TURIZMNI RIVOJLANTIRISHNING NAZARIY VA AMALIY ASOSLARI
Birinchi bosqich (o’z ichiga 1992 yilni oladi). Ushbu bosqich Respublikamizda milliy turizmning dastlabki shakllantirilishi bilan xarakterlanadi. Bu bosqichda turizm infratuzilmasida yetakchi hisoblangan «O’zbekturizm» Milliy kompaniyasiga asos solindi.
Ikkinchi bosqich (1993-1995 yillar). Bunda turizmning milliy rivojlanish modeli ishlab chiqildi. Ushbu bosqich turistik xizmatlar ko’rsatish hajmining oshib borishi bilan birgalikda yangi turistik yo’nalishlarni ishlab chiqish, xizmat ko’rsatishni yaxshilash, turizmning moddiy-texnik bazasini kengaytirish, boshqaruvning tashkiliy strukturasini takomillashtirish va boshqa shu kabilar bilan bog’liq bo’lgan bir qator muammolarni yuzaga keltirdiki, ularni faqatgina «O’zbekturizm» milliy kompaniyasi doirasida hal etish imkoni bo’lmay qoldi. Kompaniya turistik operatorlar bilan to’g’ridan-to’g’ri aloqa qilish maqsadida Germaniya (Frankfurt-Mayn), Buyuk Britaniya (London), AQSH (Nyu-York), Birlashgan Arab amirliklari (SHarja) va Rossiya (Moskva) kabi mamlakatlarda o’zining vakolatxonalarini ochdi.