4. Morfologik sath (so‘z shakli). Morfologik sistemaning til birligi – so‘z shaklidir. So‘z shaklining tarkibi morfologiyada o‘rganiladi. So‘z shakli yasalishi ot va fe’l so‘z turkumlarida mavjud. So‘z shakli so‘zning turkumlik (predmet) ma’nosida yasaladi. Kelishik, egalik, ko‘plik shakllari ot so‘z turkumidan yasaladi. Fe’l turkumiga oid barcha so‘z shakllari fe’lning turkumlik (harakat) ma’nosi asosida yasaladi. Morfologik sistemada shakl yasalishi, so‘z shakli va uning tarkibiy qismlari, har bir qismning mohiyati o‘rganiladi. Ushbu sath yuzasidan quyidagilarni ta’kidlash mumkin: so‘z shakli, ushbu sathning birligi sifatida, shakl yasovchi morfema bilan hosil qilinadi. Demak, natijada, yasalma birlik hosil bo‘ladi. Ushbu yasalma birlik (so‘z shakli)ning tarkibi shakl yasalish asos+shakl yasovchidan tashkil topadi. Ana shunday tarkibga ega bo‘lmasa, u morfologik birlik sanalmaydi, balki nol shakl deyiladi.
SHunday qilib, tilni sistema sifatida o‘rganish tajribasidan ma’lum bo‘ladiki, til sistemasi til sathlaridan iborat bo‘lib, mazkur sathlar uni shakllantiruvchi til birliklaridan tashkil topadi. Har bir til birligi o‘z ifoda va mazmun plani, mohiyatiga ega.
Til sathlari quyidagicha qayd etilishi mumkin: a) fonetik-fonologik sath; b) morfem-morfologik sath; v) leksik-semantik sath; g) so‘z yasalish sathi; d) sintaktik sath.
Til birliklarini ilmiy tekshirish sathlarga ko‘ra, turli darajada amalga oshirilishi mumkin. Bunda ma’lum til sathi doirasida mazkur sath birligini tadqiq etishda muayyan lingvistik tahlil metodlari qo‘llanilishi mumkin. Xususan, lingvistik tahlil metodi muayyan til birligining mohiyatini yoritib berish uchun maxsus tanlanadi.
Dostları ilə paylaş: |