3. Tilni gap darajasida tahlil qilish metodlari.
Tilni gap darajasida tahlil qilish metodlari sifatida oppozitsion tahlil, distributiv tahlil, transformatsion metod, bevosita ishtirokchilarga ajratish, gap bo‘laklari va gapni aktual bo‘laklarga ajratish metodlarini qayd etish mumkin.
Oppozitsion tahlil. Sintaktik birliklarning mazmun-mohiyati oppozitsion tahlil usuli yordamida yoritilishi mumkin. Masalan, gaplarning modallik mazmuni aynan ushbu metod orqali tahlilga tortilishi mumkin. Modallik munosabatlarining voqelanishida sintaktik birliklar, xususan, gaplarning o‘rni va roli alohida ta’kidlanadi. Bunda oppozitsion tahlil usuli tadqiqotchiga gaplarning modal mazmunidagi qarama-qarshiliklar juftligini tahlil qilish imkonini beradi. Masalan, modal mazmunli gaplarda voqea-hodisaning sodir bo‘lishi nuqtai nazardan, reallik va ehtimollik oppozitsiyalar juftligi, yoki shunday gaplarda voqea-hodisaning sodir bo‘lishida so‘zlovchining xohish-istakiga bog‘liq yoki bog‘liq emasligi nuqtai nazardan, ob’ektiv zarurat va sub’ektiv zarurat kabi differensial juftliklar shular jumlasidandir. Ushbu oppozitsiyalar juftligi turli zamon, mayl shakllari yordamida reallashadi.
Oppozitsion tahlilning fonologik va grammatik tizimda keng qo‘llanilishida, avvalambor, ushbu tizimda tahlil materiallarining etarlicha ekanligi muhim o‘rin egallaydi. Grammatik kategoriyalar, shuningdek, sintaktik munosabatlar farqlovchi xususiyatlariga ega bo‘lgan turli grammatik shakllar vositasida voqelanadi.
Dostları ilə paylaş: |