Gigiyenaning rivojlanish tarixi. Gigiyenaning qadimgi davrda shakllanishi, XIX va XX asrlardagi taraqqiyoti.
Reja:
1.Gigiyena Taraqqiyoti Tarixi 2.Gigiyena haqida qisqacha ma’lumot.
Har qanday fanning taraqqiyoti ijtimoiy formatsiyalar evolutsiyasi bilan, texnika va madaniyat taraqqiyoti bilan uzviy bog‘langan. Shu nuqtayi nazardan gigiyena tarixi turli davrlardagi ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlar ta’sirini aks ettiradigan bir necha bosqichga bo‘linadi. Gigiyena rivojlanish tarixi nisbatan uzoq emas. Gigiyenaga oid bilimlar XIX asrning birinchi yarmida tizimga solinib, mustaqil fan holida birlashtirildi. Biroq odamlar gigiyena va sanitariyaning ma’lum qonun-qoidalariga qadim zamonlarda ham rioya qilishgan. Tarixiy hujjatlar, san’at asarlari va arxeologik qazilmalar ma’lumotlari eramizdan ancha ilgariyoq sanitariya qonunlarining ba’zi elementlari mavjud bo‘lganligidan hamda ma’lum sanitariya chora-tadbirlari amalga oshirib kelinganligidan dalolat beradi. Qadimgi hind va xitoy qonunlarida (miloddan avvalgi 3000— 4000-yillar) ovqatlanish va kundalik rejim, mehnat qilish va dam olish tartibi to‘g‘risida ko‘rsatmalar bor. Ularda badanni toza tutish zarurligi gapirib o‘tiladi, murdalarni ko‘mish qoidalari ma’lum qilinadi va hokazo.
Eramizdan 1500 yil ilgari Misrda axlatlarni yo‘qotish va botqoqliklarni quritish ishlari uyushgan holda o‘tkazilgan, sug‘orish sistemalari va vodoprovodlar barpo etilgan. Qadimgi Yunoniston va Spartada yoshlarni jismoniy jihatdan rivojlantirishga katta ahamiyat berilgan, olimpiya sport musobaqalari o‘tkazib turilgan. Afinada oqova suvlarini yo‘qotish uchun kanalizatsiya qurilgan. Bu joyda uylar qurish va ovqat masalliqlarini sotish ustidan sanitariya nazorati ham tashkil etilgan. Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish uchun Qadimgi Yunonistonda binolar oltingugurt va xushbo‘y moddalar tutatib dudlangan. Qadimgi Yunonistonning buyuk shifokori Gippokrat (miloddan avvalgi 460—477-yillar) gigiyena masalalariga bag‘ishlangan: „Sog‘lom turmush ma’romi to‘g‘risida“ Havo, suv va joylar to‘g‘risida“ deb nomlangan asarlarida tashqi muhitning odam salomatligiga ta’sir qilish omillari hamda shu omillarning kasalliklarga nechog‘li aloqadorligi to‘g‘risidagi o‘z kuzatuvlari va nazariy mulohazalarini bayon qilgan.
Gippokratning „ muhit nazariyasi“ ni keyinchalik Platon, Aristotel va boshqa olim hamda faylasuflar rivojlantirganlar. Yunonlar madaniy boyliklarining vorislari bo‘lmish rimliklar yunonlardan gigiyenaga oid bilimlarni meros qilib oldilar va sanitariya obodonchiligi sohasida o‘z ustozlaridan o‘zib ketdilar. Qadimgi Rimni suv bilan ta’minlaydigan va kanalizatsiya inshootlari o‘sha zamon uchun muhandislik mo‘jizasi bo‘lgan. Qadimgi Rimda tog‘ buloqlaridan har bir kishiga bir kechakunduzda 0,5—1 m3 suv yetkazib beradigan 14 ta yirik va 20 ta mayda vodoprovod bo‘lganligini aytib o‘tish kifoya. Rimda axlatlarni zararsizlantirish zamonaviy usullarining ibtidosi mavjud bo‘lgan. Narsa qo‘shib, masalliqni qalbakilashtirish va buzilgan oziq-ovqatlarni sotish man qilingan, binokorlik ishlari ustidan sanitariya nazorati olib borilgan.
Asriy axlatlarni tozalash ishi dastlab 1609-yilda Parijda o‘tkazilgan va 1780- yilga kelib axlatni ko‘chaga tashlash odatiga qarshi kurashishga kirishilgan. Ichki kiyim va choyshab, ko‘rpa jildlari XVIII asrgacha noyob ashyo bo‘lib, bitliqilik juda keng tarqalgan, hatto qirol xonadoni ham bundan mustasno bo‘lmagan. Ovqat uchun tutiladigan alohida idish Yevropada taxminan XVI asrda paydo bo‘lgan. O‘rta asrlar tarixi haddan tashqari katta epidemiyalar va Yevropa aholisining qirilishini bir qadar aks ettiradigan tarixdir. O‘rta asrlarda Yevropada chechak, tif, gripp epidemiyalari bir-biriga ulanib turgan. Tanosil kasalliklari, teri va ko‘z kasalliklari keng tarqalgan. XVI asrda toun epidemiyasi Yevropa aholisini to‘rtdan bir qismining yostig‘ini quritgan. Yangi paydo bo‘lgan burjuaziya sinfi sanoatni rivojlantirish, mehnat unumdorligini oshirish va foydani ko‘paytirishdan manfaatdor edi.
Bunday maqsadga erishishida unga sog‘lom ishchilar kerak bo‘lganligi uchun ham u ma’lum sanitariya chora-tadbirlarini amalga oshirishga majbur bo‘ldi. Ketma-ket sodir bo‘lib turgan epidemiyalar yirik shaharlarda sog‘lomlashtirishga oid shoshilinch sanitariya chora-tadbirlarini amalga oshirishni, vodoprovod, kanalizatsiya o‘tkazish kabilarni taqozo etdi. XIX asrning o‘rtalarida biologiya, kimyo va fizika fanlarining gurkirab rivojlanishi gigiyena taraqqiyotida ham yangi davrni boshladi. Bakteriologik va fizik-kimyoviy tahlil usullari gigiyenaga ham kirib keldi, aholi istiqomat qiladigan hudud va uyjoylar sanitariya holatini sog‘lomlashtirish, ovqatlanish gigiyenasi, me’yor va talablarni asoslashda qo‘llanila boshlandi. Bu gigiyenadagi eksperimental yo‘nalishning ibtidosi bo‘ladi. Ingliz olimi Parks va nemis gigiyenisti Pettenkofer gigiyena fanining asoschilari hisoblanadi. Parks 1857-yilda tashqi muhit omillarini fizik-kimyoviy va bakteriologik tekshirish natijalariga asoslangan gigiyenaga oid asarini nashr ettirgan bo‘lsa, Pettenkofer gigiyenaning aniq fanga aylanishiga yo‘l ochgan ko‘p yillik laboratoriya-statistik tekshirishlarini o‘tkazdi.
Pettenkoferning turar joylarni shamollatish (ventilatsiya qilish) va isitish sohasida olib borgan tekshirishlari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Pettenkoferning zamondoshi va hamkori — fiziolog Foytning ovqatlanish fiziologiyasi va gigiyenasi sohasidagi ishlari, ayniqsa qimmatlidir. Pettenkoferning izdoshlari Rubner va Flugge havo, tuproq, suv, turar joy va kiyim-kechakka sanitariya nuqtayi nazaridan baho berishning gigiyenik me’yorlarini ishlab chiqdilar. XIX asrning ikkinchi yarmida bakteriologiyaninig rivojlanishi mashhur Lui Paster (1822—1895) kashfiyotlari bilan bevosita bog‘liq. Uning kashfiyotlari turar joylar, aholi yashaydigan joylarni sog‘lomlashtirish va kasalliklarning oldini olish masalalarini hal qilish uchun gigiyenada yangi tekshirish usullaridan foydalanish imkonini berdi. Bu gigiyenaning yangi sohalari epidemiologiya va sanitariya bakteriologiyasining tez rivojlanishiga olib keldi.