Har kun o’luram shomg’acha men g’amga giriftor,
Har shab yonaram otasha parvona kabi zor.
Hech kimsa emas bu meni ahvolima voqif,
Men xastayamu millatim o’lmish nega bemor.
Noshiri va shoiri Abdulla Avloniy
2-tab’i, sana 1336 h./1917 m. Toshkent,
Tip. Lit. «Par. Sots. revolyuts» 1917 g.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
AXLOQ
Insonlarni yaxshilikg’a chaqirguvchi, yomonlikdan qaytarguvchi bir ilmdur. Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning yomonligini dalil va misollar ila bayon qiladurgan kitobni axloq deyilur. Axloq ilmini o’qub, bilub amal qilgan kishilar o’zining kim ekanin, janobi Haq na uchun xalq qilganin, yer yuzida nima ish qilmak uchun yurganin bilur. Bir kishi o’zidan xabardor bo’lmasa, ilmni, ulamoni, yaxshi kishilarni, yaxshi narsalarni, yaxshi ishlarning qadrini, qimmatini bilmas. O’z aybini bilub, iqror qilub tuzatmakg’a sa’y va ko’shish qilgan kishi chin bahodir va pahlavon kishidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: «Mezon tarozusiga qo’yiladurgan amallarning ichida yaxshi xulqdan og’irroqi yo’qdur. Mo’min banda yaxshi xulqi sababli kechasi uxlamasdan, kunduzlari ro’za tutub ibodat qilgan kishilar darajasiga yetar», – demishlar.
So’ylasang so’yla yaxshi so’zlardan,
Yo’qsa jim turmoqing erur yaxshi.
O’ylasang yaxshi fikrlar o’yla,
Yo’qsa gung bo’lmoqing erur yaxshi.
Ishlasang ishla yaxshi ishlarni,
Yo’qsa bekorlig’ing erur yaxshi.
XULQ
Inson ikki narsadan murakkabdur. Biri jasad, ikkinchisi nafsdur. Jasad ko’z ila bor narsalarni ko’rur. Ammo nafs idrok ila yaxshini yomondan, oqni qoradan ayirur. Jasadning ham, nafsning ham biror surati bordurki, yo yaxshi va yo yomon bo’ladur.
Jasadning surati hammaga ma’lum bir narsadurki, har vaqt ko’zga ko’rinib turadur. Ammo nafsning surati ko’zga ko’rinmaydurgan, aql ila o’lchanadurgan bir narsadurki, buni xulq deb atalur. Agar bir kishi yoshligida nafsi buzulub tarbiyasiz, axloqsiz bo’lib o’sdimi, «Allohu akbar» bunday kishilardan yaxshilik kutmak yerdan turub yulduzlarga qo’l uzatmak kabidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz:
«Bir tog’ning o’rnidan ko’chib ketganini eshitsangiz, ishoningiz, ammo bir odamning xulqi boshqa bo’ldi deb eshitsangiz ishonmangiz», – demishlar.
Xulqi yomon yuz, ko’zlidin na sud
Yuz, ko’zli xulqni qilmas kashud.
Xulq mariziga davo istasang,
Marg davosin berilur qistasang.
Xulqi yomoning keturar ko’p zarar,
Xulqing o’zi boshingga kaltak urar.
Xulqi fano bo’lsa degil alhazar,
Xor-u zalillikda qolur darbadar.
YAXSHI XULQ, YOMON XULQ
Axloq ulamosi insonlarning xulqlarini ikkiga bo’lmishlar Agar nafs tarbiyat topib, yaxshi ishlarni qilurga odat qilsa, yaxshilikg’a tavsif bo’lub, «yaxshi xulq» agar tarbiyatsiz o’sub, yomon ishlaydurgan bo’lub ketsa, yomonliqg’a tavsif bo’lub «yomon xulq» deb atalur.
Janobi Haq insonlarning asl xilqatda iste’dod va qobiliyatli, yaxshi ila yomonni, foyda ila zararni, oq ila qorani ayiradurgan qilub yaratmishdur. Lekin bu insondagi qobiliyatni kamolga yetkurmak tarbiya ila bo’ladur. «Qush uyasinda ko’rganin qiladur». Inson javhari qobildur. Agar yaxshi tarbiya topib, buzuq xulqlardan saqlanub, go’zal xulqlarga odatlanub katta bo’lsa, har kim qoshida maqbul, baxtiyor bir inson bo’lub chiqar. Agar tarbiyatsiz, axloqi buzulub o’ssa, Allohdan qo’rqmaydurgan, shariatga amal qilmaydurgan, nasihatni qulog’iga olmaydurgan, har xil buzuq ishlarni qiladurgan, nodon, johil bir rasvoyi olam bo’lub qolur.
Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: «Imoni komil bo’lgan kishilar yaxshi xulqli bo’lurlar, sizning eng yaxshilaringiz xotunlariga yaxshilik qilganlaringizdur», — demishlar.
Xudoning rahmat-u fayzi hama insonga yaksardur,
Va lekin tarbiyat birla yetushmak sharti akbardur.
Tug’ub tashlov-la bo’lmas bola, bo’lg’ay balo sizga,
Vujudi tarbiyat topsa, bo’lur ul rahnamo sizga.
Temirchining bolasi tarbiyat topsa, bo’lur olim,
Buzulsa xulqi, Luqmon o’g’li bo’lsa, bo’lg’usi zolim.
Yomonlarga qo’shuldi Nuhning o’g’li, o’ldi beimon,
Yurudi Kahf iti xublar-la bo’ldi oti inson.
TARBIYA
Tarbiya – «Pedagogiya», ya’ni bola tarbiyasining fani demakdur.
Ilmi axloqning asosi tarbiya o’ldug’indan shul xususda bir oz so’z so’ylaymiz. Bolaning salomati va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmak, tanini pok tutmak, yosh vaqtidan maslakini tuzatmak, yaxshi xulqlarni o’rgatmak, yomon xulqlardan saqlab o’sdurmakdur. Tarbiya qilguvchilar tabib kabidurki, tabib xastaning badanidagi kasaliga davo qilgan kabi tarbiyani bolaning vujudidagi jahl maraziga «yaxshi xulq» degan davoni ichidan, «poklik» degan davoni ustidan berub, katta qilmog’i lozimdur. Zeroki, «Hassinu axloqiko’m» amri sharifi uzra xulqimizni tuzatmakg’a amr o’linganmiz. Lekin xulqimizning yaxshi bo’lishining asosiy panjasi tarbiyadur.
Axloqimizning binosining go’zal va chiroyli bo’lishiga tarbiyaning zo’r ta’siri bordur, ba’zilar «tarbiyaning axloqqa ta’siri yo’q, insonlar asl yaratilishida qanday bo’lsalar, shunday o’sarlar, tabiat o’zgarmas», – demishlar.
Yomon xo’ tuzalmaydi darmon ila,
Ipak o’lmas ip, rangi alvon ila.
Boqing, bir daraxt mevasidur yomon,
Bo’lur yaxshi payvand, parvo bilan.
Bilur har kishi aslini rangidan,
Va yokim ulangandagi zangidan».
Lekin bu so’z to’g’ri emasdur. Chunki tarbiyaning axloqga, albatta, ta’siri bo’ladur. Oramizda masal borki, «sut ila kirgan, jon ila chiqar», mana bu so’z to’g’ridur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Beshikdan to mozorga borguncha ilm o’rgan», – demishlar. Bu hadisi sharifning ma’nosi bizlarga dalildur. Hukamolardan biri: – «Har bir millatning saodati, davlatlarning tinch va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog’lidur», – demish. Shariati islomiyada o’z bolalarini yaxshilab tarbiya qilmak otalarga farzi ayn, o’z millatining yetim qolgan bolalarini tarbiya qilmak farzi kifoyadur. Payg’ambarimiz: «Bolalaringizni yetti yoshida namozga o’rgatingiz. Agar o’n yoshida o’qimasa uringiz», – demishlar.
Har kishining dunyoda oromi joni tarbiyat,
Balki oxirida erur dorulamoni tarbiyat.
Tarbiyat hamroh etadur hur ila ruzvonlara,
Gar desam bo’lmas xato jannat makoni tarbiyat.
Ey, Otalar! Jonlaringizdan suchuk farzandingiz,
G’ayrat aylang o’tmasun vaqt-zamoni tarbiyat.
Moyai zilli xumodur tarbiyatning soyasi,
Bizda anqo tuxmidek yo’q oshyoni tarbiyat.
TARBIYANING ZAMONI
Emdi ochiq ma’lum bo’ldiki, tarbiyani tug’ulgan kundan boshlamak, vujudimizi quvvatlandurmak, fikrimizi nurlandurmak, axloqimizi go’zallandurmak, zehnimizi ravshanlandurmak lozim ekan. Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur? degan savol keladur. Bu savolga, «birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidur. Ikkinchi, maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur», – deb javob bersak, bir kishi deyurki, «qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz, boshi paqmoq, qo’li to’qmoq onalarmi? O’zlarida yo’q tarbiyani qaydan olib berurlar», der . Mana, bu so’z kishining yuragini ezar, bag’rini yondurar. Otasiga nima dersiz, desak , qaysi ota? To’ychi, uloqchi, bazmchi, do’mbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni ko’zlari qiymagan, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval o’zlarini o’qitmak, tarbiya qilmak lozimdur», – der. Mana bu so’zni eshitgach, umid qo’llari qo’ltuqg’a urilur.
Xayr, bo’lmasa muallimchi desak, «Qaysi muallim? Maqsadi pul, maslagi shuhrat, yuqori maktablarda o’qumagan, «usuli ta’lim» ko’rmagan muallimlarni aytursizmi? Avval o’zlari dorilmuallimin»larda o’qimaklari, so’ngra dars bermaklari lozimdur», – der. Mana bu so’z insonni hayrat daryosiga g’arq qilur.
Mudarrislarga na dersiz desak, qaysi mudarris? Matlablari osh, maqsadlari chopon, darslari beimtihon, isloh yaqinidan yurmagan mudarrislarni aytursizmi? Bular o’z vazifalarini bilub, nafslaridan kechub, zamonga muvofiq ravishda darslarini isloh qilub, imtihon birla o’qutmaklari lozimdur», – der. Mana bu so’z har kimni «Alisloh» demakga majbur qilur. Bo’lmasa hukumat-chi? desak, «xayr , hukumat hammaning otasidur. O’z fuqarosining bolalarini tarbiya qilmak lozim, shuning uchun bizning Rusiya hukumati o’gay bo’lsak ham, har yerda bizlar uchun ham maktablar ochub, bolalarimizni tekin o’qitur. Lekin o’zimiz ish bilmagan, yalqov, uyda onamiz tarbiyasi, otadan pul tarbiyasi, muallimdan axloq tarbiyasi, mudarrisdan funun tarbiyasi ko’rmaganimizdan, hukumat maktablaridan ham o’z hissalarimizni ololmaymiz», – der. Mana bu so’z bizlarni tarbiyadan mahrum, huquqning na ekanin bilmaganlig’imizni bildirur.
Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Insonlarning karami dinidadur, muruvvati aqlindadur, hasabi axloqindadur», – demishlar.
Agar bir qushning yosh bolasin olib,
Bo’lur tarbiyat birla yo’lga solib.
Onasin olib asrag’on birla rom,
Qilmas kishi sa’y qilsa mudom.
Kerak tarbiyat yoshlikdan demak,
Ulug’ bo’lsa lozim kelur g’am yemak.
Egur bemashaqqat kishi navdani,
To’g’unchi egur kuydirib kavdani.
BADAN TARBIYASI
Badanning salomat va quvvatli bo’lmog’i insonga eng kerakli narsadur. Chunki o’qumoq, o’qutmoq, o’rganmoq va o’rgatmoq uchun insonga kuchlik, kasalsiz jasad lozimdur. Sog’ badanga ega bo’lmagan insonlar amallarinda, ishlarinda, ibodatlarinda kamchilik qilurlar. Maishatimizni rohatda bo’lmog’i jasadimizning sog’lom bo’lmog’iga bog’lidur. Biz sihatimizni saqlamak ila amr o’linganmiz, shuning uchun vujudimizi hifzi-sihatga zid bo’lgan yomon odatlar ila churitmakdan saqlanmakligimiz lozimdur. Badan tarbiyasining fikr tarbiyasiga ham yordami bordur. Jism ila ruh ikkisi bir choponning o’ng ila terisi kabidur. Agar jism tozalik ila ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponning ustini qo’yib astarini yuvub ovora bo’lmoq kabidurki, har vaqt ustidagi kiri ichiga uradur. Fikr tarbiyasi uchun mahkam va sog’lom bir vujud kerakdur. Shuning uchun ota-onalar bolalari kasal bo’lgan zamon beparvolik qilmay, tezlik ila tabib yoki do’xturga boqizmak kerak.
Imom Shofe’i hazratlari: «Ilm ikki xildur: biri badan ilmi, ikkinchi din ilmi», – demishlar. Bunga qaraganda eng avval hifzi sihat qoidalarini bilmak, salomatlikga ters bo’lgan narsalardan saqlanmak ila bo’ladur.
Ichkulik, ko’knor, nasha, afyun, taryok, chilim, nos, popirus kabi badanning salomatlikig’a zararli, og’ulik, ba’zisi harom, ba’zisi makruh, ba’zisi isrof bo’lgan narsalardan qochmak, saqlanmak shariat, aql, hikmat yuzasidan lozimdur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Har narsa ko’p ichganda mast qiladurgan bo’lsa, man sizni aning ozginasidan ham nahy qilaman», – demishlar.
Salomatlikni saqlov lozim ishdur.
Gunahdin saqla jisming yoz-u qishdur.
Kasal bo’lsang, bo’lur dunyo qorong’u,
Maishat talx o’lub hasrat chekishdur.
Harom-u shubhadan pok et o’zingni,
Bu dunyo aysh-u ishratdan kechishdur.
Hama ishratchi hijronlikda ketdi,
Bu olamda bir ish ishlab ketishdur.
Turkiy guliston yoxud axloq kitobi
FIKR TARBIYASI
Fikr tarbiyasi eng kerakli, ko’p zamonlardan beri taqdir qilinub kelgan, muallimlarning diqqatlariga suyalgan, vijdonlariga yuklangan muqaddas bir vazifadur. Fikr insonning sharofatlik, g’ayratli bo’lishiga sabab bo’ladur. Bu tarbiya muallimlarning yordamiga so’ng daraja muhtojdurki, fikrning quvvati, ziynati, kengligi muallimning tarbiyasiga bog’lidur. Dars ila tarbiya orasida bir oz farq bor bo’lsa ham, ikkisi bir-biridan oyilmaydurgan, birining vujudi birig boylangan jon ila tan kabidur.
Masalan: joy solinmagan yaxshi bir uyning ichida o’tirmak mumkin o’lmadig’i kabi, ichiga har xil yangi ashyolar to’ldurub ziynatlangan eski imorat ham o’lturushga yaramaydur. Basharti o’ltursa, insonlar: «Eski uyga yangi zoldivor», «kir ko’ylakka jun jiyak», «mis qozonga loy tuvoq» deb hajv, kulgi qilurlar.
Fikr agar yaxshi tarbiyat topsa,
Xanjar, olmosdan bo’lur o’tkur.
Fikrning oyinasi olursa zang,
Ruhi ravshan zamir o’lur benur.
Dostları ilə paylaş: |