Unumdorlik deb, tuproqning o’simliklarni normal o’sishi va rivojlanishi (hosil berishi) uchun zarur suv, oziq elementlar va shuningdek ularning ildiz sistemalarini yetarli miqdorda havo, issiqlik va qulay fizik kimyoviy muhit va boshqa barcha shart-sharoitlar bilan ta’min eta olish qobiliyatiga aytiladi.
Demak, tuproqning ishlab chiqarish qobiliyati, unda kechadigan ko’plab jarayonlar va hodisalarga bog’liq. O’simliklarning barcha o’sib rivojlanish hayotiy davrlari bevosita tuproqning turli xossalari yoki unda kechadigan jarayonlar bilan bog’liq. SHuning uchun ham tuproqdan foydalanilayotganda unumdorlikning barcha omillariga va shart-sharoitlariga bir vaqtning o’zida ta’sir eta bilish kerak.
Tuproq unumdorligi nisbiy tushuncha bo’lib, unumdorlik nafaqat tuproq xossalariga, balki o’stiriladigan ekinlar turiga ham bog’liq. Masalan, mvayyan bir tuproq alohida o’simliklar uchun unumdor hisoblansa, boshqasiga kam unumli bo’ladi. CHunki har xil o’simliklarning tuproq unumdorligiga (faktorlariga) bo’lgan talabi bir xil emas.
2. Tuproqning o’ziga xos xususiyati hisoblangan unumdorlik tuproq paydo bo’lish jarayonlari davomida shakllanib boradi va tuproqning qandaydir bir yoki ikkita xossasi (masalan, oziq moddalar, gumus miqdori yoki fizik xossalari) bilan emas, balki tuproqning barcha xossalari yig’indisi bilan belgilanadi. SHuni e’tiborga olish lozimki, unumdorlik faqatgina o’simliklar ildizi o’sayotgan tuproqning ustki qatlamiga bog’liq bo’lmasdan, balki tuproq ostki jinslari hamda barcha tuproq profilining tuzilishi va xususiyatlari bilan ham ifodalanadi. O’simliklarni suv va oziq moddalar bilan ta’minlanishiga tuproqning nafaqat gumusli yoki haydalma qatlami, balki undan chuqurroq qatlamlari ham katta ta’sir etadi. Demak, unumdorlik tuproq barcha qatlamlari (profili) ning xarakteri va xususiyatlari bilan belgilanadi. Tuproqda unumdorlikning shakllanishi bilan bir qatorda o’simliklar uchun zarur omillar va shart-sharoitlar yuzaga keladi. Tuproqning barcha fizikaviy, biologik, kimyoviy xossalari, tarkiblari va rejimlari shular jumlasiga kiradi. Odatda, tuproq unumdorligining elementlari (omillari) va shart-sharoitlari ajratiladi. (22-rasm).