Rivojlanish — tabiat va jamiyatdagi qonuniyatli oʻzgarish; bir sifat holatidan boshqasiga, eskidan yangiga oʻtish. Rivojlanish natijasida obyektning — tarkibi yoki strukturasining yangi sifat holati vujudga keladi. Rivojlanish tabiat, jamiyat va bilish tarixini tushuntirishning umumiy tamoyilidir. Rivojlanishning 2 shakli mavjud: obyektning sekin-asta sodir boʻluvchi miqdor oʻzgarishlari bilan bogʻliq evolyutsion rivojlanish va obyekt tuzilmasidagi sifat oʻzgarishlaridan iborat inqilobiy rvojlanish Evolyutsion rivojlanish jamiyatda bir tizimning asta-sekin, keskin portlashlarsiz bir sifatiy asosdan ikkinchi sifatiy asosga oʻtishini, inqilobiy rivojlanish esa keskin portlash yoʻli bilan bir sifatiy asosdan ikkinchi sifatiy asosga oʻtishini bildiradi. Evolyutsion rivojlanish jamiyatning yangi bosqichga uzluksiz va talafotlarsiz oʻtishiga imkon beradi. Bunday oʻtishda muayyan vaqt zarur boʻladi. Inqilobiy Rivojlanishda jamiyatning eski asosiy tayanch nuqtalari yoʻq qilinib, keskin sifatiy oʻzgarishlar amalga oshiriladi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, yangi jamiyatga oʻtishning evolyutsion rivojlanish yoʻlini tanladi. Bu yoʻl jamiyat aʼzolarining manfaatlariga zid kelmaydigan, muayyan vaqtni talab qiladigan va pirovardida samarali boʻladigan yoʻldir. Rivojlanishning progressiv, taraqqiyot turi (qarang Taraqqiyot) bilan regressiv, tanazzul turi (qarang Inqiroz) farqlanadi.
Falsafiy kategoriyalarning tasnifi
Sharq an'anasida ham, qadimgi Yunonistonda ham dialektika kategoriyalarining juftli xususiyati va ularning ziddiyatli munosabatlarini anglashga harakat qilingan. Dialektika kategoriyalariga xos bo‘lgan qarama-qarshiliklar birligini tushuntirishga urinishlar jarayonida fikrlash va borliqning qarama-qarshiliklarini birlashtiruvchi yagona asosni topish yo‘lida izlanishlar olib borilgan. Mazkur yondashuv natijasida dialektika kategoriyalari umumiy va fundamental xususiyat kasb etib borgan.
Dialektika kategoriyalarini tizimga solish va formal-mantiqiy fikrlashning umumiy qonunlarini ishlab chiqishga ilk urinish Aristotel ijodi bilan bog‘liq. Falsafa tarixida Aristotel antik falsafani tizimga soluvchisi sifatida namoyon bo‘ladi. Uning «Organon» asari ishonchli, haqiqiy bilim olish vositasi sifatida qaralgan. («Organon» - lot. orqanum - qurol, asbob, Aristotel mantiqiy asarlarining umumiy nomi.) Bu asarda Aristotel, xususan, formal-mantiqiy qonunni ta'riflab, haqqoniy fikrlash ziddiyatsiz fikrlash demakdir deb ta'kidlagan.
Ammo «Metafizika» asarida (lot. metaphisica – butun borliqning ilk asoslari haqidagi ta'limot) Aristotel olamning umumiy asoslariga tavsif berishga harakat qiladi va falsafiy kategoriyalar materiya, shakl, sabab, zaruriyat kabilar haqida so‘z yuritadi, bu kategoriyalarga ularning ichki qarama-qarshiliklarini tushunishni nazarda tutuvchi ontologik ma'no yuklaydi. Bundan fikrdagi ziddiyat u yanglish ekanligining bosh belgisi, borliqning ziddiyatligi haqidagi ta'limot esa – u haqqoniy ekanligining bosh belgisi, degan xulosa kelib chiqadi. Biroq borliq ziddiyatlari haqidagi fikr qanday qilib ziddiyatlardan xoli bo‘lishi mumkin? Hamonki u borliqning ziddiyatligiga ishora qilmas ekan, u qanday qilib haqqoniy bo‘lishi mumkin? Shu tariqa falsafiy kategoriyalar va formal mantiq kategoriyalari o‘rtasida farq yuzaga keladi. Keyinchalik bu farq formal va dialektik mantiq o‘rtasidagi ziddiyatga aylanadi. Formal mantiq biz qanday fikrlashimiz lozimligini ko‘rsatib, normativ funksiyani bajarish uchun mo‘ljallangan fikrlash qonunlari bilan cheklanadi. Dialektik mantiq ham fikrlash va bilish metodlariga qo‘yiladigan talablari bajarilishi lozimligini ko‘rsatadi, biroq ayni vaqtda u dialektik mantiq qonunlari nafaqat bizning tafakkurimizda, balki narsalarning o‘z tabiatida ham amal qiladi, degan fikrga asoslanadi.