A.E.Karlik va M.L.Shuxgalterlarning taxriri ostida 2001 yilda Moskvada chop etilgan ''Korxona iqtisodiyoti'' (Ekonomika predpriyatiya) darsligi kirish, 19 ta bob, adabiyotlar ro’yxati va oforizmlardan iborat. Unda korxona faoliyatining asosiy funktsiyalari va yo’nalishlari ko’rib chiqiladi. Alohida e’tibor korxonaning tashkiliy-huquqiy shakllari, korxonalar va moliyaviy tuzilmalar birlashmalari, korxonalar faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish masalalariga qaratilgan. Tashkiliy tuzilmalar va korxona faoliyatining rejalashtirish, resurslar asosi, investitsiya inqirozga qarshi boshqaruv muammolari ko’rib chiqiladi. U iqtisodiy oliy o’quv yurtlari talabalari, korxona rahbarlari va mutaxasislariga mo’ljallangan.
Professor V.P.Gruzinov taxriri ostida 1998 y Moskvada chop etilgan ''Korxona iqtisodiyoti'' (ruscha ''Ekonomika predpriyatiya'') darsligi 5 bo’limdan iborat.
''Korxona faoliyati kontseptsiyasi'' deb nomlangan birinchi bo’lim 9 bobdan, ''Korxonaning resurs ta’minoti'' deb nomlangan ikkinchi bo’lim besh bobdan, ''Bozor sharoitlarida korxona faoliyatining asosiy iqtisodiy ko’rsatgichlari''ga bag’ishlangan uchinchi bo’lim ikki bobodan, ''Iqtisodiy o’sishning asosiy omillari'' nomli to’rtinchi bo’lim 4 bobdan va ''Xo’jalik yuritishning shakllari va uslublari'' nomli beshinchi bo’lim 2 bobdan tashkil topgan.
Darslik korxona iqtisodiyotini yuritishning tavsifi to’g’risidagi tushunchalardan tashqari, korxonani rivojlantirish strtegiyasini shakllantirish, bozor sharoitlarida uning missiyasini aniqlash, biznes-reja tuzishga, marketing faoliyatini tashkil etishga,
bankrot bo’lishga yo’l qo’maslikka o’rgatadi. Darslik Rossiya korxonalari hayoti materiallaridan tashqari boshqa davlatlar korxonalari amaliyoti to’g’risida katta ma’lumotlar beradi.
I-BOB. «KORXONA IQTISODIYoTI» KURSINING MAZMUNI VA VAZIFALARI
Iqtisodiyot fan va ishlab chiqarish faoliyatining sohasi sifatida
“Borliq ongni belgilaydi” iborasi ma’lum bir jihatlari bilan har bir inson hamda jamiyat hayoti va iqtisodiyotning tuzilishini anglatadi. Shu sababli iqtisodiyotning oila o’chog’i miqyosida, shuningdek, korxona, tarmoq va butun xalq xo’jaligi miqyosida ko’rib chiqilishi bejiz emas. So’nggi holatda gap makroiqtisodiyot haqida, uning tendentsiyalari, qonuniyatlari haqida borib, unda ko’rib chiqiladigan muammolar ba’zi hollarda korxona iqtisodiyotidan sezilarli ravishda farqlanadi.
“Iqtisodiyot” atamasi birinchi bor Aristotel tomonidan kiritilgan hamda odamlarning tovar ishlab chiqarish va ayirboshlashdagi xo’jalik faoliyatini anglatgan. Tovar ishlab chiqarish, ayirboshlash va realizatsiya qilish tizimi qanchalik yaxshi tashkil qilingan bo’lsa, iqtisodiyot ko’rsatkichlari va aholining turmush tarzi, resurslarsdan oqilona foydalanish, bahoni shakllantirish, soliqqa tortish, samarali qo’llanuvchi boshqaruv tizimi kabi omillarni hisobga olgan holda, shunchalik yuqori bo’ladi.
Iqtisodiyotning inson va jamiyat hayotidagi o’rni va ahamiyatiga o’z vaqtida A.Smit yuqori baho berib, u insonni “homo economicus” - “iqtisodiy odam” deb atagan. Haqiqatdan ham, har bir odam iqtisodiyotning mohiyatini, hayot ne’matlari nimalar evaziga berilishini anglamaguncha, mablag’larni ishlab topish va ulardan samarali foydalanishni o’rganmaguncha, oila miqyosi va undan yuqori darajadagi iqtisodiyot uchun ma’qul keluvchi sifat va miqdor parametrlariga ega bo’ladi, deb o’ylash noto’g’ri bo’lar edi. Demak, iqtisodiyot parametrlari (ham salbiy, ham ijobiy) avvalo insonlar harakati va faoliyatining, oqilona ho’jalik yuritish, moddiy boyliklarni ishlab chiqarish, ayirboshlash va taqsimlashni samarali olib borish qobiliyati natijasida yuzaga keladi.
Iqtisodiyot inson hayotining moddiy, ma’naviy, fiziologik va boshqa ehtiyojlari bilan bog’liq bo’lgan har bir jabhasini qamrab oladi. Oila qurish, kelajak avlodni tarbiyalash, zaruriy turmush tarzini ta’minlash uchun odamlarga oziq-ovqat, kiyim- bosh, turarjoy va boshqa vositalar kerak bo’ladi. Bu predmetlar, qoidaga ko’ra, iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi korxonalarda ishlab chiqariladi. Shu sababli iqtisodiyotning, ayniqsa, avvalgi ma’muriy-buyruqbozlik tizimidagi rejali iqtisodiyotdan farq qiluvchi bozor iqtisodiyotining rivojlanish tendentsiyalari va qonunlarini bilish, ro’y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tushunish va istalgan xo’jalik muammolarini hal qilishda muhim shart hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |