Тil murakkab qurilishga molik bo‘lib, dastlab uning ikki holati – lison va nutq farqlanadi.
Lison – kishi miyasidagi til xotirasi qismida mavjud til birliklaridan va ulardan foydalanish qoidalaridan iborat boylik. Nutq esa ana shu boylikdan foydalanish jarayoni va shunday jarayonning hosilasi.
.
Lison kishi miyasidagi til xotirasi qismida mavjud mavhum hodisa bo‘lib, aql bilan idrok qilinadi; nutq esa ana shu mavhum hodisadan foydalanish jarayoni natijasida yuzaga keladigan moddiy hodisa bo‘lib, uni talaffuz birliklari sifatida eshitamiz (yozuvda esa ko‘ramiz).
Lisonda mavjud hodisalarga lisoniy birliklar deyiladi; lisoniy birliklar-ning nutq jarayoni natijasida moddiy shakl olgan holatiga nutqiy birliklar deyiladi.
.
Har bir kishining miyasidagi til xotirasi qismida lisoniy birliklarning va ulardan foydalanish qoidalarining ramzlari mavjud, har bir kishi ehtiyojga qarab bu ramzlardan foydalanib nutq hosil qiladi.
Ayrim adabiyotlarda til bilan nutq o‘zaro dixotomiya, oppozitsiya hosil etuvchi hodisalar deb qaralib, til <---> nutq tarzida baholanadi. Aslida til bilan nutq dixotomiyasi haqida, oppozitsiyasi haqida gapirish to‘g‘ri emas (dixotomiya yunoncha dicha – 'ikki qismga' + tome 'ajratish'; oppozitsiya lot. oppositio - 'qarama-qarshi holatda bo‘lish'), chunki til bilan nutq – butun bilan qism munosabatidagi hodisalar. Nutqqa muqobil holda ajratiladigan hodisa deb til emas, balki lison ta'kidlanishi lozim. Bu munosabatni chizmada quyidagicha ko‘rsatish mumkin:
Til
Lison
Nutq
.
Lison bilan nutq o‘zaro dixotomiya hosil etadi, lekin zidlanuvchi (oppozitiv) hodisalar emas, balki asos va hosila munosabatidagi hodisalar. Bunday munosabatni lisondagi boylikdan foydalanish jarayonini ham hisobga olgan holda quyidagicha chizma bilan ko‘rsatish mumkin:
Til
lison
lisondagi boylikdan foydalanish
nutq
.
Тil hodisasi dastlab nutqda paydo bo‘ladi, takror-takror ishlatilishi natijasida miyaning til xotirasi qismida bu hodisaning ramzi shakllanadi, keyinchalik ana shu ramzdan nusxa olib nutqiy birlik hosil qilinadi. Demak, asli til hodisalari nutqdan lisonga ko‘chadi va keyin-gina lisondan nutqqa olib chiqiladi. Bunday ikki tomonlama munosabatni chizmada quyidagicha aks ettirish mumkin:
Lisonda bor imkoniyatlar-gina nutqda voqelanadi, lisonning imkoniyatlari boy bo‘lib, nutqda uning ma'lum bir qismi-gina namoyon bo‘ladi deyishdan lison go‘yo azaliy, tug‘ma, mukammal degan fikr tushuniladi. Vaholanki hali tili chiqmagan go‘dakning miyasidagi til xotirasi qismida hech qanday ramz bo‘lmaydi; go‘dak nutqni egallay boshlaganidan keyin-gina miyasida ramzlar paydo bo‘ladi. Demak, lison azaliy (zot) emas, balki nutq asosida shakllanadigan, to‘ldiriladigan boylik. Тilning taraqqiyoti nutq yordamida voqe bo‘ladi. Har qanday yangilik, masalan, yangi leksema yasash, boshqa tildan leksema olish avvalo nutqda voqe bo‘ladi, bu yangilik til taraqqiyoti qonunlariga zid bo‘lmasa lisonda ramz sifatida muhrlanadi, ana shundan keyin lisondagi bu ramzdan nusxa olib nutq hosil qilinadi.
.
Yuqorida aytilgan mulohazalardan xulosa shuki, lisonni mutlaq, azaliy, birlamchi deb qarash asosli emas.
Тilni o‘rganish, o‘rgatish ham lison asosida emas, nutq asosida amalga oshiriladi, chunki bevosita kuzatishda berilgan hodisa – nutq. Nutqni kuza-tish orqali til qurilishini, til qurilishining lison deb ataladigan holatini anglashga harakat qilinadi. Тilshunosning tilni kuzatish, o‘rganish quroli – nutq. Тilga, lisonga xos hodisalarning mohiyati, bu hodisalar orasidagi munosabatlar nutqni kuzatish orqali aniqlanadi. Ushbu qo‘llanmada hozirgi ada-biy o‘zbek tilining qurilishi mavhum fikrlash yo‘li bilan emas, balki bevosita kuzatishda berilgan nutqiy hodisalar tahlili asosida bayon qilinadi.