Auditor etikasi (axloqi). Yuzaki qaraganda unchalik tanish va odatiy bo’lmagan so’z
birikmasi. Masalan, pedagog yoki vrach etikasi, odatda, hammaga tanish va hech kimni hayratlantirmaydi. Bular kasb etikasining turlari bo’lib, kishilarning kasbiy faoliyatlaridan kelib chiqadi va ular o’rtasidagi o’zaro munosabatlarning ma’naviy-ahloqiy jihatlarini tavsiflaydi. Barcha axloqiy talablar umuminsoniy negizga ega bo’lishiga qaramasdan, ayrim kasb turlari uchun ularning o’ziga xos ahloqiy me’yorlari shakllangan. Bunday kasb egalari sohani ham nazariy, ham uslubiy, ham amaliy jihatdan yuksak professional darajada bilishlari bilan birga, shakllangan, me’yoriy-huquqiy asosga ega ahloqiy jihatlari bilan ham boshqalardan ajralib turadi. Auditorlik ham mana shunday murakkab kasblar qatoriga kiradi. Shu boisdan, mamlakatimizda «O’zbekiston auditorlarining kasbga oid ahloq kodeksi » ishlab chiqilib, O’zbekiston buxgalterlar va auditorlarining milliy assotsiatsiyasi (O’BAMA tomonidan-26.08.2005y.) va O’zbekiston Auditorlar Palatasi (O’AP tomonidan- 25.06.2005y.) amaliyotga tadbiq etildi. Yuqorida ta’kidlanganidek, vrach etikasi, Gippokrat qasamyodi bizga qadimdan tanish tushunchalar. Auditor bajaradigan ishlarni esa vrach vazifalari bilan qiyoslash mumkin. Farqi shundaki, vrach bajaradigan xayrli ish inson organizmi bilan bog’liq bo’lsa, auditor faoliyati «korxona organizmi» ustida, unga aniq «tashhis» qo’yib, moliyaviy sog’lomlashtirish ustida olib boriladi. Lekin, ayrim hollarda auditordan «vaziyatni tushunish», «yuz-xotir qilish», «ko’zni chirt yumish» kabilar talab qilinadi. Bunday hollarda qanday yo’l tutish kerakligi «O’zbekiston auditorlarining kasb etikasi kodeksi» loyihasida bayon etilgan.