Moyni puflash va moyni havo sovitgichlar orqali majburiy sirkulyatsiyalash yo'li bilan sovitish (DS) quvvati 63000 kVA va undan katta bo'lgan transformatorlar uchun qo'llaniladi. Sovitgichlar tashqarisiga ventilyator havo haydaydigan qirrali yupqa trubalar tizimidan tashkil topgan. Moy trubasi ichiga joylashtirilgan elektr nasoslari moyning sovitgichlar orqali uzluksiz majburan sirkulyasiyasini hosil qiladi. (1-rasm) Moy katta tezlikda sirkulyatsiyalanishi, sovitish yuzalari kattalashgani va jadal puflash hisobiga sovitgichlar issiqlikni ko'p uzatadi va ixchamdir. Sovitishning bunday tizimiga o'tish transformator-larning o'lchamlarini ancha kamaytirish imkoniyatini beradi. Sovitgichlar transformatorlar bilan bir poydevorga yoki transformatorning baki yonidagi alohida poydevorga o'rnatilishi mumkin. 1-rasm: DS tizimli sovitgichning prinsipial sxemasi: 1-tansformator baki; 2-elektr nasosi; 3-adsorb filtr; 4-sovitgich; 5-puflash ventilyatori Moy majburan sirkulyatsiyalanadigan moy-suvli sovitish (S) prinsipial jihatdan DS tizimiga o'xshash tuzilgan faqat farqi shundaki, undagi sovitgichlar trubalardan iborat bo'lib ular ichida suv aylanadi, trubalar orasida esa moy yuradi. Transformatorning moy tizimiga suv tushishining oldini olish uchun moy sovitgichlardagi moy bosimi ularda aylanuvchi suv bosimidan kamida 0,02 MPa (2 N/sm²) ga ortiq bo'lishi kerak. Sovitishning bu tizimi samarali, biroq konstruksiyasi jihatidan ancha murakkab bo'lib, gidrostansiya va yopiq xonalarga o'rnatiladigan (100 MVA va undan yuqori) quvvatli transformatorlarda ishlatiladi. DS va S sovitish tizimli transformatorlarda moyni majburan sirkulyatsiyalash qurilmasi transformator ishga tushishi bilan bir vaqtda avtomatik ulanishi va transformatorning yuklanishidan qat'iy nazar uzluksiz ishlashi kerak. Shu bilan birga, ishga tushiriladigan sovitgichlar soni transformatorning yuklanishiga qarab aniqlanadi. Bunday transformatorlar moyning va sovituvchi suvning sirkulyatsiyalanishini to'xtatish, ventilyatorni to'xtatish kerakligi haqidagi signalizatsiyaga ega bo'lishi kerak. Shuni ham aytib o'tish kerakki, hozir chulg'amlari juda ham past haroratgacha sovitiladigan transformatorlarning yangi konstruksiyalari ishlab chiqilmoqda. Metall past haroratda o'ta o'tkazuvchanlik xossasiga ega bol'ib, chulg'am kesimini keskin kamaytirish imkonini beradi. O'ta o'tkazuvchanlik prinsipidagi transformatorlar kriogenli transformatorlar quvvati 1000 MVA va undan yuqori bo'lishiga qaramay kichik og'irlikka ega.