Distributiv tahlil. Ushbu usulning morfologik sathda qo‘llanilishi fonologik sathga qaraganda qiyinroq. Zero, morfologik birliklar fonologik birliklardan ko‘proq miqdoriy ko‘rsatgichga ega. Morfologik birliklarning o‘zaro birikish holati ushbu tahlil uchun o‘rganish masalasi sanaladi. Ushbu metodning morfologik sathda qo‘llanilishiga quyidagi misolni keltirish mumkin: nemis tilida mavjud bo‘lgan otlarning turlanish guruhlarini olsak, ajratilayotgan leksik- grammatik sinf ot negizlarining shakl yasovchi morflar bilan birikishini inobatga olgan holda tasniflash natijasidan boshqa narsa emasligini ko‘ramiz. Hozirgi zamon rus tilida otlar turlanishida uch sinfining farqlanishi ham shu tamoyilga asoslanadi (Bushuy, Safarov, 2007, b. 142-143).
Distributiv tahlilning morfologik sathda ko‘llanilishi fonologik birliklar kombinatsiyasi (fonemalar guruhi) morfemani hosil qiladi degan g‘oyaning mavjudligi bilan bog‘liq. Bunda morfemaning hosil bo‘lishida fonologik birliklar pozitsiyasi muhim rol o‘ynaydi. Morfema distributsiyasi tushunchasi shu morfema qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan barcha kontekstlar yig‘indisi bilan izohlanadi. Morfologiyada ham (fonologiyadagidek) distributsiyaning uchta modeli farqlanadi: kontrast distributsiya (bir xil qurshovdagi ikki element o‘zaro o‘rin almashib, grammatik ma’noni o‘zgartirib yuborsa, bu ikki element o‘zaro kontrast distributsiya munosabatida bo‘ladi). Bunda ushbu birliklar ikki morfemaning ikki xil varianti - morfi yoki allomorfi deyiladi. Masalan, kitob-im, kitob-ing so‘zlaridagi –im,- ing shakllari bir xil pozitsiyada biri o‘rnida ikkinchisi almashinib kela oladi va bu almashinish ma’no o‘zgarishiga olib keladi. SHuning uchun ular ikki morfemaning allomorflari sanaladi (Nurmonov, 2008, 58-60); qo‘shimcha distributsiya (bir qurshovdagi ikki element biri o‘rnida ikkinchisi kela olmaydi). Bunday shakllar bir morfemaning har xil variantlari hisoblanadi. Masalan, og‘zaki so‘zlashuv nutqida toqqa, eshikka, dalaga singari so‘zlardagi ikkinchi ma’noli qismlarning hech biri shu qurshovda biri o‘rnida ikkinchisi kela olmaydi. SHuningdek, toqqa, tog‘i so‘zlarining birinchi ma’noli qismlari toq va tog‘ qurshovda biri o‘rnida ikkinchisi kela olmaydi. Ular qo‘shimcha distributsiya munosabatidadir (Nurmonov, 2008, 58-60); erkin almashinish distributsiyasi (elementlar erkin almashinish distributsiyasi munosabatida bo‘ladi). Masalan, singli - singlisi, manbai - manbasi singari so‘zlardagi –i va -si erkin almashinish distributsiyasi munosabatida bo‘ladi (Nurmonov, 2008, 58-60). Distributiv tahlilda elementlarning shakliy qurshovi muhim rol o‘ynaydi. SHuningdek, ta’kid joizki, distributiv tahlilda distributsiya, elementlar qurshovi degan tushunchalar aniq emas. Biroq, distributiv tahlil lingvistik tahlil ob’ektivligiga zamin yaratadi.
Dostları ilə paylaş: |