Birinchi atama avlod nomini bildirib, mikroorganizm morfologiyasi yoki fiziologiyasi yoki shu avlodni kashf etgan olimning ismi - sharifi yoki ajratib olingan muhitni ifodalaydi.
Ikkinchi atama esa kichik harflar bilan yozilib, mikroorganizm koloniyasining rangi, kelib - chiqish manbaini, yoki shu mikroorganizm yuzaga keltiradigan jarayon yoki kasallik yoki boshqa bir farqlantiruvchi belgilarni bildiradi. Masalan, Bacillus albusda birinchi so‘z - Vasillus -spora hosil qiluvchi, Gram musbat kabi xususiyatlarni anglatsa, ikkinchi so‘z - albus – mikroorganizm koloniyasi rangining oq ekanligini bildiradi (albus - oq).
Mikroorganizmlarga 1980 yil 1 yanvardan boshlab Xalqaro bakteriya nomenklaturasi kodeksi qoidalariga muvofiq nom beriladigan bo‘ldi. Mikroorganizmlarni yaqin belgilariga qarab guruhlash uchun tur (species), avlod (genus), oila (familia), tartib (ordo), sinf (classis), bo‘lim (divisio), saltanat yoki olam ( regnum) kabi taksonomiya kategoriyalari ishlatiladi.
Tur deb, fenotipik o‘xshashlikga ega bo‘lgan bir genotipga mansub indvidlar (osoblar) yig‘indisini bildiruvchi taksonomik birlikga aytiladi. Ular kichik tur (podvid) va variantlarga bo‘linadi.
Mikrobiologiyada shtamm va klon kabi atamalar ham ishlatilib, shtamm deganda har xil tabiiy muhitdan ( suv havzasi, tuproq va hoqazo) yoki bir muhitdan har xil muddatda ajratilgan yoki har xil ekologik muhit yoki geografik xududdan ajratib olingan birorta belgisi bilan farqlanadigan bir turga kiruvchi mikroorganizmlar guruhi tushuniladi.
Klon - bir hujayradan olingan mikroorganizm kulturasidir.
Bir turga kiruvchi individlarning to‘plami - (populyatsiyasi) toza kultura deyiladi. Mikrobiologiyada mikroorganizmlar evolyusiyasi va filogeniyasi haqida ma’lumotlar yetarli bo‘lmaganligi sababli, yuqori o‘simliklar va hayvonlar singari, tabiiy sistematikaga ega emas. Shuning uchun ham, mikroorganizmlar sistematikasi sun’iy bo‘lib, u mikroorganizmlarni tashxis va ularni identifikatsiya qilish uchun xizmat qiluvchi aniqlagich vazifasini bajardi.
Quyida biz, D. X. Bergining 1984 - yil 9 martda nashr etilgan "Bakteriyalar aniqlagichi" da keltirilgan eng muhim mikroorganizm-larining qisqacha tavsifini Ye.N. Mishustin (1987) ta’rifi bo‘yicha keltiramiz.
Aniqlagichda jami mikroorganizmlar yuqorida keltirilgan taksonlar bo‘yicha Rgosariotaedunyosiga (regnum) birlashtirilib, u o‘z navbatida to‘rt bo‘limga (divisio), bo‘limlar esa sinflarga (classis), tartiblarga (ordo), oilalarga (familia), avlodlarga (genus) va turlarga (spesies) bo‘linadi.
Mikroorganizmlar asosan, hujayra devorining bor-yo‘qligi, tarkibi va ularning turiga qarab bo‘limlarga, undan boshqa taksonomik kategoriyalarga (sinf, tartib, oila, avlod,tur) mikroorganizmlarning morfologiya, fiziologo - biokimyoviy belgilari yig‘indisiga qarab bo‘lingan.