73-maqsad: Buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish. IHT, IRSIKA, AYSESKO, YUNESKO kabi dunyoning nufuzli xalqaro tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va universitetlari bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans” shiori ostida xalqaro konferensiya, simpozium va anjumanlar tashkil etish. Buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish maqsadida yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar qalamiga mansub 100 ta asarning xalqchil tarjimasini amalga oshirish, ular asosida ilmiy va ommabop risolalar yaratish. Buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash. 74-maqsad: Jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash. Milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish. Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasining izchil amalga oshirilishini ta’minlash. Turli millat yoshlari uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyatini yuksaltirish. Xorijiy tillarda faoliyat yuritayotgan hamda millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosatini yoritayotgan ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish. Xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida do‘stlik jamiyatlari faoliyatini takomillashtirish. 75-maqsad: Tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarini rivojlantirish, aholining badiiy-estetik didini yuksaltirish. Atoqli O‘zbekiston xalq rassomlari va amaliy san’ati ustalarining namunali hayoti va ijodini keng targ‘ib qilish hamda ular xotirasini abadiylashtirish. O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atini xalqaro darajada ommalashtirish. Tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarida yetuk mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish.