cover IqtNaz Kaf 04.ZAMONAVIY IQTISODIY NAZARIYA 10ta
Qishloq xo‘jaligidagi iqtisodiy inqirozlar agrar inqirozlar deb ataladi. Agrar inqirozlar quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi: 1) qishloq xo‘jalik
mahsulotlarining nisbiy ortiqcha ishlab chiqarilishi, uning sotilmay qolgan juda
katta zahiralarining to‘planishi; 2) narxlarning pasayishi, daromadlar va
foydalarning kamayishi; 3) fermerlarning ommaviy ravishda xonavayron bo‘lishi,
ularning qarzlarining ortishi; 4) qishloq aholisi o‘rtasida ishsizlarning ko‘payishi.
Qishloq xo‘jaligida takror ishlab chiqarish o‘ziga xos xususiyatlarga ega
bo‘lganligi sababli, agrar inqirozlar o‘ziga xos tavsif kasb etadi. Agrar inqirozlar
sanoat sikllariga qaraganda odatda ancha uzoqroqqa cho‘zilib boradi. Birinchi
agrar inqiroz XIX asrning 70-yillarida boshlanib, har xil shakllarda 90-yillar
o‘rtasigacha davom etgan edi.
Birinchi jahon urushidan keyin, aholining xarid qobiliyati juda pasayib ketgan
sharoitda, 1920 yil bahorida keskin agrar inqiroz boshlanib ketdi va ikkinchi jahon
urushining boshlanishga qadar davom etdi. Uchinchi agrar inqiroz 1948 yildan
boshlanib, 80-yillargacha davom etdi.
Agrar inqirozlarning cho‘zilib ketishining asosiy sabablari quyidagilar: a) yerga
xususiy mulk monopoliyasi sharoitida, u qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishining
rivojlanishida sanoatga nisbatan orqada qolishni taqozo etadi; b) yer rentasining
mavjud bo‘lishi va uning uzluksiz sur’atda o‘sib borishi. Yer rentasining, avvalo
absolut rentaning ko‘payishi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qimmatlashtirib yuboradi,
buning natijasida uni sotish qiyinlashadi; v) ko‘plab mayda dehqon xo‘jaliklarining
mavjud bo‘lishi. Mayda ishlab chiqaruvchilar xo‘jalikni asosan o‘zi va oilasi uchun
zarur tirikchilik vositalarini topish maqsadida yuritadi. Inqiroz sharoitida ham ular
ishlab chiqarishni qisqartira olmaydilar. Tirikchiliklarini o‘tkazish va ijara haqini
to‘lash uchun ishlab chiqarishni ilgarigi miqiyoslarda olib boraveradi. Bu hol qishloq
xo‘jalik mahsulotlarini ortiqcha ishlab chiqarishni yana ham ko‘paytirib yuboradi.