Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xo’jalik yuritishning bozor tizimi hamda har qanday davrning muhim talabidir. Samaradorlik istalgan korxonaning iqtisodiy barqarorligi va faoliyat yuritish qobiliyatini aks ettiradi. Har qanday ishda, jumladan, korxonalar faoliyatida samaradorlikning, ijobiy natijalarning mavjud bo’lmasligini, obrazli qilib aytganda, ovoragarchilik, vaqt, kuch va resurslarni yo’qotish bilan izohlash mumkin.
Fan-texnika taraqqiyoti korxonalarning ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini oshirishda muhim omil bo’lib kelgan va hozirda ham o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Mazkur omildan quyidagi yo’llar bilan foydalanish mumkin:
ishlab chiqarish va mehnatni mexanizatsiyalashtirish, avtomatlashtirish hamda kompleks ravishdagi mexanizatsiyalashtirish;
asosiy texnologik jarayonlarni robotlashtirish;
progressiv, mehnat hamda resurslarni tejashga yo’naltirilgan texnologik jarayonlarni amaliyotga kiritish va ulardan keng foydalanish;
xom ashyo va materiallar (mehnat predmetlari) zamonaviy turlarini yaratish va ulardan foydalanish;
ishlab chiqarishni tashkil qilish, rejalashtirish va boshqarish jarayonlarida zamonaviy axborot texnologiyalaridan, hisoblash texnikasidan foydalanish;
ishlab chiqarish va mehnatni ilmiy tashkil qilish.
Amaliyotda fan-texnika taraqqiyotining, jumladan, uning tarkibiy qismlarining ahamiyati va rolini inkor qiluvchi yoki tushunmovchi korxonani topish amrimahol. Biroq ushbu omilni amalga oshirish uchun faqatgina hohish va istaklarning o’zigina etarli emas. Buning uchun birinchidan, fan-texnika taraqqiyotining ayni paytda zarur bo’lgan yo’nalishlarini izlash va aniqlash, ikkinchidan, pul mablag’larini va boshqa zarur bo’lgan resurslar (investitsiyalar) izlab topish, uchinchidan, zamonaviy ilmiy- texnikaviy ishlamalarga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari, konstruktorlik, texnologik va boshqa ilmiy muassasalar bilan kerakli aloqalarni “bog’lash”, to’rtinchidan, o’z ilmiy-texnikaviy maqsadlarining samaraliligini hisoblab chiqish talab qilinadi.
Fan-texnika taraqqiyoti so’nggi paytlargacha evolyutsion ravishda rivojlanib kelmoqda edi. Asosiy e’tibor amaldagi texnologiyalarni takomillashtirish, mashina va uskunalarni qisman zamonaviylashtirishga qaratilgan edi. Bunday chora-tadbirlar ma’lum bir cheklangan natijalarga olib kelardi.
Yangi texnikalarni ishlab chiqish va amaliyotga kiritishdan manfaatdorlik talab darajasida emasdi. Ishlab chiqarish va mehnatni tashkil qilishning xorijiy progressiv texnologiyalari “ekspluatorlik belgisi” sifatida, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish
va mexanizatsiyalashtirish esa ishsizlikning asosi sifatida qabul qilinar edi. Xorij tajribalariga kapitalistik tajriba deb qaralardi hamda bu tajribalarning keng tarqalishiga yo’l qo’yilmas edi.
Bozor munosabatlari shakllanayotgan hozirgi sharoitlarda, chuqur sifat o’zgarishlari, tamoyillari yangi texnologiyalar va so’nggi avlod texnikasiga o’tish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini fan va texnikaning eng yangi yutuqlari asosida qayta qurollantirish zarur. Shu bilan bir qatorda olimlar, konstruktorlar, muhandis va ishchilarning ijodiy ruhda mehnat qilishlari uchun iqtisodiy va ijtimoiy manfaatdorlikni yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, Yaponiya korxona va firmalarida ijodiy guruhlar, sifat guruhlari tashkil qilingan, ya’ni fan-texnika taraqqiyoti bilan uzviy bog’liq bo’lmish universitetlar, ilmiy markaz va laborotoriyalar bilan aloqalar rivojlantirilmoqda. Yaponiyaning bugungi kunda robotlar hamda zamonaviy texnika va texnologiyalarning boshqa turlarini yaratishda birinchi o’rinlarda turishi ham bejiz emas.
Korxonalar ishlab chiqarish faoliyatining samaradorligini oshirishning muhim omillaridan yana biri sifatida mavjud ishlab chiqarish salohiyati - asosiy va aylanma fondlar, ishchi kuchidan tejamkorlik asosida, iloji boricha unumliroq foydalanishni ko’rsatish mumkin. Bundan tashqari ularga buyumlashgan mehnat sarflanganligi, ya’ni korxonaning bugungi egalaridan tashqari avvalgi avlod vakillarining ham mehnati mavjudligi bilan izohlash mumkin.
Bozor sharoitlarida ishlab chiqarish salohiyatidan unumli foydalanish zaruriyati haqida qayta ta’kidlashga ehtiyoj yo’q: birinchidan, bozor “vakuumni”, harakatsizlikni, xo’jasizlikni va yo’qotishlarni kechirmaydi, ikkinchidan, o’z imkoniyatlari va resurslaridan etarlicha foydalanmaydigan korxona istiqbolga ega bo’lmaydi hamda bankrotga uchrashga asos yaratadi. Shu sababli barcha turdagi resurslardan samarali foydalanish va ayniqsa ishlab chiqarishning barcha bo’g’inlarida tejamkorlikka rioya qilish har bir korxona faoliyatining muvaffaqiyat qozonishining garovi hisoblanadi.
Korxonalar ishlab chiqarish faoliyatining samaradorligini oshirishda tashkiliy- iqtisodiy omillar, jumladan, boshqaruv ham muhim o’ringa ega. Ularning ahmiyati ishlab chiqarish miqyosining o’sishi va xo’jalik aloqalarining murakkablashishi bilan ortib boradi. Bu omillar qatoriga birinchi o’rinda, oqilona ishlab chiqarish shakllarini yaratish va mavjudlarini takomillashtirish - kontsentratsiya, ixtisoslashtirish, kooperatsiya va kombinatsiya qilishni kiritish mumkin.
Boshqaruvda esa, boshqarish, rejalashtirish, iqtisodiy rag’batlantirishning usul va shakllarini, ya’ni korxona faoliyatining butun xo’jalik mexanizmini takomillashtirishda ifodalanadi. Korxona rahbarining ish stili va usullari fan-texnika taraqqiyoti va bozor iqtisodiyotiga mos kelishi zarur. Masalan, korxona direktori bilimi, tajribasi va professional malakasiga ko’ra, oddiy xodimlar va bo’linma (xizmat) rahbarlaridan yuqori turishi lozim. Aks holda u jamoani kerakli tarzda boshqara olishi hamda muvaffaqiyatga erishishi va imidjga ega bo’lishi qiyin.
Rejalashtirishda rejalarning balanslashtirilishi, ko’rsatkichlar tizimini optimal shakllantirish, rejalashtirilayotgan maqsadlar resurslar bilan ta’minlanishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa o’z navbatida korxonadagi iqtisodiy faoliyatni kuchaytirishni, rejalashtirish va iqtisodiy hisob-kitoblarni hamda zamonaviy
kompyuter texnikasi va uning reja iqtisodiy hisob-kitoblarini amalga oshirishdagi imkoniyatlarini yaxshi biluvchi, savodli va malakali iqtisodchilarni tanlashni talab qiladi.
Korxona faoliyatining samarali bo’lishida ishlab chiqarishni intensivlashtirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning turi va sifatini oshirish hamda jahon standartlari darajasiga etkazish, korxonaning ishlab chiqarish tuzilmasini yaxshilash kabi omillar ham muhim o’rinni egallaydi. Bunga esa zamonaviy mashina va asbob- uskunalar, zamonaviy texnologiyalar, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil qilishning ilg’or usullaridan foydalanish orqali erishiladi.
Albatta, yuqorida keltirib o’tilgan omillarni amalga oshirish ma’lum bir resurslar va vaqt sarflashni talab qiladi. Biroq bu muammolarning mohiyati va ahamiyatini o’zgartirmaydi. Amaliyot shuni ko’rsatadiki, zamon bilan hamnafas holda harakat qiluvchi, barcha faoliyat turlarida tejamkorlikka rioya etuvchi, o’z salohiyatidan unumliroq foydalanuvchi, zamonaviy fan va texnika yutuqlariga tayanuvchi korxona o’zining bugungi kundagi muvaffaqiyatlaridan tashqari, kelajakda ham muvaffaqiyatlarga erishishini, jumladan, bozordagi o’z o’rni va raqobatchilik muhitida qulay ahvolda bo’lishini ta’minlaydi.
Dostları ilə paylaş: |