Tibbiyot institutlari talabalari uchun



Yüklə 7,49 Mb.
səhifə25/43
tarix12.08.2023
ölçüsü7,49 Mb.
#139224
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   43
Tibbiyot institutlari talabalari uchun

V bob HAZM QILISH TIZIMI.
Hazm qilish a'zolarining sekret ishlab chiqarish va harakat funksiyalari juda murakkab jarayon bo'lib, u gormonlar va nerv tizimi orqali boshqariladi. Gormonlar me'da, ichak, me'da osti bezi va boshqa a'zolar tomonidan ishlab chiqariladi. Bu gormonlarga gastrin, holesistokinin, sekretin, interoglukagon, motilin, samostatin, insulin va boshqalar kiradi. Hazm a'zolari og'iz bo'shlig'idan boshlab, me'da, meda osti bezi, ichaklar bilan tugaydi.
Umumiy tekshirish usullari
Og'iz bo'shlig'i va halqumni tekshirish.
Og'iz bo'shlig'ini ko'rish shpatel yoki qoshiq yordamida bajariladi. Ko'zdan kechirish tartib bilan olib boriladi. Avvalo labning ichki yuzasi, tish, milk, lunjni ichki yuzasi, tilning yonlari va ostki yuzasi, tanglay, tanglay tili, yutqining orqa devori ko'riladi. Og'izni orqa tomonidan chuqur joylashgan a'zolari ko'rishda til shpatel yordamida engil bosilib bemordan "a-a" deyish so'raladi. Bu vaqtda bis a'zolari simmetrik joylashganligiga ahamiyat berishimiz kerak.
Labni ko'rganda uni quruq namligiga, yaralarga, tugunlarga, yorilishiga diqqatni qaratishimiz kerak.
Ko'zdan kechirganda labda oddiy uchuq - (herpes labialis) toshganligini ko'rishimiz mumkin (grip, pnevmoniya). Lab bichilishi - og'iz burchagida teri yumshab yoriladi va keyinchalik eroziya va yara hosil bo'lishi mumkin. Labda allergik tipdagi angionevrotik shish bo'lishi mumkin.
Tishlar
Ularning miqdoriga, rangiga, shakliga, joylashishiga, kariesiga (qurtlashiga) diqqatni qaratamiz. Tish kasallanganda chaynash buziladi, yahshi chaynalmagan ovqatni yutish esa kasallikkka olib keladi.
Milk.
Milkka hos bo'lgan, milkni yumshab undan qon oqishi va yallig'lanishi - paradontit bo'lib u "C" etishmovchiligida va boshqa gematologik kasalliklarni vaskulit belgisi bo'lishi mumkin.

Til.
Tilning ko'rinishi, kattaligi, karashligi (oq, kulrang, qo'ng'ir, jigarrang), silliqlanganligi faqat hazm tizimini kasalliklari uchun ahamiyatli bo'lmasdan, balki boshqa ko'p kasalliklarning, ayniqsa qon kasalliklarining ham belgisi hisoblanadi. Asab kasalliklarida va til osti nervi shikastlanganda asimmetriya bo'lib, til qiyshayadi va uni chiqarish va tortib olishi qiyinlashadi.


Tilni kattalashishi (makroglossiya) ayrim kasalliklarda (amiloidos) bo'lib, chetlariga tish izlari tushib qoladi va bunda chaynash va yutish qiyinlashadi.
Me'yorida tilning rangi pushti bo'lib uning yuzasida so'rg'ichlari rivojlangan bo'ladi. Ko'pchilik sog'lom odamlarda tilning yuzasi ertalab kulrang- oqish modda qoplangan bo'ladi, og'izni chaygandan yoki ovqatlangandan so'ng u yo'qoladi. Karash ko'pincha chekuvchilarda rivojlangan bo'ladi. Tilni ko'rganda uning rangi bilan birga shilliq qavatining tuzilishiga ahamiyat berish kerak. Riboflavin, nikotin va folat kislotalari, В12 vit, piridoksin temir tanqisliklarida so'rgichlari yo'qolgan, og'riqli, silliq loklangan tilni ko'ramiz.
Gunter tili - to'q-qizil rangli silliq yaltillagan vit B12 va folat kislatasi tanqisligida bo'ladi.
Gunter til - so'rg'ichlar saqlangan (shishgan va hiralashgan) soha bilan, so'rg'ichlar yo'qolgan silliqlashgan sohani almashinib turishi.
Til yorilgan, yarali, quruq bo'lishi mumkin.
Bodomsimon bezlar yoki murtaklar - limfoid to'qimadan hosil bo'lib organizmda himoya va qon ishlab chiqarish vazifasini bajaradi.
Murtaklari rangiga simetrikligiga, shishganligiga, yaraliligiga va kattalashganligiga diqqatni qaratish kerak. Ayniqsa uning kattaligiga ahamiyat berish kerak, chunki surunkali tonzillit ko'p kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omil bo'lib hisoblanadi.
So'lak bezlarining gipofunksiyasida og'izda qurish seziladi (kserostomiya). Kserostomiya, kseroftalmiya va quruq keratokonyunktivti bilan birgalikda - Shegren sindromini tashkil qiladi.
Ogi'z bo'shlig'ini shilliq qavatini ko'zdan kechirganda uning rangiga, yaralar borligiga, tugunchalariga, oq dog'lar borligiga ahamiyat beriladi.Yaralar atrofi stamatitda (avitaminoz, antibiotikalarni asorati, o'tkir leykozda va agranulositoizda) rivojlanadi.
O'tkir yuqumli kasalliklarda lunjda oq dog'bo'lishi qizamiq belgisi bo'lib diagnoz qo'yishda katta ahamiyatga ega.
Shilliq qavatni sariq rangga bo'yalishi giperbilirubinemiya belgisidir.
Yuqori nafas yo'llari kasalliklarida ko'pincha bemorlar tomonidan og'riq borligiga va u yutinganda kuchayishiga shikoyat qiladilar.
Bu yutinish muskullarni yalig'lanish jarayoniga tortilganligidan dalolat beradi.
Bunda bemorlar qattiq ovqat yutganda qalqib ketadilar, keyinchalik bu suyuq ovqatda ham takrorlanadi.
Qizilo'ngachni tekshirish. Shikoyatlari
Qizilo'ngach kasalliklarida bemorni shikoyatlarini o'rganish juda katta diagnostik ahamiyatga ega. Bemorlar qizilo'ngach kasalliklarida quydagilarga shikoyat qiladilar.
-Qizilo'ngachdan ovqat o'tishini qiyinlashishi (disfagiya)
-Zarda (jig'ildon qaynashi).
-Og'riq
Disfagiya - yutunishning qiyinlashishi, qizilo'ngachdan ovqat o'tishini qiyinlashishi. Halqun disfagiyasi ovqat bo'lagini yutayotganda paydo bo'lib, u halqumni nerv-muskul funksiyasini buzilishidan kelib chiqadi. Ovqat halqumda yoki to'sh orqasida turib qolgandek bo'ladi. U ko'pincha o't qopida tosh bo'lmaganda, yurak kasalliklarida, isteriyada (glomus hyusterikus) (yolg'on disfogiya) kuzatiladi. So'rash orqali organik va funksional disfagiyani farqlab olamiz. Funksional disfagiya vaqti-vaqti bilan qattiq ovqatga nisbatan qiyinchilik bilan o'tadi.
Disfagiyaning sabablari bo'lib uning shilliq qavatini chandiqlanishi, ahalaziyasi yoki harakatining buzulishi, qizilo'ngach o'smasi bo'lishi mumkin. Agar disfagiya organik bo'lsa u uzluksiz rivojlanib boradi.
Oldin quyuq ovqatlar o'tmaydi, keyinchalik suyuq ovqatlar va suv ham o'tmay qo'yadi. Yutunganda va qizilo'ngachdan ovqat o'tayotganda og'riq bo'lishi, qizilo'ngach kasalliklarining ancha jiddiy belgisi bo'lib hisoblanadi.
Og'riq doimiy yoki hurujli bo'lishi mumkin.
Qizilo'ngachdan ovqat o'tayotganda ogriq kuchayib to'sh orqasidan elkaga, bo'yinga ko'krak qafasining chap tomoniga tarqalishi va yuraksanchiqqa o'xshash belgini berishi mumkin. To'sh orqasidagi og'riqqa ko'pincha qizilo'ngachning qisqarishi, me'da-qizilo'ngach refleksi, qizilo'ngachning yorilib ketishi, me'da kardial qismining ahalaziyasi, diafragma qizilo'ngach teshigining churrasi sabab bo'lishi mumkin.
Jig'ildon qaynashi - meda mahsulotini qizilo'ngachdan chiqishi natijasida to'sh orqasida achchiqlik sezish yoki achishish bo'ladi.
Qizilo'ngach torayganda ovqat toraygan joy yuqorisida to'planib antiperistalitka harakati vaqtida qizilo'ngach qusishi sifatida tashqariga chiqarib tashlanadi. U me'da qusishidan farq qilib unda: ko'ngil aynash, qusuq nordon hidga ega bo'lmidi va o'zgarmaydi. Ba'zan qusish mahsuloti qon aralash bo'ladi, uning sababi qizilo'ngach o'smasi yoki variko'z kengayib ketgandan venaning yorilib ketganligi bo'lishi mumkin.
Fizikal va qo’shimcha tekshirish usullari.
Bemorni ko'zdan kechirishda ko'p ma'lumot olib bo'lmaydi, chunki qizilo'ngach bevosita ko'rinmaydi. Umumiy ko'rinishda bemorni ozib ketganligi yoki ko'krak va qorin sohalarida bo'rtib chiqqan venalarni ko'rishimiz mumkin. Rentgenologik tekshirish ba'zan hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lmaydi. Sulfat bariy ichirish yo'li bilan qizilo'ngach shilliq qavatining relefi, uning harakat faolligi, kattaligi, konturuning o'zgarishi (kengayishi, qing'ir qiyshiqligi, o'sma jarayonlari) aniqlanadi.
Ezofagoskopiya - endoskop yordamida qizilo'ngachni tekshirish ancha sezgir usul hisoblanadi. Ko'pincha u qizilo'ngachdan qon ketganda qo'llaniladi, o'sma yoki venadan qon ketganligini aniqlash uchun.
Qizilo'ngach muskullarini qisqarish faoliyatini aniqlash uchun qizilo'ngach monometriyasi o'tkaziladi.
Refleyuks ezofagit
- nordon me'da mahsulotlarini yoki xattoki ishqoriy ingichka ichak suyuqligini qizilo'ngachga chiqarish hisoblanadi. Bu esa qizilo'ngach shilliq qavatini eroziyasiga yoki yarasiga olib keladi.
Bemorlar to'sh orqasida og'riq yoki achishishdan shikoyat qiladilar. Bu ayniqsa sovuq va issiq ovqatlar eganda kuchayadi. Vertikal holatda engillik bo'ladi.
Qizilo'ngach kardial qismining axalaziyasi
-uning qisqarish faoliyatining buzilishi bo'lib, reflektor ochilishi qiyinlashadi, natijada qizilo'ngachdan me'daga ovqat tushishi qiyinlashadi. Sfinkter tonusi oshib ketadi va qizilo'ngach pastki qismi ancha kengayadi. Bemorlarda asta - sekin disfogiya rivojlanadi, kekirish va to'sh orqasida og'riq bo'ladi.
Ba'zan u belgilarsiz kechadi va to'satdan qattiq disfagiya kelib chiqadi. 90% bemorlarda tana vaznining kamayib borishi kuzatiladi.
Qorinni tekshirish.
Qorinni tekshirish ko'rishdan boshlanadi. Hona iliq bo'lishi kerak. Vrach bemorning o'ng tomonida bo'lishi maqsadga muvofiq. Qorinni ko'rganda uning o'lchamiga, shakliga, simmetrikligiga, terilaridagi patologik o'zgarishiga, hamda nafas olishda ishtrok etishiga diqqatni qaratishimiz kerak. Qorinni kattalashishi: semizlikda, meteorizmda, asitda, homiladorlikda, qorin bo'shlig'ida o'smalar bo'lganda, gepatomegaliyada, splenomegaliyada kuzatiladi.

23-Rasm- Ascitda kindik churrasi.

Qorin bo'shlig'idagi shish, umumiy shish sindromida yoki chegaralangan - portal gipertenziyada bo'lishi mumkin. Qorin shakli yassi yoki shuqur kirib ketgan bo'lishi mumkin. Asteniklarda agar u ancha ozib ketgan bo'lsa ingichka ichakning peristaltikasi ko'rinib turadi. Epigastral sohada esa qorin aortasi pulsasiyasi ko'rinadi, portal gipertenziyada teri osti venalarining kengayganligi "meduza boshi" ko'zga tashlanadi.


Paypaslash (palpasiya).
Qorin bo'shlig'i a'zolarini kasalliklarida paypaslash usuli asosiy diagnostik usul hisoblanadi. Bu usulni birinchi tartib bilan yo'lga qo'ygan olim V.P. Obrazsov hisoblanadi. 1887 yil. U biroz egilgan barmoq bilan qo'lni qoringa qo'yib teri va teri osti to'qimalar bilan birgalikda yuqoridan pastga qarab harakat qilish usulini yo'lga qo'ygan. Bu usul bilan qorin bo'shlig'idagi a'zolarni paypaslash "chuqur uslubiy sirpanuvchi paypaslash" deyiladi. Paypaslashda vrachning qo'li iliq bo'lishi kerak. Bemor yostiqsiz yotishi, ikki qo'lini yonga tushirishi va oyoq tizzalarini buklashi kerak. Shu vaqtda qorin muskullari bo'shashadi. Paypaslash vaqtida yuzi ifodasiga qarash kerak. Paypaslashda quydagilar aniqlanadi: har bir sohada og'riq borligi.
Qorin devori muskullarining taranglanishi (yallig'lanish belgisi hisoblanadi).
Har xil tuzilmalar terida va qorin bo'shlig'ida aniqlanishi mumkin.
Yuzaki paypaslash.
Yuzaki paypaslash odatda ikki qo'l bilan simmetrik sohadan boshlanadi, yuqorida yoizlgan belgilarni aniqlash uchun. Agar qorinda og'riq bo'lmasa paypaslash chap yonbosh sohadan boshlanadi va o'ng yonbosh soha, hamda yuqoriga ko'tarilib borib epigastral soha bilan yuzaki paypaslash tugaydi.
Chuqur paypaslash
Qorin bo'shlig'ida chuqur yotgan a'zolarni, tuzilmalarni paypaslashga imkon beradi. Chuqur paypaslashda panjani asta-sekinlik bilan har nafas chiqarganda botirib borish kerak. Shunda qorin muskullarining tarangligi kamayib boradi. Bu usulda a'zolar sirpanchiq paypaslanadi. Paypaslashni sigmasimon ichakdan boshlagan maqul, so'ngra ko'r ichak, yonbosh ichakning yuqori ko'tariluvchi va pastga tushuvchi qismlarini, ko'ndalang chambar ichak me’da va ohirida jigar va taloq paypaslanadi.
Sigmasimon ichak hamma sog'lom odamlarda paypaslanadi. U chov burmalariga paralel yotadi. Barmoqlar ichakka perpendikulyar qo'yib sigmasimon ichakka borib, so'ngra sirpanchiq paypaslash o'tkaziladi. Sigmasimon ichak biroz qattiq, silindrsimon, diametri 2-3 sm, og'riqsiz, quldiramaydi. Ko'richak o'ng yonboshda, silindrsimon, og'riqsiz, 2 barmoq yog'onligda, paypaslashda quldiraydi. Ichakning qolgan bo'laklari ham shu tartibda paypaslanadi.

24-Rasm- Yo’g’on ichakni pastga tushuvchi qismini paypaslash
Me'da epigastral sohaning har hil yuzasida paypaslash yo'li bilan topiladi. Me'daning katta egriligi kindikdan 2-3 sm yuqorida bo'ladi. Ba'zan me'dani paypaslashda o'smalar aniqlanadi.
To'g'ri ichak ko'rsatkich barmoqni orqa teshik orqali tiqish bilan aniqlandi. Bunda bovosiz, o'smalar, prostate bezi, bachadon, tuhumdon va infeltratlar aniqlanadi.
Tukillatish qorin nimadan kattalashganligini aniqlash uchun qo'llaniladi (assit, gaz, o'smalar).
Eshitish ichak peristaltika vaqtida tovush chiqaradi. Qorindagi suyiqlikni aniqlash uchun vrach bemorning bir yonboshiga kaftini qo'yib, ikkinchi qo'l bilan qarama - qarshi tomondan turtkisimon uradi, bu vaqtda suyuqlik to'lqini seziladi.
Qo'shimcha tekshirish usullari.
Najasni tekshirish: makro va mikroskopik, yashirin qon oqishiga, hamda bakteriologik tekshiriladi.
Makraskopik tekshirishda uning rangi, konsistensiyasi, shakli, xidi, yiring borligi, tekinxo'rlar, shilliq, qon, hazim bo'lmagan ovqat qoldiqlari ko'riladi.
Axlatni jigarramg bo'lishi undagi sterkobilinga bog'liq. Jigar kasalliklarida ichakka o't tushmay qolganda najas kulrang-oqish bo'lib qoladi. Yog' so'rilmagan vaqtda najas "drojjali hamir" ga o'hshash bo'lib qoladi. (buzilgan so'rilish sindromi).
MIY ning yuqori qismidan qon oqqanda najas rangi qoramoyga (melena) o'shab qoladi. Temir preparatlari, vismut ichganda ham najas qora bo'ladi. MI traktining pastki qismidan qon oqqanda najas qizil qonga bo'yaladi (o'sma, bavosir, yarali kolit).
Najasni mikroskopik tekshirganda eritrositlar, makrofaglar, tekinxo'rlar tuhumini, muskul tolalari, biriktiruvchi to'qima topilishi mumkin.
Najasda ko'p miqdorda muskul tolalari bo'lishi oqsillar hazm bo'lmaganda kuzatiladi. (kreatoreya). Ko'p miqdorda yog'lar bo'lishi (steatorya), ichakka o't tushmay qolganda, me'da osti bezi kasalliklarida aniqlanadi.
Kraxmalni ko'p bo'lishi (amiloreya) esa me'da osti bezi faoliyati buzilganda ko'riladi.
Najasni yashirin qon ketishiga aniqlash hazm yo'llarining har xil kasalliklari tashxisi uchun kerak. Ko'pincha yo'g'on ichak o'smasida natija musbat bo'ladi. Bu tekshiruvchi har xil kunda uch martaba tekshirish kerak. Ichak kasalliklarini qo'zg'atuvchisini bilish uchun bakteriologik tekshiruv o'tkaziladi.
Endoskopik tekshirish.
Me'da-ichak yo'llari endoskop yordamida ko'rishdan tashqari, uning shilliq qavatidan biopsiya olish va mikroskop ostida tekshirish imkonini beradi. Qizilo'ngach me'da o'n ikki barmoqni tekshirish fibroezofagogastroduodenoskopiya deyiladi.

Bu usulni yangi bir shakli kapsula endoskopiya bo’lib, 20 mm kattalikdagi kapsula shaklidagi yoritgichga ega bo’lgan elektron blokni bemor og’iz orqali qabul qiladi. Kun davomida bemorni oshqozon- ichak tizimida kapsula xarakatlanib, shilliq qavatlar xolati va tasviri bemorni cho’ntagidagi qabul qiluvchi blokka uzatilib, maxsus magnit disketga yoziladi va uni vrach kompyuterda taxlil qiladi.


Zamonaviy endoskopiya usullaridan biri qo’shaloq (dablbalon) ballonli endos-
kopiya bo’lib balonlarga navbatma – navbat havo yuborilib, endoskop oshqozon –ichak bo’ylab to’liq xarakat qiladi va ular xaqida to’liq endoskopik malumot beradi.
Punktsion biopsiya, yara va jigar kasallarida hilekobakter pilorini aniqlash usullari; ureazan sinamasi va xozirgi vaqtda noinvazion kompyuter yordamida taxlil usullari mavjud.
Yo'g'on ichakni (ko'r ichak bilan birgalikda) tekshirish kolonoskopiya deyiladi. BU usulda ham fibroskop qo'llaniladi. Tekshirishdan oldin ichak tozalanishi kerak. To'g'ri va siqmasimon ichakni tekshirish (rektoromonoskopiya) deyiladi.
Me'da shirasini tekshirish
Me'daga ingichka zond yuborilib nahorgi shira olinadi, so'ngra har 15 daqiqa 4 porsiya bazal shira ajratib olinadi, keyin stimulyator yuborilib yana 4 porsiya shira ajratib olinadi. Bunda umumiy xlorid kislota, erkin chlorik kislota va bog'langan chlorid kislotalar aniqlanadi. Meyorida umumiy chlorid kislota 12 mm ol/soat, o'rtacha 2-3 mmol/soat bo'ladi. 12 barmoq ichak yara kasalligida bu ko'rsatkich ancha ortib ketadi. Me'da shirasini eng kuchli stimulyatori bo'lib gistamin va pentogastrin hisoblanadi.
Qon zardobida gastrinni aniqlash diagnostik ahamiyatga ega. U radioimmun usul bilan aniqlanadi. Me'yorida u 100-200 mg/1. Uning 600 mg/l dan ko'p bo'lishi (gipergastrinimiya) Zollinger-Ellison sindromida va pernitsioz anemiyada kuzatiladi.
Helikobacter pylorini aniqlash uchun ureas testi qo'llaniladi. Bunda biopsiya materialini olib mochevinali gelga joylanadi (bakteriya ureaza ishlab chiqaradi), va bir necha daqiqadan so'nd rang o'zgaradi.

Me'da va o'n ikki barmoq ichakni tekshirish.


Me'da va o'n ikki barmoq ichak kasalligiga duchor bo'lgan bemorlar qorinning yuqori qismidagi (epigastral) og'riqqa, dispeptik holatlarga, me'da-ichakdan qon ketishiga, ozib ketishga shikoyat qiladilar.
Og'riq.
Odatda me'da va o'n ikki barmoq ichak kasalligi paydo bo'lganda og'riq epigastral sohada joylashgan bo'lib, u doimiy yoki hurujli harakterga ega bo'ladi. Bunda ovqat egandan so'ng ma'lum vaqt o'tgandan so’ng bo'ladiga hurujli og'riq ancha hos hususiyatga ega.
Erta va kech paydo bo'luvchi og'riqlar farqlanadi. Erta paydo bo'luvchi og'riqlar me'da kasalligi bilan bog'liq bo'lib u 30-60 daqiqadan so'ng vujudga keladi. Bunday og'riqlar 1,-1,5 soat davom etib, keyin me'dadan o'n ikki barmoq ichakka ovqat o'htishi bilan pasaya boshlaydi.
Kechki og'riqlar o'n ikki barmoq ichak patologiyasi bilan bog'liq bo'lib u ovqat egandan so'ng 1,5-3,0 soat o'tgach hosil bo'ladi. Ovqat egandan so'ng susayuvchi, ochlik og'rig'i va kechasidagi og'riq bo'lishi mumkin.
Bundan tashqari bemorning umumiy holatiga tasir qiluvchi simillab og'riydigan og'riqlar bo'lishi mumkin.
Og'riq paydo bo'lishiga ovqatning miqdori va hususiyati, issiq-sovuqligi ta'sir qilishi mumkin.
Bemorlar qorinning yuqori qismida bosim sezish og'irlikni his qilishga, qorinni dam bo'lishiga shikoyat qilishlari mumkin.
Dispeptik sindrom.
Dispepsiya – sabablar qatiy nazar hazm qilishni buzilishi bilan kechadigan umumiy tushuncha.
Me'da dispepsiyasi - (jig'ildon qaynashi, kekirish, ko'ngil aynishi, qusish epigastral sohada og'irlik va og'riq sezish) va ichak dispepsiyasi bo'lishi mumkin.
Dispepsiyalar organik va funksional bo'lishi mumkin. Organik sabablari: reflyuks ezofagit, yara kasalligi, gastrit, surunkali pankreatit, o't-tosh kasalligi, me'da o'smasi kiradi. Yuqorida qayd qilinganlardan tashqari dispepsiya holatlari yuqumli kasalliklar, zaxarlanish, har hil dorilarni ichish, nerv tizimini kasalliklari olib kelishi mumkin.
Funksional dispepsiya.
Halqaro kriteriyalarga asosan funksional dipepsiya quyidagi kriteriyalarga javob berishi kerak.
- Doimiy yoki qaytalanuvchi dispepsiya borligi.
- Organik kasallik yo'qligi (FEGDS da ham).
- Dispepsiya holatining ich kelishiga bog'liq bo'lmasligi.
- Yil davomida dispepsiya holatining haftalab davom etishi.
Shunday qilib bemorga funksional dispepsiya qo'yish uchun organik dispepsiyani istisno qilish kerak.
Funksional dispepsiya uch hil variantda kechadi:
Yarasifat - og'riq sindromi bilan epigastral sohada.
Diskinetik variantda - me'dani tez to'lib qolishi, diskomfort, ko'ngil aynishi, ayrim mahsulotlarni yoqtirmaslik kabi hollar bo'ladi.
Nospesifik dispepsiya uchun qaytalanuvchi kekirish, qorinni dam bo'lishi, ko'ngil aynish harakterli. Stressda bu hollar og'irlashadi.
Sindromning alohida komponentlari.
Ko'ngil aynishi - epigastral sohada adashgan nerv ta'sirlanishiga bog'liq bo'lgan o'ziga hos nohush sezgi. Me'da kasalligida ko'ngil aynash og'riq bilan birga keladi, va ko'pincha qusishdan oldin paydo bo'ladi.
Ko'ngil aynishi markaziy shartli reflektor tarzida ham bo'lishi mumkin. Ammo me'da kasalliklarida odatda ovqat egandan so'ng paydo bo'ladi.
Qusish - qorin muskullarini qisqarishi va nafas muskullarini harakati nahtijasida me'da mahsulotini qizilo'ngach orqali og'iz bo'shlig'iga va undan tashqariga chiqarib tashlash. Ko'pincha u ko'ngil aynash, qorindagi og'riq va so'lakning ko'p ajralishi bialn birga keladi. Me'da kasalligida qusgandan so'ng og'riq to'htaydi.
Bemorlarda qus\ishni ovqat eyish bilan bog'liqligini, paydo bo'lish vaqtini va og'riqliligini aniqlash kerak.
Surunkali gastritlarda ertalabki nahorga ko'p shilliq ajralishi xos. (ayniqsa ichuvchilarda).
Ovqat egandan 10-15 daqiqa o'tgandan so'ng.
Qusish me'da kardial qismining o'smasida, yara kasalligida, hamda ayrim vaqtlarda surunkali gastritlarda kuzatiladi.
Yara yoki o'sma me'da tanasida joylashgan bo'lsa bemor ovqat eganda 2-3 soat o'tgach qusadi.
Yara me'daning pilorik qismida yoki o'n ikki ichakda barmoq joylashgan bo'lsa bemor 4-6 soatdan so'ng qusadi.
Bemor qusgan vaqtda 1-2 kun oldin eyilgan ovqat qaytib tushsa me'da chiqish joyining torayishi (stenozi) uchun juda hos.
Qusish mahsulotini hususiyati alohida ahamiyatga ega. Me'dadan qon oqqanda qusish masuloti "kofe quyqasiga" o'hshgab qoladi.
Chirigan hidli qusuq me'da chiqish joyining stenozida ovqatni me'dada turib qolishidan vujudga keladi.
Bundan tashqari markaziy qusish kuzatiladi, u kallaning ichki bosimi oshib ketganda, miya po'stlog'i ta'sirlanganda, isteriyada bo'lib, to'satdan ko'ngil aynishisiz paydo bo'lib, qusishdan so'ng bemorda engillik sezilmaydi.
Kekirish - to'satdan beihtiyor me'dadan gazni og'iz bo'shlig'iga chiqishi (havo bilan kekirish), yoki oz miqdordagi me'da mahsulotlarini chiqishi (regurgitasiya).
Me'dadan gaz chiqishi aerofogiyaga hos, bu holat noto'g'ri ovqatlanganda, nevro'zlarda bo'ladi. Me'da ovqat turib qolganda achishish jarayoni bo'lib gaz to'planadi, kekirish vaqtida bu gaz hidsiz bo'lishi mumkin yoki qizigan yog' hidi kelishi mumkin. Agar ovqatni chirishi bilan kechsa u holda kekirganda og'izdan palag'da tuhumni hidi keladi.
Gipersekresiyada nordon kekirish bo'ladi. Achchiq kekirish o'tni o'n ikki barmoq ichakdan me'daga tushishida paydo bo'ladi. Bunda bemor tilida achiqqlik seziladi.
Kekirganda me'da mahsuloti nafas yo'llariga tushib bemor qalqib ketishi yoki yo'talishi mumkin.
Ishtahani buzilishi - ko'pincha me'da va o'n ikki barmoq ichak kasalliklarida bo'ladi. Me'da sekresiyasi kamaygan vaqtda ishtaha pasayadi.
Anoreksiya - ishtahaning butunlay bo'lmasligi, ko'pincha ayrim mahsulotni yoqtirmaslik bilan birga kelib me'da
o'smasining belgisi bo'lishi mumkin.
Ishtahani kuchayishi yara kasalligida, ayniqsa o'n ikki barmoq ichak yarasida kuzatiladi. Ba'zi vaqtlarda (anemiya, homiladorlik) ishtahaning o'zgarishi kuzatiladi. Bunda bemor ko'mir, bo'r eyishga moil bo'ladilar.
Me'da ichakdan qon ketishi.
Bu belgi jiddiy bo'lib, tez yordam ko'rsatish zarur. Bunga sabab bo'lib yara kasalligi, me'da eroziyasi, qizilo'ngachdagi varicoz kengaygan venalarning yorilib ketishi (portal gipertenziyada), me'da o'smasi hisoblanishi mumkin. Ko'pincha qon qusish mahsulotida yoki melena hilida namoyon bo'ladi. Qon me'dada ko'p turib qolsa gemoglobin kislota tasirida gemoglobin gematinga aylanadi va "kofe quyqasini" eslatadi.
Me'da va o'n ikki barmoq ichak kasalliklarida ko'pincha bemorlar ozib ketishga shikoyat qiladilar.
Bu vaqtda bemorlardan ishtahasi o'zgardimi, qancha vaqtda ozib ketdi, najas odatdagidek keladimi, ko'ngil aynish, qusish og'riq bormi yoki yo'qmi, harorati ko'tarilganligini sezmadimi va h.k. so'rash kerak.
Kasallik anamnezi va hayot anamnezida bemorni ovqatlanish hususiyatini, ayniqsa muntazam tartibli ovqatlanishga o'rganganmi (betartib ovqatlanish me'da kasalligiga moillik yaratadi), hamda bemor qanday ovqatni yoqtiradi: (yog'liq, qovurilgan, achiqq sho'r hamirli), bir eyishda qancha miqdorda eydi, yahshi chaynab eydimi va shu kabilarni aniqlash kerak.
Kasallik o'tkir bo'lishi mumkin (gastrit) va surunkali qaytalangan bo'lishi (yara kasalligi) mumkin.(parxezni buzganda alkogol ichganda).
Me'da kasalligiga doimo uni dori ichish bilan bog'liqligini aniqlash kerak.
Ob'ektiv tekshirish.
Bemorni umumiy ko'rganda uning ozib ketganligini (kaxeksiyagacha), terisini oqarishi (atrofik gastrit me'da o'smasida) aniqlash mumkin. Og'iz bo'shlig'ini ko'rganda tilini karashligiga diqqatni qaratiladi. Yuzaki paypaslashda epigastral sohada og'riq va muskul tarangligini aniqlash mumkin (yara kasalligiga gastritda). Chuqur paypaslashda ba'zan me'daning katta egriligi va o'lchamdagi o'smalar aniqlanishi mumkin.
Xususiy patologiya
Gastritlar.
Klinik morfoligik belgilariga ko'ra o'tkir va surunkali gastritlar ajratiladi.
O'tkir gastrit buzilgan ovqat istemol qilinganda; (stufilokokk, salmonella), dorilar ichganda, ayniqsa aspirin alergiyada, stress holatlarida (kuyish, jarohat, operatsiya) vujudga keladi. Bu vaqtda ko'proq eroziv gastrit kuzatiladi.
Klinikasida: epigastral sohada og'riq, dispeptik holatlar (ko'ngil aynish, qusish shilliq bilan) kuzatiladi. Bu holat 6-8 soatdan so'ng boshlanadi. Me'da shilliq qavatining yoyilgan gipermiyasi ko'rinadi. Eroziv gastritda
qon ketishi mumkin.
Surunkali gastrit.
Surunkali gastrit - me'da shilliq qavatining surunkali yallig'lanishi, uning tuzilmasini o'zgarishi (arteriyasi) va harakat hamda shira ishlab chiqarish faoliyatini o'zgarishi bilan xarakterlanadi. Bu diognos odatda me'da shilliq qavatining biopsiya qilib gastrologik tekshirgandan so'ng qo'yiladi. Surunkali gastrit sabablari ichida oldingi o'rinni Helicobacter pilori egallaydi, hamda mikrobsiz omillar (alkogol, o't, dorilar, autoantitela va b).
Klinik ko'rinishi - belgisiz bo'lishi mumkin. Ammo ko'pincha epigastral sohada og'riq, dispeptik holatlar: kekirish, ko'ngil aynish, qusish, ishtahani buzilishi,qorinni dam bo'lishi, quldirash, meteorizm, normal yoki yuqori sekretor faoliyati kuzatiladi gastrit bilan atrofiyali gastrit ancha farq qiladi.
Yuqori sekretsiyali gastritga jig'ildon qaynashi, nordon kekirish, epigasral sohada og'irlik va simillagan og'riq (ovqatdan so'ng) (bazan tungi "ochlik" og'riqlari bo'ladi).
Shira ajratish etishmovchiligida epigastral sohada simillagan og'riq, ko'ngil aynish, ishtahani pasayishi, og'izda nohush tarn sezish, palag'da tuhum hidi bilan kekirish, vitamin etishmovchiligi belgilari, ba'zan demping-sindrom bo'ladi.
Yakuniy diagnoz gastrit tekshirish va EGDFS dan keyin qo'yiladi. Helicobacter pilorini topish juda muhim.

Me'da va o'n ikki barmoq ichak yara kasalligi.


Kasallik me'da va o'n ikki barmoq ichakda peptik yara hosil bo'lishi va shilliq qavatni shikastlanishi bilan tariflanadi. Yara kasalligida uzoq vaqtga cho'ziluvchi og'riq va dispeptik sindrom bo'ladi. Kasallik davriy kechadi: qo'zg'alish davri remissiya davri bilan almashinib turadi. Kuz va bahor oylarida kasallikning zo'rayishi harakterli.
Etiologiyasi va patogenezi.
Hozirgi zamon tushunchasi bo'yicha yara kasalligini rivojlanishida agressiv omillar bilan shilliq qavatning himoya omillari o'rtasidagi muvozanatning buzilishi katta ro'l o'ynaydi.
Agressiv omillarga: xlorid kislotasi, pepsin, o't kislotalari, Helicobacter pilori, alkogol, nospesiftik yalig'lanishga qarshi dori vositalari kiradi.
Himoya mehanizmi: shilliq – bikarbonat, prostoglandin, shilliq qavatining muntazam regenerasiyasini o'z ichiga oladi.
Immun buzilishlar ham ma'lum ahamiyatga ega. Bundan tashqari irsiy moyillik katta ahamiyatga ega.
Me'da yarasida xlorid kislota normada yoki past bo'ladi. Me'daga o't tushishi ham himoyani susaytiradi. O'n ikki barmoq yara kasalligida kislota - peptik omil katta ro'l o'ynaydi.
Prostoglandinlar me'da shilliq qavatining himoya qilishda markaziy ro'l o'ynaydi. Ular agressiv omillardan saqlaydi.
Prastoglandinlarni siklooksigenaza fermenti (tsog) ishlab chiqaradi. Ular organizmda 2 hil formada uchraydi tsog-1 va tsog-2.
Tsog-1 me'dada buyrakda, trombositlarda, endoteliyada uchraydi. Hujayra yallig'langanda Tsog-2 induksiyasi qilinadi, uning tasirida me'da shilliq qavatining himoya funksiyasi susayadi.
Klinik ko'rinishi-ovqat qabul qilish bilan bog'liq bo'lgan qorindagi og'riq va dispeptik holat.
Og'riq epigastral sohada bo'lib, ko'pincha orqaga tarqaladi (u me'daning orqa devori yarasi uchun hos).

25-Rasm- Me’da yara kasalligidagi majburiy vaziyat
Og'riqning 30-40 daqiqadan so'ng boshlanishi me'da yarasi uchun hos bo'lib, 3-4 soatdan so'ng bo'lsa o'n ikki barmoq ichak yarasi uchun hos bo'ladi. Og'riq hurujida qusish kuzatilishi mumkin. Ko'pincha yaraning zo'rayishi qabziyat bilan kechadi (ayniqsa o'n ikki barmoq ichak yarasida). Bundan tashqari jig'ildon qaynashi va kekirish bo'lishi mumkin.
Asbobiy tekshirish.
Yara kasalligi diagnostikasining asosiy usuli bo'lib - fibroezofagogastroduodenoskopiya hisoblanadi. Bu usul yaraning joylashishi, o'lchami, hamda biopsiya materiali olishga imkon beradi.
Me'daning kislota ishlab chiqarish vasifasini
tekshirish.
Buning uchun fraktsion zo'nd qo'llaniladi. 12 barmoq ichak yara kasalligida sekretor faoliyatining ortishi kuzatilib bundan tashqari ingichka ichak rezeksiysida, giperkalsemiyada, bosh miya jarohatida, pankreatitda, me'da osti bezi o'smasida (Zollinger-Ellison sindromi) kuzatiladi.
Yara kasalligining asoratlari
Yara kasalligining asoratiga (20% bemorlarda bo'ladi) yaraning teshilishi, qon ketishi, me'da chiqish joyining stenozi, yon a'zolariga penetrasiya bo'lishi, malignizatsiya (rakka aylanish) kiradi. Yara kasalligini davolanishda kislotali oshqozon shirasini neytrallash va SHNS me'yoriga keltirish katta ahamiyatga ega.
Agar Helicobacter pilori topilsa uni yo'q qilishga qaratilgan terapiya o'tkaziladi (eradikatsiya).
Eradikatsiya 85-90% bemorlarda yordam beradi.
Oshqozon o'smasi (raki).
Etiologiyasi nomalum, lekin atrofik gastrit, me'da polipi, gastrektomiya bo'lgan bemorlarda moyillik bo'ladi. Shikoyatlari ishtahani susayishiga yoki yo'qligiga, ko'ngil aynish, holsizlik, tez charchab qolish, ayrim ovqatlarni yoqtirmaslik, qusish, epigastral sohada og'irlik sezish. Bu bemorlarda klinik belgilari yara kasalligiga o'hshaydi. Bemorlar tez ozib ketadi, kamqonlik rivojlanadi.
Ko'pincha kasallikning birinchi belgilari metastaz bo'lgandan keyin aniqlaandi.
Obektiv tekshirish (ko'zdan kechirish, paypaslash, tukillatish) faqat o'smaning ohirgi bosqichlarida aniqlash imkonini beradi.
Asbobiy tekshirishda asosiy usul FEGDFS bo'lib, uning yordamida bioptat olib morfologik tekshiriladi. Qon analizida 2/3 bemorlarda temir tanqisligi anemiyasi va SOE ni tezlashishi aniqlanadi.
Ichak.
Shikoyatlari,so’rab surishtirish
Ichak kasalligida bemor qornida og'riqqa, qorinni dam bo'lishiga, ich ketishiga, qabziyatga, najasda ayrim patologik birikmalar borligiga shikoyat qiladilar.
Og'riqqa shikoyat qilganda uning joylashishini, joyini o'zgartirishni bilish kerak. Og'riqni qanday paydo bo'lganligini (to'satdan yoki asta-sekin) aniqlash diagnostik ahamiyatda ega.
Qorindagi og'riq vistseral yoki aks etuvchi bo'lishi mumkin. Vistseral og'riqlar kindik a'zolarini spastik qisqarishidan yoki cho'zilishidan kelib chiqadi. Vistseral o'z hususiyatiga qarab simillagan, kuydiruvchi, kesuvchi bo'lishi mumkin. Jadal og'riqlar terlash, oqarish, ko'ngil aynish, qusish, bezovtalanish bilan kuzatiladi.
Meteorizm- ichakda gaz toplanishi hisobiga qorinni dam boilishi. Bu vaqtda qanday ovqat maxsulotlari qorinni dam bo'lishiga olib kelganligini aniqlash kerak (sut, sut mahsulotlari - laktaza etishmaganda).
Diareya (ich ketishi)- najasni tez-tez va suyuq kelishi. Bir sutka davomida ichakdan 9- 10 marta suyuqlik o'tadi, ular ingichka va yo'g'on ichaklarda so'riladi va ohiri 200 g. Najas qoladi. Diareyaning turlari kelib chiqish mehanizmiga qarab ko'p bo'ladi.
Gipermator diareyga -ichakning harakat faoliyati oshganda kuzatiladi.
Osmotik diareya - sekresiyani ichak ichiga stimulyasiya qiladigan moddalar ishlab chiqaradi (garmonlar, bakterial toksinlar).
Yallig'lanish diareyasi - ichak infeksiyalarida, surunkali ichak kasalliklarida kelib chiqadi.
Kechishi bo'yicha o'tkir va surunkali diareyalar farqlanadi.
O'tkir diareya to'satdan bir sutkada 3 martta ich kelishi bo'lib hisoblanadi.
Uning sabablarti bo'lib o'tkir ichak infeksiyalari (virusli yoki parazitlar), ovqatdagi toksikoinfeksiyalar, zaharlanishlar, endogen zaharlar (uremiyada).
Bu vaqtda bakteriologik tekshirish o'tkazish kerak.
Surunkali diariya (1 oy davomida sutkada 3 marttadan ko'p ich ketishi). Buning sabablari juda ko'p. Ichakni yallig'lanish kasalliklari: NYAK: Kron kasalligi. Surgi dorilarni ichish antibiotiklar havfli o'smalar, sistemali kasalliklar: OITS, gipertireoz, meda osti bezining ekzokorin etishmovchiligi, lyamblioz va h.k.
Qabziyat - ichakni sekin qiyinchilik bilan yoki doimiy to'liq bo'shamasligi. Qabziyatga ko'pincha ovqatlanish buzilishi, kamharakatlik, ayrim dorilarni qabul qilish, o'smalar, asab kasalliklari (Parkinson kasalligi, orqa miya shikastlanishi, depressiya, dementsiya, anoreksiya olib kelishi mumkin. Qabziyatga shikoyat qiluvchi har bir bemorga proktosigmoskopiya va najas analizini o'tkazish kerak.
Najasda patologik birikmalar bo'lishi mumkin (shilliq, qon yiring). Najasning qora kelishi - melena ichakdan qon ketish belgisi indichka va yo'g'on ichak patalogiyasidan dalolat beradi. Yiring yo'g'on ichakni yarali shikastlanishida ( ichburug', ichak sili, o'smaning yemirilishida ) kuzatiladi.
Bemorni ob'ektiv tekshirish.
Umumiy ko'zdan kechirishda qorinning shakli, teri xolati, teri osti yo'g' qavati baholanadi. lchak kasalliklaridа кo'pincha qorin dam bo'lishi mumkin .
Paypaslash yuqorida keltirilgan, umumiy qoidalar bo'yicha olib boriladi.
Qo'shimcha tekshirish usullaridan endoskopiya va biopsiya qilinadi. Rentgenologik tekshirish odatda contrast modda yuborib tekshiriladi. Buning uchun sulfat bariyning suvdagi eritmasi qo'llaniladi. Sulfat bariy 30-45 daqiqadan so'ng ingichka ichakka o'tadi, 3-6 soatdan keyin chambar ichakning yuqorida ko'tariluvchi qismida va bir sutkadan so'ng pastga tushuvchi qismida bo'ladi.
So'rilishni tekshirish.
Uning buzilishiga shubha bo'lganda o'tkaziladi. Buni tekshirish uchun ko'pincha bemorga D-ksiloza ichiriladi ( 25 gr ). Uning 5gr. 5 soat davomida siydik bilan ajralishi kerak. Agar kam ajralsa, so'rilishning buzilishidan dalolat beradi. В12 Vit. so'rilishini ham tekshirish mumkin. Jamlangan Vit В12 ichgandan so'ng uning siydikda ajralishi aniqlanadi.
Ko'pincha ichak kasalliklarida mikrositar (temir tanqisligida ) yoki makrositar ( folat kislota va Vit В12 tanqisligida) anemiya bo'lishi mumkin.
Umumiy oqsil miqdori yoki uning ayrim fraksiyalari albumin, globulin, trasferrin kamayishi mumkin. Xolesterin va protrombin ham kamayadi.

So'rilishning buzilish sindromi.


(Mal'absorbtsiya sindromi)
Mal'absorbtsiya sindromi - ingichka ichakda so'rilishning buzilishi - ozib ketish, gipovitaminoz, kamqonlik va gipoprotanemiya bilan kuzatiladi. Sababi - ovqat hazm bo'lishining qiyinligi, meda osti bezini ekskretor faoliyatining susayishi, o't kislotalarining etishmovchiligi. Bu vaqtda har xil moddalarning so'rilishi buzilishi mumkin: yog', oqsil, uglevod, mikroelementlar, vitaminlar, o't kislotalari va h.k.
Klinik ko'rinishi.
Bunda ayrim moddalar so'rilmasligi mumkin ( В12 tanqisligi anemiyasi ), lekin ko'pincha ovqatning bir necha komponentlari so'rilmaydi.
Ingichka ichak faoliyati buzilganda diareya, steatoriya, qorinnig dam bo'lishi
( meteorizm ), og'riq bo'lishi mumkin. Bundan tashqari tana vaznining kamayishi, shish, neyropatiya, og'iz shilliq qavatida yaralar, suyaklarda og'riq, telaniya kuzatilishi mumkin.
Hususiy patalogiya
Ingichka va yo'g'on ichak kasalliklari issiq o'lkalarda eng ko’p tarqalgan.
Ingichka ichakning yallig'lanish kasalligi - enterit deb ataladi. Yallig'lanmasdan kechadigan, lekin distrofik o'zgarish va hazmning buzilishi bo'lgan vaqtda - enteropatiya deyiladi.
Yo'g'on ichak kasalligi - kolit deb ataladi.
Enteritlar
Enteritlar o'tkir va surunkali bo'ladi. O'tkir enteritlar sababchisi har xil infeksiyalar,
Zaхаrlanishlar, buzilgan ovqat iste'mol qilish va shu kabilar bo'lib hisoblanadi.
Diareya va qorindagi og'riq asosiy klinik belgisi bo'lib hisoblanadi, lekin qusish va ko'ngil aynish ham kuzatilishi mumkin. Bemor zaxarlanishi natijasida umumiy holsizlik, loxaslik bosh og'rig'i, bo'g'im va muskullardagi og'riqlarga ham shikoyat qilishi mumkin. Degidratatsiya natijasida chanqash kelib chaqadi. Ich ketishi 3-4 martadan 10-20 martagacha ( 1 sutkada) bo'lishi mumkin.
Ko'rishda terisi oqargan, yuzi so'lg'in, tili quruq va karash bog'lagan bo'ladi. Qorin dam bo'lib, paypaslaganda ayniqsa o'ng tomonda og'riq va quldirash eshitiladi. Og'ir zaxarlanganda kollaps va tirishish bo'lishi mumkin.
Ayrim hollarda bemor yaxshi davolanmasa, u surunkaliga o'tishi mumkin.
Surunkali enterit ingichka ichakning qay darajada shikastlanishiga bog'liq.
Surunkali enteritda kasallkning qaytalanish va sog'ayish davrlari almashinib turishi kuzatiladi. Doimiy belgisi ich ketishi bo'lib, u erta saxarda yoki ovqat yegandan so'ng darhol boshlanadi. Najas ko'k, sarg'ish yoki yashil rangda bo'ladi. Najasda hazm bo'lmagan ovqat qoldiqlari bo'ladi ( steatoreya, kreatoreya, amiloreya ). Bemorni ko'zdan kechirishda ko'pincha trofik o'zgarishlar aniqlanadi. Tirnoqlarning shakli o'zgaradi, ular mo'rt bo'lib qoladi, soch to'kiladi, og'iz burchagi bichiladi.
Surunkali kolit (enterokolit)
Yo'g'on ichak yallig'lanishi: u o'tkir va surunkali bo'ladi. Surunkali kolit ichakning eng ko'p tarqalgan har xil ko'rinishdagi kasallik hisoblanadi. Ichakning mahalliy buzilishi ko'proq uchraydi. Bunda ich ketishi kuzatiladi. Bemorni kuchaniq bezovta qiladi.Qator xollarda ich ketishi vaqti-vaqti bilan ich qotishi bilan almashinib turadi. Ko'pincha bemorning qorni dam bo'lib, qorin og'rishi mumkin. Gaz chiqqandan so'ng og'riq bosiladi. Hazm qilishning buzilishi bilan bog'liq noxush belgilar paydo bo'ladi: ishtahaning o'zgarib turishi, tam sezishning buzilishi, kekirish, qorinning taranglashishi. Boshqa a'zolar faoliyati asta-sekin buziladi. Og'ir xollarda ozib ketish kuzatiladi, teri quruqlashadi, yupqalashadi: tirnoqlar mo'rtlashib sinadigan bo'lib qoladi.
Labaratoriya tekshiruvida gipoprotememiya, temir tanqisligi anemiyasi, gipovitaminoz, Ca+ almashinuvining buzilishi va boshqalar kuzatiladi. Rektoromanoskopiya yoki kolonoskopiyada eroziya, poliplar yallig'langan joyning shishishi va qizarishi aniqlanadi. Kasallikning kechishi davomli.

Yüklə 7,49 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   43




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin