Umumiy psixologiya


O‘spirinlik Yoshi o‘qish, mehnat, muloqot singari etakchi



Yüklə 1,91 Mb.
səhifə87/268
tarix29.12.2021
ölçüsü1,91 Mb.
#48465
1   ...   83   84   85   86   87   88   89   90   ...   268
Umumiy psixologiya

O‘spirinlik Yoshi o‘qish, mehnat, muloqot singari etakchi faoliyatlar asosida umumiy va maxsus layoqatlarning rivojlanayotganligi bilan xarakterlanadi. Lekin, bu rivojlanish o‘spirinning o‘ziga va uning atrofidagi kuzatuvchilarga kam seziladi. O‘spirinlik davriga kelib, juda ko‘p bolalarda o‘z faoliyatlarini oldindan rejalashtirish layoqati yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Shuningdek, o‘z-o‘zini boshqarish ham o‘spirinlik Yoshidagi bolalarda yaqqol ko‘zga tashlanadi.

O‘spirinning o‘quv mashg‘ulotiga munosabati o‘z xususiyati va mazmuni jihatidan boshqa Yoshdagi o‘quvchilarning ta’lim jarayonidagi munosabatidan tubdan farq qiladi. Ular voyaga etib boradilar, ularning tajribasi ortadi; ular mustaqil hayot bo‘sag‘asida turganliklarini anglaydilar. O‘quvchilarning o‘qishga ongli qarashi kuchayadi, bu qarash bevosita hayotiy ma’no kasb etadi. Ilk o‘spirinlar jamiyatning kelajakdagi mehnat hayotida to‘laqonli ishtirok etishning zaruriy sharti bilim, ko‘nikma va malkalarning mavjud fondi ekanligini, hosil qilingan mustaqil bilim egallash ko‘nikmalari ekanligini aniq ravshan his qiladilar. Bilimlarga ehtiyoj sezish hozirgi vaqtda ilk o‘spirlarning xarakterli xususiyatlaridan biridir.O‘quv rejasi va dasturning murakkablashuvi, yangi fan va mavzularning kiritilishi, o‘zlashtirilishi nazariy tafakkur yordamida amalga oshirishni taqozo etadi. Ana shundan kelib chiqqan holda, o‘quvchilarning o‘qishga munosabati ham o‘zgaradi, ular ayrim fanlarga tanlab munosabatda bo‘la boshlaydilar. O‘spirin o‘quvchilarning o‘quv fanlariga munosabatlari quyidagi holatlarga bog‘liqdir:

O‘spirinlik davrida bilishga oid qiziqish ko‘lami tobora amaliy xususiyat kasb eta boshlaydi. Jumladan, ijtimoiy-siyosiy masalalarga, texnika, tabiatga, osmon jismlariga, sport va hokazolarga qiziqishi kuchayadi. O‘spirinlarda sezgirlik, kuzatuvchanlik yanada takomillashib boradi, mantiqiy xotirasi, esda olib qolishining oqilona yo‘li sifatida ta’lim jarayonida etakchi vazifani ado eta boshlaydi. Mazkur pallada o‘spirinlarning tafakkuri tobora mantiqiy, faol, mustaqil va ijodiy xususiyat kasb eta boshlaydi. Tafakkur rivojlanishi bilan birgalikda o‘quvchilarning nutq madaniyati rivojlanadi. O‘spirin turli janrdagi adabiy asarlarni o‘qishi, tushunishi orqali mustaqil fikr yuritish, mulohaza qilish va munozaraga kirishish, nazariy fikrlash hamda o‘z-o‘zini tahlil qilishga o‘rganib boradi. O‘spirinlik tafakkurining sifatiga uning mazmundorligi, chuqurligi, kengligi, mustaqilligi, samaradorligi, tezligi kabilar kiradi. Tafakkurning mazmundorligi deganda, o‘spirin ongida tevarak-atrofdagi voqelik to‘g‘risida qancha miqdorda mulohazalar, muhokamalar va tushunchalar joy olganligi nazarda tutiladi.



Tafakkurning chuqurligi deganda esa, moddiy dunyodagi narsa va hodisalarning asosiy qonunlari, xossalari, sifatlari, ularning o‘zaro bog‘lanish va munosabatlari o‘spirinning fikrlash faoliyatida to‘liq aks etganligi tushuniladi. Tafakkurning kengligi o‘zining mazmundorligi va chuqurligi sifatlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Tafakkurning mustaqilligi deganda o‘spirinning shaxsiy tashabbusi bilan o‘z oldiga yangi vazifalar qo‘ya bilishi, bu vazifalarni hech kimning yordamisiz, oqilona usullar bilan mustaqil hal qilish xususiyatini tushunish kerak. Tafakkurning tezligi qo‘yilgan savolga to‘liq javob olingan vaqt bilan belgilanadi.

Ayrim qiz va yigitlar aqliy rivojlanishdan orqada bo‘lib, o‘quv materiallarini o‘zlashtirishga ulgurmaydilar yoki qiynaladilar, ular tevarak-atrofdagi voqelikni bilib olish maqsadida umumlashtiruvchi tushunchalardan foydalanishni bilmaydilar, chunki bu tushunchalar, xulosalar, fikrlar, hodisa va faktlarni yodlab oladilar. Bolalarni aqliy jihatdan rivojlantirish uchun o‘qish faoliyatlarida faollashtirish va ularning bilimlarini ongli ravishda o‘stirib borish kerak.

Ta’limda onglilik o‘quvchining yuqori darajadagi faolligi bilan ta’minlanadi. Bilimlarini faol faoliyat ko‘rsatib o‘zlashtirganda, o‘quvchilar bu bilimlarni yaxshi tushunibgina qolmay, ularni amaliy faoliyatda qo‘llashga ham o‘rganadilar. O‘quvchilarga ijtimoiy masalalar, iqtisodiy hamda ijtimoiy faktlar va hodisalarni mustaqil ravishda ilmiy tahlil qilish va ularga baho berish usullarini maxsus o‘rgatish muhim va zarurdir. Bu o‘rinda o‘quvchilarning mustaqil fikrlashlarini faollashtirishga, to‘g‘ri rahbarlik qilgan holda rivojlantirish lozim. O‘spirinlarning aqliy jihatdan rivojlanishida nazariy tafakkurning roli kattadir.

O‘spirin adabiy asarlarni o‘qish va tushuntirish orqali mustaqil fikrlash, mulohaza yuritish va munozaralarga kirishishga o‘rgana boradi. Unda asta-sekin tabiat va jamiyat haqida o‘zining nuqtai nazari, e’tiqodi, qarashi shakllanadi. Ma’lumki, shaxsning ana shu fazilatlari uning fikrlashi, mustaqil o‘ylashi, to‘g‘ri hukm va xulosalar chiqarishi, qat’iy qarorga kela olishi natijasidir.

O‘spirinlarning adabiy asarni baholashi, u haqda shaxsiy fikrlarni bildirishi, muammo yuzasidan bahslashuvi insoniy hislatlarning muayyan darajada ishtirok etishi tanqidiy tafakkurning aynan o‘zginasidir. Turmushda uchraydigan noo‘rin tanqidiylik esa o‘spirinning badiiy didi va hayotiy tajribasi zaifligidir. O‘qituvchining asosiy vazifasi o‘quvchilar tafakkuridagi tanqidiylikni haqqoniylik darajasiga ko‘tarishdan, ularga voqelikka odilona, oqilona, tanqidiy nuqtai-nazardan qarashni o‘rgatishdan iborat. O‘spirinlarda moddiy dunyo to‘g‘risida shaxsiy fikrlar, mulohazalar, ilmiy dunyoqarash tarkib topganidan keyingina tafakkurning tanqidiylik xususiyati rivojlana boshlaydi. Tanqidiy tafakkurning rivojlanishi o‘quv materiallarini puxta o‘zlashtirishga, ta’lim jarayonida tashabbuskorlikka, voqelikni isbotlash va asoslash ko‘nikmalari tarkib topishiga imkon yaratadi. Hodisalar to‘g‘risida hukm va xulosa chiqarish, tasdiqlash yoki inkor qilish qobiliyatini rivojlantiradi. O‘spirinning qobiliyati va iste’dodi ta’lim jarayonida, mehnat faoliyatida rivojlanadi. Qobiliyatning o‘sishi bilimlar, ko‘nikmalar, malakalarning sifatiga bog‘liq bo‘lib, shaxsning kamol topish jarayoniga qo‘shilib ketadi. Demak, maktabda o‘tiladigan, darslar, laboratoriya ishlari, amaliy mashg‘ulotlar, referat, qonspekt yozish kabi faoliyat turlari o‘spirinlar o‘zlashtirish uchun zarur materiallarni mustaqil holda tushunishga olib keladi.

SHaxsning bilish jarayonlari uning emotsiyalari bilan bog‘liq. O‘smirlik davridagi kuchli emotsional reaksiyalar garmonal va fiziologik jarayonlarga bog‘liq. Bolgariyalik psixologlar G.D.Pirov va boshqalar 5 Yoshdan 17 Yoshgacha bo‘lgan bolalarni ko‘ndalang kesim metodi orqali o‘rganib, nerv faoliyatining eng qo‘zg‘aluvchan tipi 5 Yoshlilar orasida uchrashini aniqlashgan. Bola katta bo‘lgan sayin qo‘zg‘aluvchanlik kamayib, muvozanatlilarning soni ortgan. Pubertat Yoshda ( 11-13 Yosh qizlarda va 13 -15 Yosh o‘g‘il bolalarda) qo‘zg‘aluvchanlarning miqdori ortadi, bu davrning oxiriga borib qo‘zg‘aluvchanlik yana kamayadi.

Emotsional zo‘riqishning fiziologik manbaalari qizlarda aniq payqaladi, ularda depressiya, jizzakilik, xavotirlanish va o‘z-o‘zini hurmat qilishning pasayishi hayz ko‘rishning ma’lum davrlariga bog‘liq. Bunga o‘z vaqtida SH.Byuller ham e’tibor bergan edi.

O‘g‘il bolalarda aniq fiziologik bog‘liqlik ko‘zga tashlanmaydi, lekin pubertat davr ular uchun ham qiyin kechadi. Rus psixologi P.M.YAkobson kattalar va tengdoshlariga salbiy reaksiyalar 12,5 -13, 5 Yoshda eng ko‘p uchraydi, deb ta’kidlagan edi.O‘smir va o‘spirinlardagi emotsional reaksiyalar faqat gormonal o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lib qolmay, balki ijtimoiy omillar va tarbiya sharoitlari, individual-tipologik farqlarga ham bog‘liq. Katta bo‘lishdagi psixologik qiyinchiliklar, “Men” obrazi va intilish darajasi orasidagi qarama-qarshilik kabi o‘smirga xos bo‘lgan emotsional zo‘riqish, ilk o‘spirinlik davrida ham saqlanib qoladi.

Psixolog V.R.Kitlovskaya proektiv testlar yordamida xavotirlanishning Yosh dinamikasini o‘rganib, bog‘cha Yoshidagi bolalar tarbiyachilar bilan muloqotda eng ko‘p xavotirlanishlarini, ota-onalar bilan kamroq xavotirlanishlarini aniqlagan. Kichik maktab Yoshidagi bolalar tengdoshlari bilan kamroq, begona katta odamlar bilan muloqotda ko‘proq xavotirlanishi ma’lum bo‘lgan. O‘smirlar bo‘lsa begona katta odamlar va o‘qituvchilar bilan kamroq, ota-onalari va tengdoshlari bilan muloqotda ko‘proq xavotirlanishi aniqlangan. Ilk o‘spirinlar esa barcha sohadagi muloqotda eng yuqori xavotirlanish namoyon bo‘lgan, ayniqsa ota-onalar va ular bog‘liq bo‘lgan kattalar bilan muloqotda kuchli xavotirlanish namoyon bo‘lgan. A.E.Lichkoning ta’kidlashicha, 14-18 Yoshda xarakterning ba’zi xususiyatlariga ortiqcha urg‘u beriladi. Ilk o‘spirinlikdagi tipologik o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolish, ba’zan insondagi to‘liq emaslik hissi bilan birga kechadigan yakkalanib qolishga olib keladi.

Yosh ulg‘aygan sayin insonda emotsional qo‘zg‘alish hosil qiluvchi omillar ko‘payib boradi. Agar katta odam Yosh bolalarga o‘xshab har bir qo‘zg‘atuvchiga javob qaytaraversa, u ko‘p qo‘zg‘alish va emotsional beqarorlikdan olamdan o‘tgan bo‘lur edi. Kattalarni xavotirlanishdan tashqi ta’sirlarga tanlab javob qaytarish hamda ichki tormozlanish va o‘z-o‘zini nazorat qilishning mahsuldor ichki mexanizmlari qutqaradi.

Amerikalik olim G.Djons 12 Yoshli o‘smirlar va 17 Yoshli ilk o‘spirinlarning emotsional roeaksiyalarini (teri –galvanik reaksiyalari) solishtirdi.U so‘zli qo‘zg‘atuvchilarni yoqimli, yoqimsiz va befarqlarga ajratgan. Tajriba natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, umumiy emotsional reaksiya o‘smirlarga nisbatan ilk o‘spirinlarda yuqori bo‘lgan.Lekin ular orasidagi asosiy farq tanlash darajasida kuzatilgan: ilk o‘spirinlar o‘smirlarga nisbatan befarq va yoqimsiz so‘zlarga javob qaytarganlar. SHunday qilib, ilk o‘spirinlarning emotsiyalari, intellekt singari aniq qo‘zg‘atuvchi bu sinaluvchi uchun qanday ahamiyatga egaligini hisobga olmasdan o‘lchash mumkin emas.Ilk o‘spirinlik davridagi emotsional qiyinchilik va muammolarni aniq qarab chiqish lozim, chunki ularning kelib chiqish sabablari har xil. O‘smirlik davridagi dismorfofobiya – o‘z tanasi va tashqi ko‘rinishidan tashvishlanish ilk o‘spirinlik davrida o‘tib ketadi. Ilk o‘spirinlarda namoyon bo‘ladigan xavotirlanish belgilari bu Yoshdagi maxsus qiyinchiliklarga reaksiya emas, balki ilgari olingan ruhiy jarohatlanishning keyin namoyon bo‘lishidir.

Ko‘pchilikda o‘smirlikdan ilk o‘spirinlikka o‘tishda muloqotchanlik va umumiy emotsional kayfiyat yaxshilanadi. E.A.Silinaning longityud tadqiqotlaridan ma’lum bo‘lishicha, u bolalarni 7 va 9 sinflarda kuzatib, o‘smirlarga nisbatan ilk o‘spirinlarda kamroq impulsivlik va emotsional qo‘zg‘aluvchanlik, ko‘proq ekstravertlik va emotsional barqarorlik kuzatilishini aniqlashgan.A.V.Kuchmenko tadqiqotlarida ham 16-18 Yoshli ilk o‘spirinlar o‘smirlarga qaraganda, o‘zlarining nerv sistemasi tipiga bog‘liq bo‘lmagan holda bosiqlik va barqarorlik kuzatilgan.

Amerikalik psixolog R.Kettel tadqiqotlarida ham ilk o‘spirinlarda o‘smirlarga nisbatan muloqotchanlik, odamlar bilan kirishimlilik, boshqaruvchanlik kabi hislatlar ortishini, umumiy qo‘zg‘laluvchanlik kamayishini aniqlashgan.

SHunday qilib, ilk o‘spirinlik Yoshi emotsional holatlarni ifodalash usullari va emotsional reaksiyalarning differensiallashishini hamda o‘z-o‘zini nazorat qilish va o‘z-o‘zini boshqarishning ortishini kuzatish mumkin.Ilk o‘spirinlarning kayfiyati o‘smirlarga nisbatan barqaror va anglangan hamda ijtimoiy sharoitning keng doirasiga mos bo‘ladi.

Doimo hissiyot vujudga keltiradigan shaxsiy muhim munosabatlar doirasining kengayishi oliy hislarning rivojlanishida namoyon bo‘ladi. Axloqiy norma va tamoyillarning ma’lum tizimini o‘zlashtirish jamiyat va boshqa odamlar oldida ma’suliyat hissi, hamdardlik qobiliyati, do‘stlik va muhabbat ehtiyoji, o‘rtoqlik hissi va axloqiy-siyosiy hislar kabi yuksak axloqiy hislarga aylanadi.

Ilk o‘spirin tomonidan qabul qilingan xulq-atvor normalarining buzilishi unda aybdorlik hissini vujudga keltiradi. SHu bilan birga unda estetik hislar doirasi ham kengayadi. Ilk o‘spirinlarda intellektning rivojlanishi bilan birga hazil-mutoyiba hissining ham rivojlanishini ta’kidlash joiz. Intellektual va praksis hislar ham sezilarli rivojlanadi. Sodda bolalarcha qiziquvchanlik tafakkur jarayonidan ongli zavqlanish, qiyinchiliklarni engishdan quvonish, ijodga ongli intilish va boshqalarga aylanadi.



SHunga ko‘ra har kim qobiliyatiga yarasha kasb-hunar tanlasa, bu sohada muvaffaqiyatli mehnat qilsa, ijtimoiy turmush taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shgan bo‘ladi. O‘spirinlar u yoki bu kasbni o‘z ixtiyorlari bilan ongli ravishda tanlashlari uchun ular mustaqillik, dadillik, qat’iylik, o‘zini tuta bilish, chidamlilik, sabr-toqat kabi irodaviy hislatlarga ega bo‘lishlari kerak. Mehnat qilishda muqaddas burchni bajarish istagi, maqsadning aniqligi, hunar o‘rganishga ishtiyoqmandlik mazkur fazilatlarning shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

O‘spirinlar aqliy rivojlanishida tasavvurning ahamiyati juda katta, chunki inson biron bir ishni qilishga kirishar ekan, albatta uning natijasini tasavvur eta olishi kerak. Tasavvursiz hech qanday ishni to‘g‘ri rejalashtirish mumkin emas. O‘spirinda tasavvur qila olish layoqati yaxshi rivojlangan bo‘lsagina, u o‘z hayotidagi idealni tasavvur eta oladi, shunga ko‘ra uzoq va yaqin rejalarini tuzadi.

Hozirgi yigit va qizlarni 30-40 yil avvalgi tengqurlari bilan solishtirganda, ularning umumiy saviyalari naqadar o‘sganligini ko‘rish mumkin. O‘spirinlarning intellektual qiziqishlari doirasi keng va ko‘pqirralidir. O‘spirinlarning qiziqishlari aksariyat hollarda o‘zi tanlagan kasb va yo‘nalish Shuningdek, hayotiy rejalariga asoslangandir. O‘spirinlik Yoshiga kelib, yigit va qizlarning dunyoqarashlari yuksak pog‘onaga ko‘tarila boshlaydi. Bu esa o‘spirinning tashki olamni tushunishiga, baholashiga bo‘lgan munosabatlarini aniqlashga yordam beradi. O‘spirinlarning dunyoqarashi endi ularning ilmiy, falsafiy, siyosiy va diniy qarashlari tizimidan iboratdir.

Ma’lum bir kasbda faoliyat ko‘rsatishni boshlayotgan o‘spirin unga intellektual, ijtimoiy-psixologik hamda axloqiy jihatdan tayyor bo‘lishi kerak. O‘smirlik davrining oxirlari va o‘spirinlik Yoshiga kelib, ularda mehnat ko‘nikma va malakalari rivojlanadi. Bu ko‘nikma va malakalari ularning kelgusidagi kasbiy faoliyatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Har qanday kasbiy ko‘nikma va malakalarning o‘sishi, avvalo, o‘spirin intellektining umumiy rivojlanganlik darajasiga bog‘liq. Shuning uchun ham bu davrdagi o‘spirinlar intellektining rivojlanishiga alohida e’tibor berish lozim.

O‘zbekistonda E.G‘.G‘oziev rahbarligida J.S.Iskenderov tomonidan pedagogika kolleji o‘quvchilarida xarakterning intellektual va irodaviy xususiyatlarini shakllanishini baholashda test-reyting tizimidan foydalanishning samarali yo‘llari ishlab chiqildi. Pedagogika kolleji o‘quvchilarida xarakterning intellektual va irodaviy xususiyatlarini shakllanish jarayoni shasxning umumiy yo‘nalganligi, kasbiy ustanovkalari, kasbiy tasavvurlari va imkoniyatlari mutanosibligi omillar asosiga qurilishi tadqiqot davomida dalillandi.

Bu Yoshdagi bolalar uchun muloqotga kirishish ehtiyojining mavjudligi ham juda muhim, lekin u etakchi emas, faqat tanlagan kasb va yo‘nalishlari bo‘yicha mashg‘ul bo‘lmagan o‘spirinlargina ko‘proq tengdoshlari bilan muloqotda bo‘lishga ehtiyoj sezadilar. Bu Yoshdagi bolalar mehnat faoliyati bilan xuddi kattalardek shug‘ullana oladilar. Ilk o‘spirinlik davrini kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarning shakllanishi uchun senzitiv davr deb hisoblash mumkin. O‘zining kasbiy taqdirini tasodifan yoki noto‘g‘ri hal etilishi murakkab ichki kechinmalarga, ikkilanishlarga, ziddiyatlarga olib kelishi mumkin. Bu esa yigit va qiz hayoti uchun ham, jamiyat uchun ham katta zarar keltiradi. Kasb tanlash vaqtida ilk o‘spirinlar o‘z moyilligi va qobiliyatlarini shaxsiy sifatlar, xususan, nerv sistemasining tipi, analizatorlar xususiyati emotsional-irodaviy sifatlarini ham hisobga olishlari zarur.

Yüklə 1,91 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   83   84   85   86   87   88   89   90   ...   268




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin