Xulosalar Ishchi kuchini takror ishlab chiqarish jarayonini tadqiq etish uning miqdoriy va sifat jihatlarini ajratishni taqozo etadi. Ishchi kuchining miqdori mamlakat aholisining mehnat faoliyatiga layoqatli bo‘lgan qismi orqali ifodalanib, u ishchi kuchi resurslari deb ham ataladi. Ishchi kuchining sifati uning tarkibining zamon talablari jihatidan ijtimoiy ishlab chiqarish ehtiyojlariga muvofiqligi darajasini namoyon etadi. Ishchi kuchining sifati uning ma’lumot, kasbiy tayyorgarlik, malaka, ish tajribasi darajalari kabi ko‘rsatkichlar orqali ifodalanadi.
Ishchi kuchini takror hosil qilish insonning jismoniy kuchlari va aqliy qobiliyatlarini uzluksiz qayta tiklab va ta’minlab turish, ularning mehnat malakasini muttasil yangilab va oshirib borish, umumiy bilim va kasbiy darajasi o‘sishini ta’minlash demakdir.
Ishchi kuchi migratsiyasi murakkab jarayon bo‘lib, turli omillar ta’siri ostida (masalan, ish haqi darajasidagi o‘zgarishlar, ishsizlik va h.k.) ishchi kuchining bir hududdan boshqa bir hududga ko‘chib o‘tishini bildiradi. Migratsiya ikki darajada, ya’ni mamlakat ichida va xalqaro darajada ro‘y berishi mumkin.
Iqtisodiyotning barqarorligi va sog‘lomligini aks ettiruvchi
ko‘rsatkichlardan biri ishchilarning ish bilan ta’minlanish darajasi hisoblanadi. Biroq, har qanday mamlakatda doimiy ravishda ma’lum darajada ishsizlik ham mavjud bo‘ladi. Umuman olganda, mehnatga layoqatli bo‘lib, ishlashni xohlagan, lekin ish bilan ta’minlanmaganlar ishsizlar deyiladi. Namoyon bo‘lish xususiyati va vujudga kelish sabablariga ko‘ra ishsizlik friksion, tarkibiy, siklik, institutsional, texnologik, hududiy, yashirin va turg‘un ishsizlik turlariga bo‘linadi.
«To‘la bandlik» tushunchasi iqtisodiyotda ishsizlikning mutlaq mavjud bo‘lmasligini bildirmaydi. Chunki, friksion va tarkibiy ishsizlikning bo‘lishi tabiiy hisoblanadi, shu sababli to‘la bandlik ishchi kuchining 100% dan kam qismini tashkil qiluvchi miqdor sifatida aniqlanadi. Aniqroq aytganda, to‘la bandlik sharoitida ishsizlik darajasi friksion va tarkibiy ishsizlar soniga teng bo‘ladi. Siklik ishsizlik nolga teng bo‘lganda to‘la bandlik sharoitidagi ishsizlik darajasiga erishiladi. To‘la bandlik sharoitidagi ishsizlik darajasi ishsizlikning tabiiy darajasi deb ataladi.
Ishsizlikning iqtisodiy oqibatlari uning ta’sirida ishlab chiqarilmay qolgan mahsulot hajmi orqali baholanadi. Iqtisodiyot ishlashni xohlagan va ishlay oladigan barcha uchun yetarli miqdorda ish joylarini yaratish holatiga ega bo‘lmasa mahsulot ishlab chiqarish potensial imkoniyatining bir qismi yo‘qotiladi.
Iqtisodiy adabiyotlarda bu yo‘qotish yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmining orqada qolishi sifatida aniqlanadi hamda u haqiqiy YaIMning potensial YaIMdan kam bo‘lgan hajmi sifatida ko‘rinadi. Ishsizlik darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa,
YaIM hajmining orqada qolishi shunchalik katta bo‘ladi.