Relyasion konsepsiya vakillari (Arastu, Avgustin, al-Kindiy, Ibn Sino, Nosiri Xisrov, Faxriddin Roziy, Nasriddin Tusiy, Dekart, Leybnits, Toland, Boshkovich, YUm, Fixte, Kant, Xegel) ning fikricha, fazo - moddiy dunyoning tarkibiy tuzilishi tartibining namoyon bo‘lishi, jismlarning o‘zaro joylashish o‘rinlari va moddiy narsalarning mavjudligi tartibini ifodalaydi. Fazo - juz’iy holda ham, umumiy holda ham moddiy dunyoning holatiga bog‘liqdir; materiya fazoning mavjudligi uchun asosiy vositadir; fazo - nisbiydir. Vaqt esa materiyaning atributi (ajralmas xususiyati), u materiyadan tashqarida mavjud bo‘lishi mumkin emas, vaqt munosabatlari nisbiydir, vaqtning davomiyligi moddiy ob’ektlarning o‘zaro aloqadorligiga, hisob sistemasiga bog‘liqdir.
Hozirgi zamonda borliqning turli tashkiliy struktura darajalariga aloqador bo‘lgan fizik, ximiyaviy, geologik, biologik, fiziologik, ijtimoiy (sotsiologik), psixologik fazo va vaqt haqidagi konsepsiyalar ham yaratilmoqda. Bunday konsepsiyalarda olamning tuzilishi jihatdan xilma-xilligi va birligi, ko‘p qirraliligi va cheksizligi, murakkabligi va nihoyasizligi asoslanmoqda.
XX asr oxiri va X1X asrning boshlarida nazariy fizika, topologiya, chiziqli algebra, kvant fizikasi, qora tuynuklar fizikasi, relyativistik kosmologiya fanlarining rivojlanishi fazo va vaqt haqidagi tasavvurlarni jiddiy o‘zgartirdi. Ayniqsa, konseptual fazo (vaqt)ni informatsion texnologiya vositalarida modellashtirish yo‘llari osonlashgach, fazo va vaqtning turli-tuman modellarini tadqiq etish imkoniyatiga keng yo‘l ochildi. Bu tadqiqotlar olamdagi yagona, eng umumiy, universal va fundamental aloqadorlik - bu fazo - vaqt aloqadorligidir deb xulosa chiqarishga to‘liq asos berdi.
Falsafa tarixida makon va vaqt borliq ko‘rsatkichlarimi, ya’ni ular ob’ektiv xususiyat kasb etadimi yoki o‘z tabiatiga ko‘ra sub’ektivmi? SHu munosabat bilan mazkur kategoriyalarning materialistik va idealistik mazmunlari haqida so‘z Yuritish mumkin.
Makon va vaqt muammosini ob’ektiv idealizm nuqtai nazaridan yondashuvni o‘rta asrlar falsafasida ham kuzatish mumkin. Bu erda faqat Xudo makon va vaqtdan tashqarida deb fikrlanadi. Mazkur nuqtai nazarning shakllanishiga Avliyo Avgustin salmoqli hissa qo‘shgan. Idealistik qarashlar makon va vaqtning ob’ektivligini rad etish va ular ongning turli shakllariga qaramligini tan olish bilan bog‘liq. Sub’ektiv idealizm vakillari (Berkli, YUm, Max va boshqalar) makon va vaqtga individual ong shakllari sifatida yondashadi. Xususan, D.YUm uchun ular faqat idrokda mavjuddir. I.Kant ham makon va vaqtga sub’ektiv deb qaraydi, ammo ularni aprior, ya’ni insonga tajribaga qadar berilgan hissiy mushohada shakllari sifatida tushunadi. I.Kant makon va vaqtni inson hissiyoti shakli – kuzatish shakli sifatida talqin qiladi. Unga ko‘ra, aynan dunyoni bilishga harakat qilayotgan sub’ekt o‘ziga berilgan dunyoning muayyan makon va vaqtdagi shakl-shamoyilini yaratadi.