REJA: Extiyoj, motiv va motivatsiyalarni aniqlash. A.N. Leontevning konsepsiyasida extiyojlar va motivlar.
Turli psixologiya maktabida motivatsiya muammosini o‘rganilishi.
Motiv turlari. O‘z-o‘zini tasdiqlash motivi. Identifikatsiya motivi. Hokimiyat motivi. O‘zini o‘zi kamol toptirish motivi. Maqsadga erishish motivi.
Motiv funksiyalarining xilma xilligi. Harakatga keltiruvchi va yo‘naltiruvchi funksiyalari. Motivning harakatga keltiruvchi, struktura hosil qiluvchi funksiyalari.
Motivatsiyaning irrasional va ratsional nazariyasi. Psixoanalizda motivatsiya. Bixeviorizmda motivatsiya muammosi. K.Levin maydon nazariyasining umumiy holati. A.Maslou extiyojlar iyerarxiyasi.
Shaxs va faoliyat strukturasida motivatsiya. Faoliyat turlari va ularni inson tomonidan o‘zlashtirilishi
Erishganlik motivi tushunchasi. Erishganlik va bezovtalanish motivlari aloqalari.
Garchand psixologik adabiyotlarda ayniqsa yosh va pedagogik psixologiyaga oid manbalarda motiv va motivatsiya masalasi ko’p bora ko’tarilgan bo’lsa-da, batafsil yoritilmagan. Masalan, ayrim psixologlar maktabgacha yoshda ayrim tarqoq situasion mayllar ma'lum motivlar tizimlariga aylanib borishini qayd etadilar. Biroq bu fikr atroflicha chuqurroq o’rganilmagan. Shunga muvofiq adabiyotlarda psixologlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar asosida motiv va motivatsiya tushunchasi turlicha talqin qilingan. Eng keng tarqalgan ta'riflarga ko’ra, motiv - bu kishini faoliyatga undovchi kuch, sabab yoki ehtiyojlar yig’indisidan iboratdir. Motiv tushunchasiga olimlar tomonidan quyidagicha ta'rif beriladi: A.Maslouning fikricha, motiv bu ehtiyojlar yig’indisidir. S.L.Rubinshteynning ta'kidlashicha, motiv bu ehtiyojning his qilinishi va qondirilishi. S.L Rubinshteyn. "Motivatsiya - bu psixika orqali amalga oshuvchi determinasiyadir". A.N.Leontev - motivni inson faoliyatiga yo’nalgan aniq ehtiyojlar va uni qo’zg’atadigan voqelik deb hisoblaydi. Motiv -ma'lum ehtiyojlarni qondirish bilan bog’liq faoliyatga undovchi sabab. Motivatsiya keng ma'noda inson hayotining (uning xulq-atvori, faoliyatining) murakkab ko’p qirrali boshqaruvchisi deb qaraladi. Motivatsiya - insonni faoliyatga undashning murakkab, ko’p darajali tizimi bo’lib, u o’zida ehtiyojlarni, motivlarni, qiziqishlarni, ideallarni, intilishlarni, ustanovkalarni, emotsiyalarni, normalarni, qadriyatlarni mujassamlashtiradi. Motivatsiya - murakkab tuzilma, faoliyatni harakatlantiruvchi kuchlar majmuasi bo’lib, u o’zini mayllar, maqsadlar, ideallar ko’rinishida namoyon qiladi va inson faoliyatini bevosita aniqlab, boshqarib turadi. Motivatsiya - odamni faol faoliyatga undovchi sabablar majmuidir. V.S.Merlin motivlar tizimlarining ayrim jihatlarini ancha batafsil yoritib bergan. U motivlar tizimlarining shakllanish jarayonini quyidagicha tasavvur etadi: "turli motivlar bora-bora o’zaro bog’liq va bir-biriga tobe bo’lib boradi hamda oxir oqibatda motivlarning yaxlit tizimi vujudga keladi". V.S.Merlin fikricha, motivlar tizimining shakllanishi jarayonida nafaqat motivlar barqarorligi, balki motivlarni anglash kabi shartlar bajarilishini talab etiladi. Demak, V.S.Merlin bo’yicha motivlari tizimlari o’zaro bog’liq va bir-biriga tobe shaxs motivlarining bir butun yig’indisidan iborat. Ammo V.S.Merlin garchi motivlar tizimlarining ayrimlarini haqiqatdan ham muhim jihatlarini ko’rsatib o’tgan bo’lsa ham, motivlar o’rtasidagi tizimli munosabatlarni motivlar tizimlari va faoliyat ko’rsatish muammosini tadqiq etmagan. Chet el psixologlari orasida A.Maslou ehtiyojlar ierarxiyasi nazariyasi bilan mashhurdir. O’z nazariyasida A.Maslou ehtiyojlarning quyidagi ierarxik qatorini ajratadi: fiziologik ehtiyojlar, xavfsizlikka bo’lgan ehtiyoj, muhabbat va boshqalar bilan bog’liq bo’lish ehtiyoji, hurmatga bo’lgan ehtiyoj, insonning o’z yashirin imkoniyatlarini to’laro namoyon etish va ro’yobga chiqarish ehtiyoji va boshqalarni kiritadi. A.Maslou fikricha, muayyan ehtiyojning qondirilishi uchun avval ierarxik qatorda undan oldingi ehtiyoj qondirilgan bo’lishi talab etiladi. Boshqacha qilib aytganda, A.Maslou konsepsiyasida ierarxiyada yuqori o’rinni egallovchi ehtiyojlar quyi o’rindagi ehtiyojlarga tobedir. A.Maslou konsepsiyasida motivasion jarayonlar boshqaruvida odam ongining ishtiroki, boshqaruvdagi roli e'tiborsiz qoldirilgan. Olim ehtiyojlar ierarxiyasidagi vertikal munosabatlarni tahlil qilib, bir darajada joylashgan ehtiyojlar orasidagi gorizantal munosabatlar esa o’rganilmagan. Mashhur nemis olimi Kurt Levin motivlar muammosi, ayniqsa, shaxsdagi ijtimoiy xulq motivlari borasida katta, keng qamrovli tadqiqotlar olib borib, shu narsani aniqlaganki, har bir odam o’ziga xos tarzda u yoki bu vaziyatni idrok qilish va baholashga moyil bo’ladi. Motivatsiya tushunchasini turlicha ifodalash, motivatsiyaning mazmuni va energetik tomoni haqidagi muhim savol psixologlar tomonidan ifodalab berildi. Xorij psixologlari uchun motivatsiya tushunchasini xarakterli aniq bir tomonlama energetik faollik manbai sifatida qaraladi, ular mazmunli tomoniga e'tibor bermay, aniq mexanizmlar sifatida energiya, boshqaruv va xulq-atvorga taqsimlaydilar. Ierarxik, darajaviy tuzilish - bu tizimlilik xususiyatiga ega bo’lgan hodisalarning bir jihatidir. Shu tufayli shaxs motivasion sohasining ierarxiyasini samarali tadqiq etish uchun uni motivasion hodisalarning boshqa jihatlari bilan aloqadorlikda o’rganish zarur bo’ladi. Motivasion hodisalar tizimliligini tadqiq etishda asosiy e'tibor esa bu hodisalar o’rtasidagi tizimli munosabatlarni o’rganishga qaratilishi kerak. Bu borada R.S.Vaysmanning shaxs motivasion sohasining tizimliligi haqida bildirilgan fikri alohida e'tiborga loyiq. Uning yozishicha, "Motivasion sohaning tizimliligi - motivasion o’zgaruvchilar o’rtasidagi aloqadorlik, xilma-xil munosabatlar mavjudligida namoyon bo’ladi. Shunday munosabatlardan biri ierarxik munosabatdir. Yana bir turdagi munosabatni "ro’yobga chiqarish" munosabati deb atash mumkin. Bu munosabat shuni anglatadiki, har bir ehtiyojning qondirilishida turli motivlar yig’indisining ro’yobga chiqarilishi mumkin. Uchinchi turdagi munosabat shunda namoyon bo’ladiki, har xil ehtiyojlarning qondirilishida bir motiv ishtirok etadi yoki aksincha, bir ehtiyoj qondirilishida turli motivlar qatnashadi. Bunday munosabat "o’zaro tobelik" munosabati nomini oldi. R.S.Vaysman shaxs motivasion sohasidan tizimli munosabatlarning juda qiziq tasnifini keltiradi. Ammo ajratilgan munosabatlar qatorini boshqaruv, tartiblashtirilganlik va shu kabi munosabatlar bilan to’ldirish mumkin bo’ladi. Qolaversa, R.S.Vaysman motivasion o’zgaruvchilar o’rtasidagi tizim hosil qiluvchi asosiy munosabatni ajratmagan, bir turdagi va har xil turdagi motivasion hodisalarni bir-biridan farqlamagan. Chet el olimlarining motivatsiya sohasidagi tadqiqotlari orasida G.Olportning motivlar funksional avtonomiyasi nazariyasi alohida o’rin egallaydi. Bu nazariyada motivlar transformasiyasi, tizimli rivojlanishi jarayon sifatida talqin etiladi. G.Olport o’z konsepsiyasida tizimlarning umumiy nazariyasi g’oyalaridan, ayniqsa, ochiq tizimlar haqidagi g’oyadan keng foydalangan. Olimning fikricha, shunday motivlar borki, ular yarim yopiq tizimlarning tabiatiga monand faoliyat ko’rsatadi va rivojlanadi, ya'ni funksional avtonomiyaga ega. Bir tizimga kiruvchi motivlarni G.Olport reaktiv, tashqi undovga muhtojlik qonunlariga bo’ysunuvchi motivlar, deb ataydi. Ammo G.Olportning ta'kidlashicha, shaxs ochiq tizimlar kabi o’zgaruvchi va rivojlanuvchi motivlar bilan tavsiflanadi, degan fikr haqiqatga yaqinroqdir. Agar avvalgi tizim motivlarning perseverativ funksional avtonomiyasi, deb atalgan bo’lsa, keyingi tizimni G.Olport propriativ funksional avtonomiya, deb ataydi. Ochiq, yopiq va yarim ochiq tizimlar haqida to’xtalar ekan u yopiq tizim modelini shaxs va uning motivatsiyasiga qo’llab bo’lmasligini ta'kidlagandi. Ochiq funksional tizim taraqqiyot uchun zamin hozirlaydi, uni esa undovchi muhtojlik doirasida tushuntirib bo’lmaydi. G.Olport tomonidan shaxs motivlarining ochiq tizimlar sifatida tahlil etilishi, shaxs va shaxs motivlari taraqqiyoti chegarasiz jarayon ekanligini ta'kidlash uchun imkoniyat beradi. Shunday qilib, biz shaxs motivasion sohasi haqidagi turli qarashlar, ularda tizimli yondashuv g’oyalarining aks etishi masalasini ko’rib chiqdik. Mazkur qarashlar motivatsiya sohasidagi zamonaviy tadqiqotlarning ajralmas qismiga aylandi. Ko’rsatib o’tilganidek, psixolog olimlar tomonidan motivasion soha tizimliligiga oid turli jihatlarni qayd qilinmoqda. Ayni damda motivasion mexanizmlar haqidagi tizimli yondashuvga asoslangan tasavvurlar turli yo’nalishlarda tadqiq etilmoqda. Biroq tadqiqotlarning barchasini bir yo’nalish - motivasion hodisalar o’rtasidagi ma'no hosil qiluvchi aloqa va munosabatlarni tadqiq etish atrofida birlashtirish mumkin. Ko’pchilik psixologlar fikricha, motivatsiya muammosi shaxs psixologiyasining markaziy muammosidir. Shaxs psixologik tuzilishining butunligi, xulq-atvor va uni harakatga keltiruvchi kuchlar o’rtasidagi aloqadorlik motivatsiya muammosini o’rganishda tizimli yondashuvni qo’llash uchun keng imkoniyat yaratib yeradi. Xorij psixologlaridan neofreydistlar hisoblanmish A.Adler, K.Yung kabilar tomonidan ilgari surilgan motiv va motivatsiya borasidagi nazariyalarga asosiy e'tiborni qaratamiz. A.Adlerning fikricha, insonni harakatga undovchi asosiy kuch uning faoliyati maqsadini aniqlovchi, ularga erishish yo’llari manbai hisoblanadi. Xornining ta'kidlashicha, inson xulqi motivatsiyasini boshqa motivlar yordamida aniqlash mumkin. Jumladan, birlamchi bezovtalanish atrof-muhitga nisbatan dushmanlik hissini tug’diradi, xavfsizlikka ehtiyoj esa insonni boshqa odamlar tomonidan baholash va o’z-o’zini baholashga nisbatan ichki intilishini vujudga keltiradi. E.Fromm ham o’z qarashlarida libido masalasiga katta e'tibor bermaydi, chunki uni qiziqtirgan muammo inson xulqi jabhalarida ijtimoiy va psixologik omillarning o’zaro ta'sir o’tkazish jarayonidir. Geshtalt psixologiya maktabi namoyondalari uchun motivatsiya o’ziga xos talqinga ega bo’lib, uning mohiyatini eksperimental tarzda o’rganishga nisbatan intilish yuqori ko’rsatkichga ega ekanligi bilan boshqalardan ajralib turadi. K.Levin (1890-1947) motivlarni eksperimental o’rganish metodikasini ishlab chiqib, ularni mutlaqo mustaqil holat sharoitida tushuntirishga harakat qilgan va bu borada muayyan muvaffaqiyatlarga erishgan. Geshtalt psixologiya maktabining namoyondalariga obraz tushunchasi qanchalik o’ta ahamiyatli bo’lsa, K.Levinning maydon nazariyasi uchun motiv kategoriyasi xuddi shunday muhim ahamiyat kasb etadi. Obraz va motiv o’zaro aloqasiz hukm surishi ta'kidlanadi, motivatsiyani amalga oshiruvchi vaziyatning predmetli ma'noviy mazmuni esa inkor qilinadi. K.Levin motivni quyidagicha ifodalaydi: motiv - muayyan muvaffaqiyatli mikrointervalda shaxsning bevosita yaqqol muhit bilan munosabatlaridan kelib chiquvchi voqelikdir. Uning mazkur nazariyasida insonda har xil ma'no anglatuvchi ikkita motivasion o’zgarish hukm surishi tan olinadi. Geshtalt psixologlarning asarlarida shunday qolatlar ham mavjudki, ularda xulq motivatsiyasi muammolari shaxsning muhim xususiyatlarini tahlil qilish negizidan kelib chiqib qaraladi. Ushbu holat G.Olport konsepsiyasida yaqqol ko’zga tashlanadi. Uningcha, eng muhim jihat bu inson xulqini o’zgarish sabablarini ochishdir. Shuning bilan birga mazkur vaziyatga olib keluvchi motivlar omillarini tekshirishlari ham alohida ahamiyatga ega ekanligini anglab yetish qiyin emas. Rus psixologlari orasida V.G.Aseevning tadqiqotlarida motivasion tizim masalasi ancha chuqur o’rganilgan. Uning fikricha, inson motivasion sohasining ontogenetik taraqqiyoti davomida bu soha tizimli rivojlanishga nisbatan moyillikni namoyon etadi. Bu moyillik V.G.Aseev ko’rsatishicha, stixiyali shakllanuvchi, undovchi kuchlarning kattaroq motivasion birliklarni o’zaro qo’shilib hosil qilishda namoyon bo’ladi. Motivasion tizimning birligi sifatida V.G.Aseev undovchi kuchlarni qayd etadi. Bu tushuncha doirasiga u motiv, ehtiyoj, qiziqish, intilish, maqsad, ideal, mayl, motivasion ustanovka va boshqalarni kiritadi. Shunday qilib, V.G.Aseev turli motivasion hodisalar, mayl turlari o’rtasida tizimli munosabat mavjud deb hisoblaydi. Demak, bunday yondashuvda motivasion tizim komponenti mayl bo’lib hisoblanadi. V.G.Aseev shaxs motivasion sohasining tuzilishi muammosiga ham katta e'tibor beradi. Uning qayd etishicha, inson motivasion sohasining tuzilishi quyidagi xususiyatlarga ega: situasion va impulsiv undovchilarning yonma-yon joylashganligi, shaxsiy mayllarning mazmun va dinamik sifatlariga ko’ra bir-biriga yaqinligi. Bu xususiyatlar motivatsiyaning tizimli sifatlarini o’rganishda katta ahamiyatga ega. Ayrim tadqiqotchilar masalan, V.E.Chudnovskiy, V.I.Kovalev motivlar tizimi va shaxs yo’nalishi o’rtasida aloqadorlik mavjudligini qayd etmoqda. P.T.Yakobson esa xulq-atvor motivatsiyasi muayyan qadriyatlar tizimlari bilan bog’liqligini ta'kidlab, motivlarni shaxs qadriyatlari orientatsiyasiga tobe birliklar sifatida o’rganishni taklif etadi. Uning fikricha, bunday izlanish ijtimoiy psixologik yo’nalishda amalga oshirilishi kerak. Motivlar tizimi tushunchasiga berilgan ancha keng ta'riflarni adabiyotlarda uchratish mumkin. Jumladan, V.S.Morozovning qayd etishicha, "Shaxs motivlar tizimini uning sub'ektiv ehtiyojlari, maqsadlari, g’oyalari, qarashlari, tasavvurlari shuningdek, intilishlari, shakllari va boshqalar tashkil etadi". Bunday ta'rifda "tizim" tushunchasi qanday ma'noda qo’llanilayotgani ancha noma'lum. Uni aniqlashtirish talab etiladi. Yuqorida tilga olingan muammolar bilan shaxs motivasion sohasining darajaviy tuzilishi muammosi bevosita bog’liq. Psixik hodisalarning darajaviy tuzilishi g’oyasi psixologiyada keng tarqalgan va tadbiq etib kelinmoqda va bu bejiz emas, zero darajali tuzilish haqidagi tasavvurlar turli psixik hodisalarning muayyan tizimga keltirilgan modellarini hosil qilish imkoniyatini beradi. Shaxs motivasion sohasida o’z darajasi va murakkabligiga ko’ra turlicha bo’lgan motivasion hodisalarning mavjudligi darajaviy tuzilishi haqidagi g’oyalarning bu yo’nalishda ham samarali qo’llash uchun sharoit yaratadi. Inson motivasion sohasining ierarxik darajaviy tuzilishi masalasi motivatsiya bilan bog’liq eng o’tkir va keskin bahslarga sabab bo’luvchi muammolardan biridir. hozirgacha alohida olingan motivasion hodisalarning ierarxik tuzilishi ehtiyojlar ierarxiyasi va boshqalar tadqiq etib kelingan. Ammo barcha motivasion hodisalarning yagona ierarxik tuzilishi haqidagi masala etarlicha o’rganilmagan. Rus psixologlari orasida motivlar ierarxiyasi masalasi A.N.Leontev, L.I.Bojovich va boshqalar tomonidan o’rganilgan. A.N.Leontev XX asrning 40- yillarida maktabgacha yosh davrida shaxs shakllana boshlashini ta'kidlar ekan, bu jarayon bolada motivlar ierarxiyasi tarkib topishi bilan bog’liqligini uqtirgan edi. A.N.Leontev fikricha, sub'ektning tashqi olam bilan birga munosabatlari kengayib borgan sayin motivlarning o’zaro solishtirilishi yuz beradi, buning oqibatida esa ular o’rtasida ierarxik munosabatlar shakllanadi. Motivlar ierarxiyasi olimning fikriga ko’ra, motivlar funksiyalari bilan belgilanadi. Boshqacha qilib, aytganda ierarxiyada yuqori o’rinni, ma'no hosil qiluvchi funksiyani bajaradigan motivlar quyi o’rinni esa stimul motiv egallaydi. Demak, A.N.Leontev motivlar funksiyasining ikki darajasini: ma'no hosil qiluvchi va stimul darajalarini ajratadi. Ammo A.N.Leontev o’z nazariyasida motivlar ierarxiyasining shakllanish jarayonida shaxsning sub'ektiv, faol roli qanday bo’lishini ko’rib chiqmaydi. L.I.Bojovich tadqiqotlarida, shuningdek, ayrim boshqa ilmiy izlanishlarda motivlar ierarxiyasining shakllanishi dominant motivlarning hosil bo’lishi bilan bog’lanadi. Har xil yosh bosqichlarida turli motivlar dominantlik qiladi. Ayrim motivlarning ustunlik qilishi shaxsning yo’nalishini belgilab beradi. Bunday yo’nalish shaxs motivlari o’rtasida nafaqat subordinasion, balki koordinasion munosabatlar ham hukm surishini taqozolaydi. Shaxsning jamiyatdagi ijtimoiy xulqi va o’z-o’zini qanday tutishi egallagan mavqei ham sababsiz o’z-o’zidan ro’y bermaydi. Faoliyatning amalga oshishi va shaxs xulq-atvorini tushuntirish uchun psixologiyada "motiv", "motivatsiya" tushunchalari ishlatiladi. Shaxsning jamiyatda odamlar orasidagi xulqi va o’zini tushunishi sabablarini o’rganish tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lgan narsa bo’lib, masalani yoritishning ikki jihati farqlanadi: a) ichki sabablar, ya'ni holati, harakat egasining sub'ektiv psixologik xususiyatlari nazarda tutiladi (motivlar, ehtiyojlar, maqsadlar, mo’ljallar, istaklar, qiziqishlar va hokazolar); b) tashqi sabablar - faoliyatning tashqi shart-sharoitlari va holatlari, ya'ni bular aynan aniq holatlarni keltirib chiqarishga sabab bo’ladigan tashqi stimullardir. Har qanday motivlarning asosida shaxsning ehtiyojlari yotadi, ya'ni maqsadli hayotda shaxsda avval u yoki bu ehtiyojlar bo’ladi va aynan ularning tabiat va zaruriyatiga bog’liq tarzda xulq motivlari namoyon bo’ladi. Masalan, talabaning o’quv faoliyatini olish mumkin. Bilim olish maqsadi bilim, ilm olish, qizuquvchanlik ehtiyojini paydo qiladi. Bu ehtiyoj taraqqiyotning ma'lum bir davrida, masalan, boqcha yoshidan boshlab qondirila boshlaydi. Bolaga sotib olib berilgan kitoblar, daftar va boshqa o’quv qurollari, ma'lum ta'lim maskanida tashkil etilgan shart-sharoitlar va u yerdagi bevosita bilim olishga qaratilgan faoliyatning o’zi bola uchun motiv o’rnini bosadi. Rus olimi R.Nemov shaxsdagi motivasion sohani quyidagicha tasavvur qiladi. Umuman har qanday shaxsdagi mavjud ehtiyojlarni ikki guruhga bo’lish mumkin. 1. Biologik ehtiyojlar - fiziologik, jinsiy moslashuv ehtiyojlari.
2. Ijtimoiy ehtiyojlar - bu mehnat qilish bilan estetik va ahloqiy, ma'naviy ehtiyojlar.
Ehtiyojlarni biologik hamda ijtimoiy turlarga bo’lgani bilan shu narsani unutmasligimiz lozimki, shaxsdagi har qanday ehtiyojlar ham ijtimoiylashgan bo’ladi, ya'ni ular o’sha jamiyat va muhitdagi qadriyatlar, madaniy normalar va insonlararo munosabatlar xarakteriga bog’liq bo’ladi. Xorij psixologiyasida o’qish motivlarining nazariy tahlili . O’qish, o’quv faoliyati motivlari haqidagi chet el olimlarining asarlarida ilgari surilgan g’oyalarini tahlil qilar ekanmiz, quyidagilarga e'tiborni qaratish joizdir. Jumladan, nemis olimi Z.Freyd va U.Makdaugall motivasion omil sifatida hayvonlardagi organik ehtiyojlarni, ya'ni instinktni odamlarga nisbatan qo’llay boshlashdi va inson fe'l-atvoriga bo’lgan qarashlar ichida birinchi nazariya sifatida maydonga chiqdi. Bulardan tashqari XX asr boshlarida yana ikki yangi yo’nalish paydo bo’ladi, bu motivatsiyaning xulq nazariyasi va oliy asab faoliyati nazariyasidir. Inson xulqi affektiv kognitiv determinasiyasi muammosini tahlil qila turib, kognitiv psixologiyaning boshqa vakili X.Xekxauzen shunday xulosaga keladi-ki, faoliyat determinasiyasi kognitiv (bilish) va affektiv jihatlari bir-biri bilan chambarchas bog’liq ekan, ulardan qaysi biri rag’batlantiruvchi kuch ekanligi haqidagi savol o’z ma'nosini yo’qotmadi. Ta'lim-tarbiya jarayonida o’qish motivatsiyasining o’rni butun dunyo olimlari tomonidan tan olingan va har tomonlama o’rganilgan. O’quv samaradorligini oshirishda o’quv motivatsiyasining rolini chet el olimlari o’z tadqiqotlarida tadqiq qildilar. Shu nuqtai nazardan turib, qo’zg’atuvchilardan tashqarida sodir bo’ladigan xatti-harakatlarni tushuntirish bo’yicha bir talay modellar ishlab chiqilgan bo’lib, ularni ko’rib chiqish ichki motivatsiyaning mexanizmlarini tahlil qilishda qo’l keladi. Shunday modellardan birini Olport taklif qiladi. Olport ichki motivatsiya bilan bog’liq bo’lgan uchta motivasion tushunchalarni tahlil qiladi: funksional avtonomiya, yetarli darajadagi harakat va "Men"ning jalb qilinganligi. U funksional avtonomiya tamoyilini faoliyat dastavval boshqa sabab bo’yicha paydo bo’lishi mumkin bo’lgan holda, o’zi uchun maqsadga aylanishi holatini tushuntirish uchun kiritadi. E.Torndayk tajribalarining alohida tomoni ularning juda tor va cheklangan xarakterga ega ekanligidadir: ular real o’quv jarayoni bilan juda oz darajada bog’langandir. Amerikalik mualliflar ko’proq o’quv jarayoni anglab yetilgan motivlari bilan emas, balki ayrim jihatlari kamroq fahmlanadigan ko’rinishda bo’lib, o’quv jarayoniga mayl-istak uyg’otadigan muammo o’qishni motivlashtirish masalalari bilan shug’ullanadilar. Bunday ilmiy ishlarning mualliflari, masalan, o’quvchining sonlarni yodlashiga, alohida xatti-harakatlariga qaysi psixologik jihatlar ta'sir ko’rsatishlarini o’rganadilar va shu yo’l orqali motivlashtirishning ayrim komponentlarini aniqlashga harakat qiladilar. Bu sohada ular E.Torndaykning izdoshlari hisoblanadilar. E.Torndayk o’quv jarayonini shunday ta'riflaydi: "O’quv jarayoni u yoki bu javob reaksiyasining ma'lum holati bilan muayyan bo’shliqlikda, ya'ni ushbu reaksiya hamda vaziyat o’rtasida ma'lum aloqa o’rnatilishi bilan izohlanadi. Torndayk kishi o’zi hohlagan reaksiyaning takrorlanishiga nisbatan ro’yxushlikning hamda o’zi hohlagan reaksiyaga nisbatan bo’lgan maylning ta'sirini o’rganishga harakat qiladi va shunday xulosaga keladi: "Bir xil sharoitda yuzaga kelgan jazolash omillari rag’batlantirish omillaridan ancha bo’sh va kuchsizdir". Keyingi kitobida esa: "Rag’batlantirish umuman o’ziga eltuvchi barcha aloqalarni yoqlash va kuchaytirish an'anasiga ega, jazolash esa tez-tez (lekin har doim ham emas) aloqalarni muayyandan noaniqqa o’zgartirish xususiyatiga egadir", - deb yozadi. Bruner ham o’qishni motivlashtirish masalasiga E.Torndaykdan boshqacha qaraydi. "O’quv jarayoni" nomli izlanishlarida Bruner o’quvchining real, yetarli darajada uzoq davom etadigan o’qish jarayoni tufayli tug’iladigan amaliy va nazariy muammolarni izohlashga harakat qiladi. Bruner o’qishni motivatsiyalash, yoki o’qish jarayoniga nisbatan o’quvchilarning moyilligini orttiruvchi omillar haqida emas, balki uning bilan birga, o’quvchining motivlari haqida ham fikr yuritadi. Garchi uning fikrlari umumiy xarakterda bo’lsa ham, ulardagi ayrim yo’nalishlari diqqatga sazovordir. Bu birinchi galda, o’qish jarayonida bilish xarakteridagi motivlarning ahamiyati va yangi narsani bilishdan paydo bo’ladigan ichki qanoat hissi, himoya masalalarining qo’yilishidir. Ta'lim berishda rag’batlantirish va jazolashning roli haqida juda ko’p yozilgan, lekin "yangilikni ochish"da qiziqishning, ichki kechinmalarning ahamiyati haqida juda kam gapirilgan. Agar biz pedagog sifatida bolalarni borgan sari kattaroq o’quv mavzularini egallashga o’rgatishni istasak, aftidan, o’quv dasturini puxta maydalab o’rganishda ko’proq ichki "ra’batlantirishni" qo’llashimiz lozim. Keyingi paytlarda muhokama etilayotgan predmetning murakkab bo’limlarini o’rganish usullaridan biri shundaki, o’quvchilarning imkoniyatlari hisobga olinsin, ularning o’z qobiliyatlari va kuchlarini yetarli darajada sarflay olishlari uchun sharoit yaratilsin, toki ular samarali mehnat faoliyatidan qoniqish hosil qilsinlar. Tajribali pedagoglar bunday mehnat gashtining kuchini yaxshi biladilar. Biron-bir muammoni hal qilishga chuqur sho’ng’ib ketgan kishi nimalarni his qilishini o’quvchilar bilishi lozim. Murakkab o’quv materialini o’zlashtirishda ichki motivning moyillik uyg’otuvchi kuch sifatidagi ahamiyati haqida Bruner shunday deb yozadi: "Shubhasiz, masalan, mavzu o’rganilishi jihatidan qanchalik davomli va materiali jihatidan keng bo’lsa, o’quvchi shunchalik ko’p intellektual "rag’batlantirish" olishi kerakki, ana shunda u keyingi mavzuni yetarli qiziqish bilan o’rganishga kirishadi. O’quvchi uchun materialni u qadar chuqur tushunmaslik, deylik, navbatdagi sinfga ko’chish singari tashqi jihatlar rag’batlantirish bo’lib xizmat qilgan hollarda, navbatdagi bilimlarni egallash uchun bo’lgan intilish bola sinfdansinfga ko’chishni tark etganda, ya'ni maktabni tugatganda to’xtaydi". O’quvchining ta'limini motivatsiyalash va diagnostika qilish haqida fikr yuritgan olimlar G.Levald (1985) va G.Rozenfeldlarning fikricha, bu ish amalga oshiriladigan vaziyatni ham hisobga olish kerak, chunki bu ta'lim motivasion diagnostikasi uchun muhimdir. G.Levald (1985) ta'lim diagnostikasi vaziyatni, yo’nalishni hisobga oladigan yoki tabiiy sharoitga mos bo’lishi lozim, -deydi. Masalan, rag’batlantiruvchi material haqiqiy hayotga mos kelishi lozim, chunki sun'iy shart-sharoit, muhit shaxsiy xususiyatlarning yuzaga chiqishiga salbiy ta'sir ko’rsatadi. Vaziyat nazariyasini diagnostika qilish vazifalarini tadbiq qilgan G.Rozenfeld (1975) ko’rsatadiki, vaziyat atrof-borliqning vaqtinchalik va fazoviy tavsifidir va u sub'ekt bilan ob'ektning integrasiyasi tomonidan belgilanadi.
O’quv motivlari - bu o’quvchilarni o’quv faoliyatining turli tomonlariga yo’naltirishdir. Masalan, o’quvchining o’zi o’rganayotgan ob'ekt bilan bajaradigan ishiga qaratilgan bo’lsa, ularni bilish motivlari deb atash mumkin. Agar o’quv faoliyati o’quv jarayonida turli kishilar bilan to’g’ri muloqot qilishga yo’naltirilgan bo’lsa, ijtimoiy motivlar namoyon bo’ladi. Boshqacha qilib aytganda, ba'zan o’quvchilarda bilish jarayoni, qolganlarida esa boshqalar bilan muloqot o’qish faoliyatini motivlashtirib turadi. A.K.Markova motivlarni 2 ta katta guruhlarga ajratgan. 1. O’quv faoliyatining mazmuni va uni bajarish bilan bog’liq bilish motivlari. 2. O’quvchining boshqa kishilar bilan o’zaro ijtimoiy (sosial) motivlari. Bu motiv turlari psixologik adabiyotlarda keng o’rganilgan. Psixologlar tomonidan o’quv motivatsiyasining salbiy va ijobiy tomonlari mavjudligi ta'kidlab o’tilgan. Salbiy motivlar o’quvchi tomonidan agar u o’qimasa, ko’ngilsizlik, noqulayliklar va noaniqliklarni vujudga kelishi bilan bog’liq holda anglangan undovchilardir. Ijobiy motivlar o’qish bilan bog’liq ijtimoiy ahamiyatga ega burchni bajarish, muvaffaqiyat qozonish, bilim egallashning yangi usullarini o’zlashtirib olish, atrofdagilar bilan yaxshi munosabat o’rnatishda o’z aksini topadi. Motivlarning yana bir xususiyati uning vujudga kelishi tezligi va kuchida o’z aksini topadi. Bu xususiyat o’quvchi qancha vaqt mobaynida ushbu motiv tomonidan undalgan o’quv faoliyati bilan shug’ullana olishida namoyon bo’ladi. O’qituvchining diqqat markazida o’quv motivlarining namoyon bo’lish shakllari turishi kerak. Bu asosda o’qituvchi o’quvchi faoliyatining motivlari haqida dastlabki tasavvurga ega bo’ladi. Shundan so’ng motivlarning ichki xususiyatlari salbiy modallikka ega bo’lgan ko’ngilsizlikdan qochish kabi beqaror motivlarga e'tibor berishimiz lozim. Psixologik ma'lumotlarga ko’ra, har qanday faoliyat muayyan motivlar ta'sirida vujudga keladi va yetarli shart-sharoitlar yaratilgandagina amalga oshadi. Shuning uchun ham ta'lim jarayonida o’zlashtirish, bilimlarni egallash va o’rganishni amalga oshirishni ta'minlash uchun o’quvchilarda o’quv motivlari mavjud bo’lishi shart. Bilish motivlari shaxsning (sub'ektning) gnesologik maqsad qo’yish sari, ya'ni belgilangan maqsadni qaror toptirishga, bilim va ko’nikmalarni egallashga yo’naltiriladi. Odatda bunday turdosh va jinsdosh motivlar nazariy ma'lumotlarning ko’rsatishicha, tashqi va ichki nomlar bilan atalib, muayyan toifani yuzaga keltiradi. Tashqi motivlar jazolash, taqdirlash, xavf-xatar va talab qilish, guruhiy tazyiq, ezgu niyat, orzu-istak kabi qo’zg’atuvchilar ta'sirida vujudga keladi. Bularning barchasi bevosita o’quv maqsadiga nisbatan tashqi omillar, sabablar bo’lib hisoblanadi. Mazkur holatda bilimlar va malakalar o’ta muhimroq boshqa hukmron (etakchi) maqsadlarni amalga oshirishni ta'minlash vazifasini bajaradi (yoqimsiz holat va kechinmalar yoki noxush, noqulay vaziyatdan qochish ijtimoiy, yoki shaxsiy muvaffaqiyatga erishish; muvaffaqiyatga erishuv muddaosi mavjudligi va hokazo). Bu turdagi yoki jinsdagi tashqi motivlar ta'sirida ta'lim jarayonida bilim va ko’nikmalarni egallashda qiyinchiliklar kelib chiqadi va ular asosiy maqsadni amalga oshirishga to’sqinlik qiladi. Masalan, kichik maktab 282 yoshidagi o’quvchilarning asosiy maqsadi o’qish emas, balki ko’proq o’yin faoliyatiga moyillikdir. Mazkur vaziyatda o’qituvchining o’qishga ularni jalb qilish niyati o’quvchilarning o’yin maqsadining ushalishiga halaqit berishi mumkin, lekin bunga izoq, talab dalillar yetishmaydi. Motivlarning navbatdagi toifasiga, ya'ni ichki motivlar turkumiga individual xususiyatli motivlar kiradiki, ular o’quvchi shaxsida o’qishga nisbatan individual maqsadni ruyobga chiqaruvchi qo’zg’alish negizida paydo bo’ladi. Chunonchi bilishga nisbatan qiziqishning vujudga kelishi shaxsning ma'naviy (madaniy) darajasini oshirish uchun undagi intilishlarning yetilishidir. Bunga o’xshash motivlarning ta'sirida o’quv jarayonida nizoli, ziddiyatli holatlar (vaziyatlar) yuzaga kelmaydi. Albatta, bunday toifaga taalluqli motivlar paydo bo’lishiga qaramay, ba'zan qiyinchiliklar vujudga kelishi ehtimol, chunki bilimlarni o’zlashtirish uchun irodaviy zo’r berishga to’g’ri keladi. Bunday xossalarga ega bo’lgan irodaviy zo’r berishlar tashqi halaqit beruvchi qo’zg’atuvchilar (qo’zg’ovchilar) kuchi va imkoniyatini kamaytirishga qaratilgan bo’ladi. Pedagogik psixologiya nuqtai nazaridan ushbu jarayonga yondashilganda, muloqotli vaziyatgina optimal (oqilona) deyiladi. Hozirgi davrda o’qish motivatsiyasini diagnostika qilishning boshqa yo’llari tavsiya qilinayapti: laboratoriya eksperimentlarini pedagogik tajribalar bilan (tabiiy diagnostika uslublarini qo’llash), shuningdek real o’quv jarayoni sharoitida o’quvchining ijtimoiy xulqini uzoq muddat o’rganish bilan to’ldirish mumkin (A.K.Markova), bu o’qish motivatsiyasini diagnostika qilish natijalarini tekshirish sifatida xizmat qilishi mumkin deb ta'kidlaydi. O’qish motivatsiyasini diagnostika qilish uni o’tkazish uchun uslub tanlash tamoyillarini aniqlashtirishni talab qiladi. Ta'lim motivatsiyasini diagnostika qilishga bo’lgan zamonaviy yondashuvlardan kelib chiqqan holda, eng kamida, quyidagilarni ajratish mumkinligi N.E.Efimova tomonidan tavsiya qilingan, biz ularni quyida keltiramiz.
1. Diagnostika o’tkazish uchun asos bo’ladigan ta'lim motivatsiyasi ko’rsatkichlarini belgilash.
2. Uch toifadagi diagnostika uslublarini tanlash, bevosita loyihaviy va bilvosita-ta'lim motivatsiyasi ko’rsatkichlarini diagnostika qilishga yo’naltirilgan uslublar.
3. Har bir uslubning ajratilgan ko’rsatkichlarga bo’lgan diagnostikaviy imkoniyatlarini aniqlash.
4. Mazkur metodika natijalarini namoyon qilish chog’ida hisobga olinadigan nazariyani uslubning metodologik asosini hisobga olish.
5. Metodika matnlarining o’quvchilar yosh xususiyatlariga mosligi.
6. O’quvchilar shaxsiy xususiyatlarini hisobga olish.
7. Diagnostikani o’tkazish Agar ijtimoiy motivlar ham ta'lim faoliyati uchun yetakchi hisoblansa, bir qator mualliflar (P.Ya.Galperin va boshqalar) ta'lim faoliyatiga nisbatan ularga tashqi motivlar sifatida qarashadi. P.Ya.Galperin fikricha, tashqi motivlar ta'lim jarayoni va predmetiga nisbatan "amaliy" munosabatda namoyon bo’ladi, bunda bilim keyingi faoliyat 283 uchun tashqi shart-sharoit sifatida qaraladi va u ichki ta'limga bo’lgan barqaror qiziqish bilan bog’liqdir. Tashqi motivlar ichida aynan tashqi yoki utilitar motivlar (bunda harakatning shakllanishi, sub'ekt moyil bo’lgan faoliyatni amalga oshiradigan shart-sharoit hisoblanadi) va musobaqaviy motivlar ajratiladi, bunda sub'ekt: boshqalarga va o’z-o’ziga o’zining oldingi muvaffaqiyatlarini qiyoslagan holda muvaffaqiyatlarga intiladi. P.M.Yakobson ta'lim jarayoni bilan bog’liq bo’lmagan ijobiy yoki salbiy motivlarni tashqi motivlar deb, ta'lim jarayoniga singdirilgan motivlarni esa ichki motivlar deb hisoblaydi. Ammo bir qator zamonaviy tadqiqot mualliflari, mazkur motivlarning o’qish sharoiti uchun ahamiyatini tushunishdan kelib chiqqan holda, o’qishning ijtimoiy motivlariga nisbatan "tashqi" degan terminni ishlatishdan qochadilar. Masalan, A.K.Markova bilish motivlari ichida keng ta'limiy (yangi bilimlarni o’zlashtirishga yo’naltirilgan), o’quv-bilim (bilim olish usullarini egallashga yo’naltirilgan) motivlarni farqlaydilar. Ijtimoiy motivlar ichida: keng ijtimoiy (jamiyatga foyda keltirish uchun bilim olishga intilish), pozisiyaviy (atrofdagilarning ma'qullashiga va obro’ orttirishiga intilish), o’qish davomida boshqalar bilan hamkorlik motivlari farqlanadi. M.V.Matyuxina ham o’qsh faoliyati jarayoniga singdirilgan quyidagi ikki toifa motivlarni ajratadi:
A) mazmun vositasida motivlashish (uchta darajasi mavjud, qiziqishqiziqarlilik, dalillarga bo’lgan qiziqish, voqealar mohiyatining kelib chiqishiga qiziqish):
B) jarayon vositasida motivlashish (uchta darajasi mavjud, ijrochilik faoliyatini bajarish sifatida, qidiruv ijrochilik qoidalarini keltirib chiqarish sifatida, ijodiy-mustaqil ravishda masalalar tuzish). O’quv faoliyatidan tashqarida mavjud bo’lgan motivlar: A) keng-ijtimoiy; B) tor-shaxsiy; V) salbiy. O’qish motivlarini ichki va tashi motivlarga bo’lishga kelsak, bu bo’linish funksional tabiatga ega va o’qish harakatlari va ular o’rtasidagi tuzilish jihatidan tahlil qilishni talab qiladi: ular orasida bevosita aloqa bo’lsa, tashqi motiv haqida gapirish mumkin. A.N.Leontevning fikricha, biz "faqat tushuniladigan" va real harakatdagi motivlarga duch kelamiz. Bola ko’pincha qancha o’qish zarurligini yaxshi tushunadi ( anglaniladigan motivlar), lekin bu narsa ham unga o’quv faoliyati bilan shug’ullanish uchun turtki bo’la olmaydi. Bu bilim mayl shaklini olsagina, biz real harakatda motiv bilan ish ko’rgan bo’lamiz. Faqat tushuniladigan motivlargina ma'lum sharoitda harakatdagi motivlar shaklini oladi. Bu narsa motivatsiyani qayta qurish uchun jiddiy ahamiyatga egadir. Maktabning vazifasi ham bola motivatsiyasini qayta qurishdan iboratdir. Ta'kidlash kerakki, A.N.Leontev nazariy tafakkurga ega bo’lish, asos sifatidagi bilish motivlarining rivojlanish masalasiga katta e'tiborni qaratgan. U 284 psixik jarayonlarining shunday dinamikasini ochishga harakat qildiki, bunday dinamika motivatsiya rivojlanishi asosida o’quvchilarni bilimlarni egallashga olib keladi. L.N.Bojovich ta'limni motivatsiyalash muammosi bo’yicha o’z oldiga o’quvchilarning o’qishga bo’lgan munosabati, psixologik jihatlari qanday maydonga chiqadi degan masalani hal qilishni maqsad qilib qo’yadi. Bu munosabatning psixologik mohiyatini ochadigan muhim jihatlardan biri "o’quvchilar o’qish faoliyati"ni belgilaydigan motivlarning yig’indisi hisoblanadi. Bunda ta'lim motivlari deganda, biz bola nima uchun o’ishga majbur bo’lishini tushunamiz". L.N.Bojovich ta'kidlashicha, o’qish motivlari bolaning asosiy munosabatlari bilan, uning ehtiyojlari va intilishlari bilan ichki aloqada bo’ladi. Aynan shu tufayli ular yetarli majburlash kuchiga ega bo’ladi. O’zbekiston psixologlari tadqiqotlarida motiv va motivatsiya muammosi O’quv faoliyati motivatsiyasi muammosi hamdo’stlik davlatlari qatori respublikamizda ham ilmiy tadqiqot olib borayotgan olimlar tomonidan keng miqyosda o’rganib kelinmoqda. Jumladan, keyingi yillarda mazkur ilmiy muammolarning turli jabhalariga nisbatan qiziqish yanada kuchayib bormoqda. Bunga yaqqol misol sifatida respublikamiz miqyosida ushbu muammo yuzasidan tadqiqot ishlarini olib borayotgan taniqli psixolog olimlarni ta'kidlab o’tish joizdir. Bular sirasiga respublikamizda psixologiya fanining rivojlanishiga amaliy va nazariy hissasini qo’shib kelayotgan M.G.Davletshin rahbarligidagi uning shogirdlari A.Q.Saitova, F.I.Haydarovlar hamda E.G’.G’oziev va E.Z.Usmonova, V.A.Tokareva, A.A.Fayzullaev, R.Asomova, U.Jumaev va boshqalarning ushbu muammo yuzasidan olib borgan tadqiqotlarini kiritishimiz mumkin. Keyingi o’n yilliklar mobaynida M.G.Davletshin rahbarligida ushbu muammo yangicha ilmiy asosda talqin qilinib, keng ko’lamda o’rganilmoqda. M.G.Davletshinning fikrlariga ko’ra, O’zbekiston kelajagi bo’lgan yoshlar har xil sohaning mazmuniga ongli ravishda yondashuvi orqali, ularni mumkin qadar ertaroq, to’g’ri va oqilona tasavvur qiladi. M.G.Davletshin konsepsiyasidan kelib chiqqan holda olib borilgan tadqiqotlardan biri A.Q.Saitovaning "O’smir yoshidagi o’quvchilarning o’quv motivlarini va qadriyatlarini o’rganishga" bag’ishlangan ishdir. Bu ishda muallif o’smir yoshining xususiyatlariga tayangan holda bir qator xulosalarga kelgan. Xususan tadqiqotchi fikriga ko’ra, o’smirlar o’quv faoliyatida potensial hisoblangan motiv o’z-o’zini namoyon qilish motividir; o’quv faoliyati o’smir o’quvchilarda o’z-o’zini takomillashtirishga, bu esa o’quv faoliyati bilan bog’liqdir. Muallif tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlarda shaxsdagi qadriyatlar yo’nalganligining o’quv faoliyatga bog’liqligi masalalari tadqiq qilinadi. V.A.Tokarevaning "Kichik maktab yoshidagi bolalarning ijtimoiy burchga nisbatan shakllanish psixologiyasiga" bag’ishlangan tadqiqotlarida o’quvchilar o’quv faoliyati motivlarini o’rganish borasida olib borilgan tadqiqotlarda va izlanishlarida burch motivini shakllanishiga jamiyatning ta'sirini o’rganish muhim sanalishi ko’rsatib o’tiladi 285 E.G’.G’oziev tadqiqotlarida o’smir o’quvchilarning o’quv faoliyatini boshqarish xususiyatlari o’quv faoliyatini rejalashtirish, o’z-o’zini nazorat qilish, o’z-o’zini baholash jarayonlari haqida mulohaza yuritiladi. Tadqiqotchi o’quv faoliyatini boshqarishning diagnostik metodini ishlab chiqib, psixologiya fanining kam o’rganilgan sohalaridan biri bo’lgan o’qish faoliyatini boshqarish muammosining nazariy va amaliy, empirik tomonlarini yoritib beradi. Shuningdek, mazkur tadqiqotlarda o’qish va o’qitish jarayoni uchun tavsiyanoma ishlab chiqilgan, o’z-o’zini anglash bosqichlari to’g’risida ma'lumot berilgan. A.A.Fayzullaev ilmiy tadqiqotlarida shaxsning motivasion o’z-o’zini boshqarishning turli-tuman omillari ham ko’rib chiqilgan. Aniqlangan bu omillar shaxs motivatsiyasining xususiyatlariga motivasion boshqarishning amalga oshirish usullari va natijalariga tegishlidir. Bundan tashqari motivasion tuzilmalarning shaxs tomonidan ob'ektivlashtirish va o’z motivatsiyasini boshqarishdagi turli psixologik strategiya va usullari masalalari ham aniqlab berilgan. Shaxsning hayot faoliyatida motivasion o’z-o’zini boshqarishning boshqa bir qator sohalari ham o’rganilgan. E.Z.Usmonovaning ilmiy tadqiqotida o’quvchilarning o’quv faoliyati jarayonidagi qarama-qarshilik, motivatsiya, ijod va shaxs muammolari o’rganilgan. Tadqiqot davomida ikki asosiy motivatsiya toifasining munosibligini tushunish muhim bo’lgan, muvaffaqiyatga erishish motivatsiyasini odamda tashqi motivatsiyaga kiritiladi. F.I.Haydarovning "Qishloq maktabi o’quvchilarida o’qish motivlarining shakllanishi" nomli ilmiy izlanishlarida o’quv motivlari ularning xususiyatlari, o’qitish jarayonida ijobiy va salbiy motivlarning ta'siri keng qamrovda o’rganilgan. Shuningdek, muallif o’quvchilarning yosh xususiyatlariga bog’liq holda o’qish motivlarini namoyon bo’lishining regional tafovutlarni o’rganishga asosiy e'tiborni qaratgan. Muallifning ishlariga nazar tashlar ekanmiz, o’qish motivlarini bir qator turkumlarga ajratgani, ya'ni obro’ga intilish, kasbga qiziqish, muvaffaqiyatga erishish va boshqalarni yuzaga kelishiga ta'sir ko’rsatuvchi ob'ektiv, sub'ektiv omillarni, shuningdek rivojlanish mexanizmlarini ishlab chiqqanligini ko’ramiz. u esa ta'lim faoliyatida o’quvchiga samarali yondashish mezoni hisoblanadi.