Abdulla avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq” asari tahlili
Turkiy guliston yoxud axloq” asaridan parcha
Mashhur o‘zbek ma’rifatparvari, shoiri va jamoat arbobi Abdulla Avloniy 1878 yil 12 iyulda Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan. Eski maktabda savod chiqardi, madrasada tahsil oldi. Oiladagi moddiy qiyinchiliklar tufayli bolaligidan odamlar eshigida mehnat qildi, g‘isht quyish, suvoqchilik, pechkachilik, duradgorlik, binokorlik kabi kasblar bilan shug‘ullandi, «Imoratchi usta» degan nom oladi. Abdulla Avloniy she’rlari 15 yoshidan boshlab matbuotda ko‘rina boshladi. Jadidchilik harakati rahbarlaridan biri bo‘lgan Avloniy 1904 yilda Toshkentning Mirobod mahallasida jadid maktabini, 1909 yilda «Jamiyati xayriya» uyushmasini tashkil etadi. 1905-1917 yillarda matbuotdagi qizg‘in faoliyati, ko‘plab publitsistik maqolalari bilan «bir yoqdan milliy islohot uchun mafkura hozirlag‘on, ikkinchi yoqdan el orasiga o‘zgarish tuxmini sochg‘on» ham( Abdulla Avloniy bo‘ldi. Avloniy o‘zi nashr etgan «Shuhrat» (1907) nomli gazetasi faoliyatini shunday baholagan edi.
U Turkistonda birinchilardan bo‘lib maktabga geografiya, kimyo, xandasa, fizika fanlari kiritilishiga ta’sir ko‘rsatdi, ta’limni real turmush bilan bog‘lashga intildi, bir dars bilan boshqasi o‘rtasida muayyan tanaffusni, bir sinfdan ikkinchisiga o‘tishdagi imtihonni joriy etdi, ta’lim tizimining dunyoviy yo‘nalishini kuchaytirshiga alohida e’tibor berdi. Uning «Birinchi muallim» («Muallimi avval», 1909), «Ikkinchi muallim» («Muallimi soniy», 1912) nomli darsliklari, «Turkiy guliston yoxud axloq» (1913), «Gulistoni maktab» (1917), «Adabiyot yoxud milliy she’rlar» (1909-1916, 6 qism) kabi qo‘llanmalari maktablarda o‘qitilgan.
Avloniy «Turon» (1917) gazetasiga «Yashasin xalq jumhuriyati» degan shiorni tanladi, «Turon» nomli teatr to‘garagini tashkil etib, iqtidorli yoshlarni to‘pladi, ayrim rollarni ijro etishda o‘zi ham qatnashdi. Shoir Afg‘onistonda elchi bo‘ldi, turli o‘quv yurtida dars berdi. Abdulla Avloniyning Hijron, Nobil, Indamas, Shuhrat, Surayyo, Shapaloq, Chol, Ab, Chegiboy degan taxalluslari bo‘lgai. U 1934 yil 24 avgustda Toshkentda vafot etdi. Avloniy ijodi bo‘yicha Begali Qosimov ilmiy izlanishlar olib borgan.
Asarlari: «Advokatlik osonmi» (1914, qahramonlari: Davronbek, Xudoyberdi, uyini garovga qo‘yib, qarz hisobiga uylangan Egamberdi va boshqalar), «Pinak» (1916), «Biz va siz» (1917), «Portugaliya inqilobi», «Ikki muhabbat», «Bo‘ron» kabi pesalari, «Tulki ila qarg‘a» masali, «Mardikorlar ashulasi», «Vatan» (1916), «Maktab», «Bog‘cha», «Yalqov shogird tilidan», «Tog‘lardan bir manzara», «Millatga xitob», «Ishchilara tortuq», «Ko‘klam keldi», «Tovush» kabi she’rlari, «Maqsad va maslak» (1908 yil 9 aprel), «Holimizga doir» (1908 yil 14 fevral) kabi maqolalari, «Hasad balosi» majoziy hikoyasi va boshq.
Ma’lumki, inson barkamolligi uning tashqi ko’rinishiga qarab emas, balki uning ma’naviy dunyosiga qarab belgilanadi. Jamiyatning ravnaqi va kelajagi ana shu jamiyatda yashovchilarning ma’naviy kamolotiga bog’liq.
Zero, ma’naviy qashshoq insonlar bilan kelajagi porloq jamiyat qurib bo’lmasligi hayot haqiqatidir. Barkamol insonni tarbiyalash vazifasi esa muayyan darajada maktab zimmasiga yuklatilgan. Demak, ertangi kun egalari bo’lmish farzandlarimiz kamoloti ana shu ilm maskani bilan bog’liq. Bas, shunday ekan, butun e’tiborimizni maktabda olib borilayotgan ta’lim-tarbiya ishiga qaratmog’imiz lozim. Bu esa, asosan, tarbiyachi-murabbiyga, u olib borayotgan tarbiyaviy ish samaradorligiga bog’liq. Odamlar o’rtasida mehr-oqibat, haqiqiy insoniy munosabatlarni qaror toptirishda sinf tarbiyaviy soatlari xushaxloqlik tarbiyasi saboqlari – katta ahamiyatga ega. Zero, yaxshi tarbiya insonning bebaho boyligidir.
Tarbiya vositasida yosh avlodni yetuk insonlar qilib yetishtirish oldimizda turgan eng dolzarb mavzulardan biridir.
Maktab milliy madaniyat, milliy urf-odatlar va qadriyatlarimiz asoslarini o’rgatadigan asosiy maskandir. Zotan, o’zligini, o’z ajdodlari kim ekanligini, o’z tili, o’z milliy madaniyati va tarixini, qadriyatlarini, urf-odatlari va an’analarini, tarixiy ma’naviy merosini bilmay turib haqiqiy baynalmilal inson bo’lish ham mumkin emas.
Jumladan, o’z vataniga, o’z millatiga – xalqiga sadoqat, fidoyilik, bag’rikenglik, adolatlilik, kamtarlik, mehr-muruvvatlilik, o’zligini anglash, sevgi, vafo, ilmga chanqoqlik, yuksaklikka intilish, mehnatsevarlik, bardoshlilik, sabr-qanoat, saxovatlilik, jasoratlilik, ogohlik, turli illatlarga qarshi kurashuvchanlik, andishalilik, mehmonnavozlik, do’stlik va birodarlikni ulug’lash, avlod-ajdodlariga cheksiz hurmat-ehtirom, o’z millati, tilini va qadriyatlarini avaylab-asrash kabilar millatimizga xos xususiyatlardir.
1913-yilda quyida keltirilgan xususiyatlarni o’zida jamlagan A.Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq” asari bosilib chiqdi. Ushbu asarida Abdulla Avloniy tarbiyada bolalarning fikrini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor bilan qaratadi.Negaki, fikrlash iqtidorini egallash oliyjanob g’oyalar tomon intilish demakdir. Shunday ekan, aqlli odamning axloqsiz bo’lishi qiyin. Avloniy ana shu ikki tushunchalarni yaqin va birlikda ko’radi.
Nihoyat, gap xulqqa kelib taqaladi. Avloniy ularni ikkiga – yaxshi va yomon xulqqa ajratadi.
Muallifning fikricha, aql bilan ish tutish – fatonat, sa’y-g’ayrat, shijoat, ilm egallash, pokizalik, nazokat, sabr-toqat, intizom, vijdonli bo’lish, vatanni sevish, haqtalablik, hamma narsaga ibrat ko’zi bilan qarash, hayo, iffat, til odobi, idrok va zako, munislik va xayrixohlik, sadoqat, adolat, muhabbat, afv kabilarni yaxshi xulq sirasiga kiritadi va mukammal inson uchun zarur bo’lgan fazilatlar deb hisoblaydi. Adib bularning har biriga alohida-alohida to’xtalib o’tadi. O’z mulohazalarini dalillash uchun Aristotel, Platon, Gippokrat, Sa’diy, Mirzo Bedil singari mashhur mutafakkirlarning fikrlarini keltiradi. Adib har bir axloqiy kategoriyaga o’z munosabatini bildirganda, albatta, o’sha fikrini ifodalovchi bayt yoki biror maqol-hikmat ilova qiladi.
“Bir tog’ning o’rnidan ko’chib ketganini eshitsangiz, ishoningiz, ammo bir odamning xulqi boshqa bo’ldi deb eshitsangiz ishonmangiz”, - demishlar.
Xulqi yomon yuz, ko’zlidin na sud
Yuz, ko’zli xulqni qilmas kashud
Xulq mariziga davo istasang,
Marg davosin berilur qistasang.
Xulqi yomoning keturar ko’p zarar
Xulqing o’zi boshingga kaltak urar.
Xulqi fano bo’lsa degil alhazar,
Xor-u zalilikda qolur darbador.
Axloq ulamosi insonlarning xulqlarini ikkiga bo’lmishlar Agar nafs tarbiyat topib, yaxshi ishlarni qilurga odat qilsa, yaxshilikg’a tavsif bo’lub “yomon xulq” deb atalur.
Avloniy shu bilan birga, so’zning inson qadr-qimmatini belgilashdagi roliga umuminsoniy qarashlardan kelib chiqib baho beradi. So’zning ma’nosiga alohida diqqat qildi. Til va so’z odobiga oid umuminsoniy fikrlarni davom ettirdi. “So’z insonning daraja va kamoloni, ilm va fazlini o’lchab ko’rsatadurg’on tarozisidur. Aql sohiblari kishining dilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qimmatini so’zlagan so’zidan bilurlar…”
“Agar so’z aql va hikmatga muvofiq bo’lib, o’ziga yoki eshituvchiga bir foyda chiqaradurg’on bo’lmasa, asalarilar orasidan go’ng’illab yurgan qovog’arilar kabi quruq g’o’ng’illamoq faqat bosh og’rig’idan boshqa narsa emasdir. Boshimizga keladirg’on qattiq kulfatlarning ko’pi yumshoq tilimizdan keladur. Shuning uchun “Ko’p o’yla, oz so’zla” – demishlar”.
Insonni bezaydigan sifatlar ko’p. Chinakam inson yalqovlik va dangasalikni o’ziga nomus deb biladi. Yoshligidan ilm, ma’rifatga, hunar va san’atga mehr qo’yadi. Mehnatning aybi yo’q. Qora ishchi bilan olimning zahmati ko’rinishidangina tafovutli. Ammo ularning har ikkisi ham mehnat qiladi. Mehnat bilan kun kechirish esa buyuk saodat. Aksincha “… bu ko’murchilik, bu temirchilik – manga munosib ish emas, deb dangasalik qilub, ishsiz yursa, zo’r ayb, g’ayratsizlikdur…”
Shuningdek, inson moddiy ne’matlarni yaratishdan tashqari, ularning qadriga ham yeta bilmog’i kerakligi haqida to’xtaladi.. Bular o’zaro juda yaqin, biri ikkinchisidan kelib chiqadurg’on tushunchalardir. Kimki bir parcha nonni mehnat bilan topsa, uning qadriga ham yetadi. Bu haqda adib quyidagi fikrni bayon etgan edi: “Iqtisod deb pul va mol kabi ne’matlarning qadrini bilmakni aytilur. Mol qadrini biluvchi kishilar o’rinsiz yerga bir tiyin sarf qilmas, o’rni kelganda so’mni ayamas. Saxovatning ziddi baxillik o’ldig’i kabi iqtisodning ziddi isrofdir…”.
Avloniyning “Hayo dilni ravshan qiladirg’on bir nurdirki, inson har vaqt shul ma’naviy nurning ziyosiga muhtojdir” degan fikri ham o’rinli bolib, unda ma’naviy nurning ziyosi xususida to’xtaladi.
Zero, Hazrati Luqmon: “Iffat nomusning eng mahkam suyanchig’idir. Nafsning hujumiga shul quvvat ila muqobala qilinur” deydi.
Avloniy xulq haqida so’z yuritganda masalaga shunchaki, umumiy yondashib qo’ya qolmay, balki aniq gap aytishga intiladi. Adibning diqqat markazida hamisha insoniylik mezoni turadi. Bu mezon esa doimo keng omma manfaatlari nuqtayi nazarini ifoda etadi.
"TURKIY GULISTON YOXUD AXLOQ" - bu Abdulla Avloniyni Axloq to`g`risidagi kitob .- So`z boshi Abdulla Avloniy Yaxshi xulqlar , yomon xulqlar // Axloq — 1917-yil. XIX asrning ikkinchi yarmi XX asrning boshlarida Turkiston (Markaziy Osiyo) o'lkasida pedagogik fikrlarning rivojlanishida, xalq maorifi ishlarini yuksaltirishda ilg'or ziyolilarning xizmatlari kattadir. Bunda jadid adabiyotining yirik vakili shoir, dramaturg, muallim Abdulla Avloniy (1878-1934)ning xizmatlari ko'p. U maktablar ochib, shaxsan o'zi muallimlik qilish bilan birga maktablarni darsliklar bilan ta'minlash ishiga katta hissa qo'shdi. Uning qalamiga mansub «Turkiy Guliston yoxud axloq», «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim» «Maktab Gulistoni » asarlari bir necha bor nashr etildi. Bular ichida «Turkiy Guliston yoxud axloq» asari o'zbek klassik pedagogikasining ajoyib namunasi hisoblanadi. Abdulla Avloniy mazkur asarni fors klassik shoiri shayx Muslihiddin Sa'diy (11841310)ning «Guliston» asaridan ta'sirlanib, unga taqlid qilib yozganligi haqida shunday deydi: «Ban bu asari nochizonami bir necha muallim birodarlarimning iltijolari ila yozmoq va nashr qilmoqg'a g'ayrat va jasorat qilmish edim. Alhamdu lilloh val minna ikkinchi tab'ihada muvaffaq o'ldum, chunki Turkiston maktablarida o'z shevamizda (o'zbek tilida demoqchi) yozilmish mukammal «Axloq kitobining shunday asarga tashna va muhtoj ekanlig'i o'zum muallimlar jumlasidan o'ldig'imdan manga ham ochiq ma'lum o'ldi. Shuning uchun ko'p vaqtlar tajriba so'ngidan adibi muhtaram shayx Sa'diy usulida yozmoqni, garchi og'ir ish bolsa ham, o'zimga muqaddas bir vazifa ado qilaroq bu kamchilikni oradan ko'tarmakni munosib ko'rdim». Demak, aytish mumkinki, «Turkiy Guliston yoxud axloq» Sa'diyning «Guliston» asari usulida o'zbek tilida yozilgan axloq kitobidir. Abdulla Avloniyning mazkur asari 1913 yilda Toshkentda Ilin bosmaxonasida litografik (toshbosma) usulida nashr etildi. Asar bunday darslikka bo'lgan ehtiyojni hisobga olib 1917 yilda ikkinchi marta chop qilindi. Har ikki nashr ham hajm jihatidan bir-biridan farq qilmaydi. Faqat birinchisi kotib Abdusalom Abdurahmon o'g'li, ikkinchisi kotib Abdul Mannon ibni Abdul Majid (o'zbek milliy teatrining mashhur aktyori Mannon Uyg'ur Majidov) dastxatidir. «Turkiy Guliston yoxud axloq»ning uchinchi nashrini 1967 yili «O'qituvchi» nashriyoti amalga oshirdi. Bunda asarda uchragan diniy iboralar, Hadisdan olingan hikmatlar davr talabiga ko'ra tushirib qoldirildi. Asarni «O'qituvchi» nashriyoti 1992 yil asli nusxa yozuvida (arab yozuvi asosidagi o'zbek yozuvida) va rus alifbosi asosidagi o'zbek yozuviga o'girilgan matni bilan birga, shuningdek, qiyin so'zlar lug'ati ilova qilingan holda bosib chiqardi. «Turkiy Guliston yoxud axloq»ning qo'lingizdagi beshinchi nashri sobiq nashrlar ichida eng mukammalidir. Bunda kotib Mannon Uyg'ur dastxati matnining faksimeli, lotin yozuvi asosidagi yangi o'zbek yozuviga o'girilgan matni, qiyin so'zlar lug'ati berilgan. Bundan tashqari Abdulla Avloniyning «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim» «Maktab Gulistoni» asarlaridan tanlangan hikoya, she'rlari ham ilova qilindi.
Men bu asari nochizonimni birinchi maktablarimizning yuqori sinflarida ta’lim bermak ila barobar ulug’ adabiyot muhiblari, axloq havaskorlarining anzori oliylarina taqdim qildim.