51-maqsad: Iqtisodiyotga innovatsiyalarni keng joriy qilish, sanoat korxonalari va ilm-fan muassasalarining kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish. Innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlarda mavjud analoglaridan 50 foizgacha arzonlashtirilgan va sifatli, xomashyo narxiga nisbatan 2-3 baravar yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘zlashtirish, shu jumladan umumiy qiymati 165,9 milliard so‘mlik jami 195 ta loyihani amalga oshirish. Oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarida to‘lov-grant asosida o‘qishni tashkil etish. 52-maqsad: Global innovatsion indeksda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash va 2030-yilga qadar top-50 mamlakatlari qatoriga kirish. Global innovatsion indeksda qayd etilgan past indikatorlar bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasini yaxshilash. Innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun barcha yo‘nalishlarda keng imkoniyatlarni yaratish, tadqiqotlarni va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish. 53-maqsad: Aholi uchun majburiy ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish. Aholining muhtoj qismini zamonaviy protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash darajasini 60 foizga yetkazish. Majburiy ijtimoiy kafolatlar bo‘yicha qonunchilikni tizimlashtirish va takomillashtirish, belgilangan ijtimoiy himoyaning qat’iy ta’minlanishini nazorat qilish. Majburiy ijtimoiy kafolatlardan, shu jumladan ijtimoiy himoya turlaridan foydalanish imkoniyatini sohani raqamlashtirish hisobiga kengaytirish, ushbu jarayoniga ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini joriy qilish. 54-maqsad: Pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish. Fuqarolarning pensiya miqdorlari mamlakatning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga muvofiq izchil oshib borishini ta’minlash. Xalqaro tamoyil va standartlarga muvofiq ko‘p bosqichli va davlat tomonidan kafolatlangan pensiya ta’minoti tizimini joriy qilish. Fuqarolardan ortiqcha hujjatlar talab qilmasdan idoralararo elektron ma’lumot almashinuvi asosida pensiya tayinlash tizimiga o‘tish. 55-maqsad: Ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish va qulayligini oshirish maqsadida respublika hududlarida tibbiyot klasterlarini tashkil etish. Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Qashqadaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida tibbiyot klasterlarini tashkil etish. 56-maqsad: Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, budjet mablag‘laridan samarali foydalanish, tibbiy xizmatlarni markazlashtirish va aholini tibbiy sug‘urtalash amaliyotini joriy qilish. Markazlashgan laboratoriya, sterilizatsiya va yuqori texnologik tekshiruvlar tizimini tashkil etish. Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholi salomatligini saqlash va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish dasturini 2022-2023-yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirishning 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini amalga oshirish. Aholini tibbiy sug‘urtalash tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish.