“Tilshunoslikka kirish” fani tilshunoslikning asosiy masalalarini, tilning paydo bo‘lishi va til taraqqiyotidagi umumiy qonuniyatlarni, til tavsifi borasigi muhim jihatlarni o‘rganadi.
Til kishilar o‘rtasidagi munosabatning eng muhim quroli bo‘lib, jamiyat taraqqiyoti jarayonida shakllangan va umuminsoniy manfaatlarga xizmat qiladi. Tilning paydo bo‘lishi va rivojlanishi jamiyat taraqqiyoti bilan bog‘liq ekan, inson kamoloti haqida fikr yurituvchi barcha fanlarning o‘rganish manbayi tilga aloqador hisoblanadi .
Tilning tabiati, mohiyati kishilik jamiyatida bajaradigan vazifasi, strukturasi va bu strukturani tashkil etgan elementlarning o‘zaro munosabati, uning ichki mexanizmi, ishlash principlari kabi muhim masalalarni ilmiy o‘rganishni, tilni har taraflama tadqiq qilishni talab qiladi.
Til kishilik jamiyati mahsulidir. Tilsiz hech bir voqelik va hodisani, insonning tabiatda, jamiyatda tutgan o‘rnini, jamiyat taraqqiyoti yo‘llarini bilish, o‘rganish mumkin emas.
Tilshunoslik fanining asosiy muammolaridan biri tilning ushbu fanning predmeti sifatidagi ta’rifidir. Ma’lumki, tabiiy inson tili faqat tilshunoslikda emas, balki yana bir qator fanlar tomonidan o‘rganiladigan murakkab obyekt bo‘lib, har bir fanning tilga bergan ta’rifi ham turlicha bo‘lishi mumkin. Hattoki, tilshunoslik fanining o‘zida ham tilning yagona ta’rifi yo‘q. Tilning ta’rifi masalasi tilshunoslik fani tarixidagi eng muhim masalalardan biri bo‘lib, fan tarixida turlicha talqin qilingan va hozirgi kunda ham turli ilmiy maktablar va oqimlar orasida keskin bahslarga sabab bo‘lmoqda.
Darhaqiqat, tilshunoslikda mavjud bo‘lgan har bir nazariya, avvalo tilni qanday tushunishga asoslanadi. Tilni qanday tushunishning til haqidagi nazariyani yaratishda ahamiyati katta. Tilshunoslik fanining obyekti, predmeti va tilni ilmiy o‘rganish metodlari kabi masalalar ma’lum darajada tilni qanday tushunishga bog‘liqdir. Tilshunoslik tarixida tilni turlicha ta’riflash fanning predmetini ham turlicha tasavvur qilishga sabab bo‘ldi. Shuning uchun bu masalaning tilshunoslik tarixi asosiy etaplarida qanday hal etilganligini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Tilshunoslik fanining predmeti, o‘rganish manbai o‘z ichki qonuniyatlariga ega bo‘lgan murakkab tizim–tildir. Tilning o‘ziga xos xususiyatlarini, taraqqiyot qonuniyatlarini o‘rganish mazkur ijtimoiy hodisaga har tomonlama to‘liq ta’rif berish imkonini yaratadi. Til umumiy qonuniyatga bo‘ysunuvchi o‘ziga xos ramzlar tizimi bo‘lib, kishilik jamiyatidagi aloqa - munosabatning eng muhim quroli, fikr ifodasi hamda fikr yuritish asosi, voqelikni avloddan avlodga yetkazuvchi, insoniy kechinmalarni, his –tuyg‘ularni ifoda etuvchi vositadir. Tilshunoslik tarixida tilga turlicha yondashuvlarni kuzatish mumkin . XX asrdan boshlab tilshunoslik fanining predmetini aniqlashda yangi davr boshlandi. Hozirgi zamon tilshunoslik fanining asoschisi mashhur shveysariyalik olim F. de Sossyur (1857-1913) nazariyasi ta’sirida tilshunoslik fanining predmeti masalasi ham yangicha tus oldi. F. de Sossyurning fandagi asosiy xizmati shundan iboratki, u birinchilar qatori tilning murakkab hodisa ekanligini aniqlagan holda, yangi mukammal va aniq, shakllangan umumiy tilshunoslik nazariyasini yaratib berdi. Tilshunoslik fanining predmetini aniqlash va uni ta’riflashga intilgan F.de Sossyurning qarashlari tilshunoslik tarixidagi muhim masalalarni hal etishda sezilarli ta’sir ko‘rsatdi . F.de Sossyur fikricha , til kishilik jamiyatida bajaradigan vazifasiga ko‘ra aloqa quroli , fikr ifodalash vositasidir; ijtimoiy tabiati jihatidan til madaniy –tarixiy va ijtimoiy hodisa, ichki tuzilishiga ko‘ra sof belgi - ishoralar tizimidir .
Boshqa bir qator olimlar (A.Shleyxer, G. Paul, M. Myuller), tilshunoslik maktablari (“Yosh grammatikachilar“ maktabi, Praga strukturalizmi, Kopengagen strukturalizmi, Amerika strukturalizmi) tilning asl mohiyatini ochib berish masalasiga o‘z nuqtayi nazarlaridan yondashdilar.1 Ularning fikr - mulohazalari tilshunoslik sohasida erishilgan yutuqlardan hisoblansa–da, mazkur qarashlarning ba’zi jihatlari cheklangan edi. Tilshunoslikning umumiy va xususiy tilshunoslik ; nazariy tilshunoslik, amaliy tilshunoslik kabi qator bo‘limlari mavjud bo‘lib, tilning ayrim jihatlari asosida umumiy qoidalar chiqariladi. Til - ijtimoiy hodisa. Til jamiyat taraqqiyoti jarayonida yuzaga kelgan. Til - tabiiy, biologik hodisa emas ; tilning mavjud bo‘lishi va uning taraqqiyoti tabiat qonunlariga bo‘ysunmaydi. Til butun jamiyat tarixi jarayonidagi tadrijiy davrlarning mahsuli sifatida umuminsoniy manfaatga xizmat qiladi .
Adabiyotlar
Azizov O. Tilshunoslikka kirish. -T., O’qituvchi, 1996.
Irisqulov M. Tilshunoslikka kirish. -T., O’qituvchi, 1992.
Sharipova O’, Yo’ldoshev Y. Tilshunoslik asoslari. -T., 2006.
1 Peter T. Daniels. (2001) Writing and Language. In The Handbook of Linguistics. Edited by Arnoff, M., Rees-Miller, J. P.65-68.