Umuminsoniy qadriyatlar va milliy ma’naviyatimiz uyg‘unligi. Milliy ma’naviyatizning teran tomirlari


Milliy ma’naviyatimizning umuminsoniy mohiyati



Yüklə 57,6 Kb.
səhifə4/4
tarix09.06.2023
ölçüsü57,6 Kb.
#127586
1   2   3   4
2 reja

Milliy ma’naviyatimizning umuminsoniy mohiyati
Aytilganlardan xulosa shuki, o‘z milliy ma’naviyatimizni tiklashga astoydil kirishganimiz aslo o‘zgaga g‘ayirlik ma’nosini bildirmaydi, balki umumbashariy muvozanatni, uyg‘unlikni, demakki, adolatni tiklashga urinishdir. Zotan, uyg‘unlik buzilsa, bashar ma’naviyati ham to‘kis bo‘lmaydi. Butun dunyo xalqlari bir-birini tushunib yashashga intilmog‘i lozim. Dushmanlik, g‘ayr ko‘zi bilan qarash emas, mehr bashariyatni birlashtiradi. Bu ulug‘ haqiqatni bizning ajdodlarimiz allaqachon anglab etganlar. Ammo o‘zgani tushunish uchun, o‘zgaga mehr ko‘zi bilan boqish uchun, avvalo, inson o‘zligini anglab etmog‘i kerak. O‘zligini anglamagan zot hech qachon o‘zgani tushunmaydi, uni holis qabul qilmaydi. Asli milliy ma’naviyatimizga bugungi ayricha e’tibor ham ushbu o‘zligimizni anglab etishga bo‘lgan kuchli ehtiyoj natijasidir.
Ma’naviyat doimo milliy bo‘ladi, shu bilan birga unda umuminsoniy qadriyatlarga zid narsa ham bo‘lmaydi, chunki har bir millatning mustaqil ma’naviy dunyosi, ma’naviy qiyofasi bir paytning o‘zida ichki mohiyatiga, o‘zak tomirlariga ko‘ra, o‘zga xalqlar ma’naviyati bilan umumiy jihatlarga, butun bashariyatni birlashtirib turuvchi mushtarak unsurlarga ega bo‘ladi. Ma’naviyatning yuqorida eslab o‘tilgan ta’rifini millat ma’naviyatiga tatbiq etadigan bo‘lsak, uni bemalol millat ruhidagi Borliq haqiqati bilan uyg‘unlik, deb atash joizdir. SHunday ekan, ayni millatimizni o‘zga millatlardan ajratib turuvchi mohiyatlar emas, balki birlashtiruvchi omillar milliy ma’naviyat zamirini tashkil etadi. Faqat buni jo‘n tushunish ham, jo‘nlashtirib talqin etish ham —xato. Ma’naviyatimizdagi eng umuminsoniy g‘oyalar ham nihoyatda milliy bir tarzda o‘zligini namoyon qiladi, ular boshqa millat ma’naviyati unsurlaridan nusxa ko‘chirish shaklida namoyon bo‘lmaydi.
Biz milliy urf-odatlarimiz, marosimlarimizga baho bermoqchi bo‘lsak, butun insoniyat manfaatlari nuqtai nazarini, alohida shaxs erkinligi, Vatan va millat manfaatlarini, milliy qadriyatlarimiz majmuyini yaxlit uyg‘unlikda olib qaramog‘imiz talab etiladi. Agar shu uyg‘unlikka mohiyatan muvofiq bo‘lsa yoxud loaqal unga zid bo‘lmasa, demak, maqbul, ammo insonlararo ziddiyat tug‘dirsa, nifoq solsa, yoki o‘zga shaxs erkini bo‘g‘sa, Vatan va millat manfaatlariga zid bo‘lsa, demak, maqbul emas. Ammo bir narsani esdan chiqarmaylik: biz milliy ma’naviyatimizni qadrlasak, uni rivojlantirishga urinsak, qaysidir o‘zga xalqlar, siyosiy kuchlar, bizdan gumondor bo‘lishi mumkin, bizning tilimiz, dinimiz, kiygan kiyimimiz yoki urf-odatlarimiz ularning didiga o‘tirishmasligi, tanlagan mustaqil yo‘limiz ular nazarda tutgan qoliplarga mos kelmay qolishi mumkin deb, oshiqcha «andisha»larga berilsak, demak, bu hanuz ongimizdagi qaramlik asoratidir. Ko‘nglimizda Haq nuri bilan bir ishga jazm qilar ekanmiz, o‘zgalarning noo‘rin shubha-gumonlari bilan hisoblashish, chumchuqdan qo‘rqib tariq ekmaslik bilan barobar.
Evropa xalqlari ijtimoiy va madaniy sohalarda o‘z tarixiy tajribalaridan kelib chiqib, ajdodlari qoldirgan merosga mos qilib, ilmiy andoza va o‘lchovlar yaratganlar, ta’rif va tizimlar shakllantirganlar. Agar ular yaratgan meros ta’sirida, unga ergashib boshqa bir xalq madaniy boylik hosil qilgan bo‘lsa (masalan, sovet davrida SSSR xalqlari vakillari yaratgan ko‘pchilik asarlarni olaylik), albatta, Evropa madaniyati andoza va o‘lchovlarini unga tatbiq etsa bo‘lar. Ammo o‘zbekning milliy tafakkuri oxirgi 70 yilda shakllangan deb bo‘lmaganidek, bugun endi ijtimoiyot mavzularida ilmiy mulohazalar yuritish uchun ongimizga kechagi zo‘raki joylashtirilgan sun’iy qoliplardan o‘ylamay-netmay foydalanishga urinishimiz ham o‘rinli emas.
Mavhum bir shakldagi umuminsoniy madaniyat, umuminsoniy ma’naviyat hayotda asli mavjud emas, jahon madaniyati turli o‘lka va mintaqalarning o‘ziga xos madaniyatlari majmuyidan iborat. Qanday millat, qanday xalq bo‘lmasin, bari-bir, uni muayyan insonlar tashkil etadi. Insonlarning har biri o‘z qiyofasi, o‘z fe’l-atvori, fikr andishalari, o‘z hayot yo‘li va orzu-niyatlariga ega. Ammo ularning barchasi Alloh yaratgan maxluqotning bir toifasi — bani odamga mansub bo‘lgani tufayli ularning barchasi uchun umumiy bo‘lgan muayyan qadriyatlar majmuyi ham mavjuddir. Bu qadriyatlar har bir millat, har bir inson uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ularning ko‘rko‘rona inkor etilishi, tan olinmasligi butun bashariyat uchun halokatli bo‘lishi mumkinligini jahon tarixi tajribasi ko‘p marta isbotlangan. Albatta, bunday qadriyatlar barcha insonlar, barcha millatlar tomonidan birdaniga, azal ibtidodan anglab etilgan, idrok qilingan deb bo‘lmaydi. Umuminsoniy qadriyatlar har bir millatning ma’naviy mulkiga aylanishi uchun asrlar, balki ming yillar kerak bo‘ldi. Hatto bugun ham barcha insonlar, barcha elat va toifalar ularni tugal anglab etgan, deyish qiyin.
Masalan, eng asosiy umuminsoniy qadriyat — har bir dunyo yuziga kelgan insonning yashash huquqini olaylik. Barcha ilohiy kitoblar insonning yashash huquqini himoya qiladi, o‘zgalarga nohaq ozor etkazmaslikka, insonni nobud etmaslikka chaqiradi. Ammo insonlar doimo ushbu da’vatga rioya etib kelmoqdami? Qaytaga, o‘sha kitoblar qatidan o‘zlariga maqbul bo‘lmagan o‘zga insonlarni yo‘q qilish uchun fatvolar izlaydilar, o‘zlarini "musulmon", o‘zgalarni "kofir" deb e’lon qiladilar. Holbuki, insonlar e’tiqodi haqida hukm chiqarish faqat Allohga tegishlidir. Alloh hatto o‘z payg‘ambarlariga ham o‘zgalar ustidan hukm chiqarish huquqini bergan emas, Allohning rasullari faqat uning hidoyatini bandalaiga etkazishga mas’ul etilgan, ya’ni payg‘om (xabar) eltuvchidirlar. "Hukm qilish faqat Allohning o‘ziga xosdir", deyiladi Qur’oni karimning "An’om" surasi 57-oyatida. Atrof-muhit, tabiatga behuda ziyon etkazmaslik, yana bir umuminsoniy qadriyat bo‘lib, afsuski, bu ham hanuzgacha ko‘pchilik insonlar tomonidan amalda rioya etilayotgan qoidaga aylangani yo‘q. Insonlar, odatda, arzimas hoyu havaslari yo‘lida o‘z kelajaklari ildiziga ayovsiz bolta uradilar. YAna bir umuminsoniy qadriyat adolat tuyg‘usi bo‘lib, o‘zbek xalqining "pichoqni avval o‘zingga ur, og‘rimasa, birovga", degan o‘tkir ramziy maqoli bu qadriyatni kuchli bir tarzda ifodalaydi. Inson kofirga ham, musulmonga ham, do‘stiga ham, dushmaniga ham adolat yuzasidan muomala qilishi zarurligi ilohiy kitoblarda ham ochiq-oydin bayon etilgan. Alloh taoloning "Rahmon" ism sifatida uning Oliy adolati yorqin ifodasini topgan va bu ham insonga tabarruk ibrat bo‘lmog‘i kerak. Ammo adolat tarozisi pallalarini doimo teng tutish juda kam odamlarga nasib etib kelmoqda. YAratuvchilik mehnati bilan shug‘ullanib, o‘z moddiy ehtiyojlarini ta’min etish ham umuminsoniy qadriyat va tabiiy zaruratdir. Bu qadriyatni tan olgisi kelmay, aylanib o‘tishga, o‘zgalar mehnati hisobidan o‘z baxtini qurishga uringan kimsalar ham hanuz keragidan oshiq uchraydi. 130 yillik asoratdan so‘ng yangidan mustaqilligini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston jahon hamjamiyatida o‘z munosib o‘rnini egallashga intilar ekan, avval boshdan o‘z baxtini o‘zgalar hisobiga qurishga umid bog‘lamasdan, barcha xalqlar bilan teng, adolatli, do‘stona va samimiy munosabatlar o‘rnatishga tarafdor bo‘lib chiqmoqda, bashariyatning kelajagi uchun o‘zini ham boshqalar qatori mas’ul his etmoqda. Bunday yondoshuv o‘zbek xalqining mingyillik ma’naviy tajribasiga ko‘p jihatdan muvofiq keladi.
Umuminsoniyat tajribasi shundan dalolat beradiki, mustaqillikka erishgan har bir mamlakat o‘z milliy doirasida chegaralanib qolmasdan, boshqa xalqlar tomonidan to‘plangan moddiy va ma’naviy meroslardan oqilona foydalangan taqdirdagina taraqqiyot yo‘liga tusha oladi.Soddaroq qilib aytganda, har qanday xalq ma’naviyati o‘z millati doirasida, tor milliy biqiqlikda emas, balki boshqa xalqlar va millatlar ma’naviyati bilan aloqada, bog‘liqlikda, o‘zaro ta’sir va aks ta’sir etish asosida rivojlanadi.Bu milliy ma’naviyat va ayni vaqtda umuminsoniy ma’naviyat rivojlanishi va taraqqiy topishining asosiy qonuniyatlaridan biri sanaladi.Mazkur qonuniyatni hisobga olib, aytish mumkinki, milliy va umuminsoniy ma’naviyat bir-biri bilan bevosita bog‘liqdir. Ularning xar ikkalasi bir-biriga ta’sir etadi, biri ikkinchisini to‘ldiradi, mazmunan boyitadi.
O‘zbek xalqining milliy ma’naviyati ham faqat milliy asosda emas, shu bilan birga boshqa xalqlar,millatlar ya’ni umuminsoniy ma’naviyat va madaniyatlar ta’sirida o‘sdi va rivojlandi. Unga boshqa xalqlar va millatlar ma’naviyati o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi. O‘z navbatida o‘zbek xalqi ham boshqa xalqlar ma’naviyati va madaniyati taraqqiyotiga faol ta’sir ko‘rsatib kelganligini ko‘rishimiz mumkin.
Endilikda ma’naviyatimiz va madaniyatimizning buyuk namoyondalari al- Xorazmiy, al-Farg‘oniy, al-Farobiy, al-Beruniy, Ibn Sino, Zamahshariy, imom Buxoriy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Navoiy va boshqa allomalarning ma’naviy merosi umuminsoniyat ma’naviy merosining ajralmas qismiga aylanib qolganligi haqida Prezidentimiz shunday deb yozadi: “...keyingi paytda buyuk ajdodlarimizning so‘nmas dahosiga hurmat-ehtirom, ularning boy ilmiy merosini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish xorijiy ellarda ham ortib borayotgani barchamizni quvontiradi. Buning tasdig‘ini dunyoning turli mamlakatlarida ularning hayoti va faoliyati xaqida e’lon qilinayotgan ilmiy va badiiy asarlar, ulug‘ ajdodlarimiz xotirasiga barpo etilayotgan yodgorliklar misolida ko‘rishimiz mumkin. SHular qatorida Belgiyada Ibn Sinoga, Litvada Mirzo Ulug‘bekka, Moskva, Tokio va Boku shaharlarida Alisher Navoiy bobomizga, Misr poytaxti Kohira shahrida esa Ahmad Farg‘oniy xotirasiga o‘rnatilgan muxtasham haykallarni eslash joiz”.7
Hozirgi kunda yoshlarimizni ma’naviy barkamol, komil inson qilib tarbiyalashda yuqorida ta’kidlangan ikki muhim jihatni hisobga olgan holda ularni o‘zaro uyg‘un holda qo‘shib olib borish lozim. Biri xalqimizning boy ma’naviy merosini chuqur va har tomonlama o‘rganishimiz, o‘tmishdagi istibdod davrida unitilishga mahkum etilgan ma’naviy merosimizni tiklashimiz, zamonamizga muvofiqlardan, bizga foyda beradiganlaridan oqilona foydalanishimiz kerak. Ikkinchisi esa, boshqa xalqlar tomonidan yaratilgan ma’naviy boyliklar va ularning yutuqlaridan milliy xususiyatlarimiz va ruhiyatimizga muvofiq keladiganlarini ijodiy o‘zlashtirishimiz lozim.Mazkur ikki xususiyatning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash, payvand qilish natijasida yoshlarimizni ma’naviy jihatdan barkamol qilib kamolga etkazishning zamini yaratiladi.
Islom Karimov aytganidek: “Bizning milliy xususiyatlarimiz umuminsoniy qadriyatlar bilan bog‘lanib ketgan. Asrlar davomida xalqimiz umumbashariy, umuminsoniy qadriyatlar takomiliga ulkan hissa qo‘shgan. Turli millat vakillariga hurmat, ular bilan bahamjihat yashash, diniy bag‘rikenglik, dunyoviy bilimlarga intilish, o‘zga xalqlarning ilg‘or tajribalari va madaniyatini o‘rganish kabi xususiyatlar ham xalqimizda azaldan mujassam.”8 Umumjahon, umuminsoniy ma’naviyat esa hozirgi zamon ilg‘or millatlari taraqqiyotining zamini, tayanchi va negizidir. U barcha xalqlar manfaatiga mos keladigan ma’naviy hazina bo‘lib, milliy ma’naviyat bilan yagona tarbiyaviy ahamiyatga ega.

1 Каримов И.А. Истиқлол ва маънавият.-Т.: Ўзбекистон, 1994.-Б. 65-66.

2 Ўша китоб.-Б.100.

3puxta, mukammal, g'ubor tеgmagan.

4Qimmatbaho metallaming saraligini aniqlovchi mineral jism «mahak toshi» deb ataladi.

5 Каримов И.А. Асарлар. 4-жилд.-Б.332.

6 Каримов И.А. Асарлар.1-жилд.-Б.12.

7 Каримов И. А. Юксак маънавият-енгилмас куч. –Т.: “Маънавият”, 2008.-Б.48.

8 Каримов. И. А. Донишманд халқимизнинг мустаҳкам иродасига ишонаман. “Фидокор” газетаси, 2000, 8-июнь

Yüklə 57,6 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin