2. YAngi davr tilshunosligida tillarning kelib chiqishi xaqidagi nazariya.
YAngi davr lingvistlari (Vojl, Menaj) tildan mantiqiy qonuniyatlarga bo‘ysunmaydigan normativ qoidalarga asoslangan holda foydalanish haqida so‘z yuritishadi. SHuningdek, ular barcha tillarga xos bo‘lgan xususiyatlarni aniqlashga harakat qilishadi. Lekin bu tillar ro‘yxati cheklangan bo‘lib, bular eng avvalo lotin, fransuz va ayrim hollarda yunon va qadimgi ivrit tillaridir. Nemis, ispan va italyan tillari ikki-uch marta eslatib o‘tilsa, vallon tilidan keltirilgan misol faqat bir marta uchraydi. SHu nuqtai nazardan fransuz tili beixtiyor muayyan ustunlikka ega bo‘ladi. Tadqiqotchilar kelishik kategoriyasini hamma tillardan izlashga harakat qilishadi. Bunga ular kelishik kategoriyasining lotin tilida borligini asos qilib ko‘rsatishadi. Lekin bu ko‘pgina qarama-qarshi fikrlarning vujudga kelishiga olib keladi.
YAngi davr tilshunosligida «YAngi fan» asari muallifi Dj.B.Viko (1668-1744)ning konsepsiyasi muhim o‘rin egallaydi. Bu asarda tillarning kelib chiqishi xaqidagi nazariya keltirilgan. Vikoning fikriga ko‘ra, avval tovushga taqlid, keyin undov so‘zlar, keyin yuklamalar paydo bo‘lgan va natijada ular mustaqil so‘z turkumlarining vujudga kelishiga sababchi bo‘lgan. Viko til taraqqiyotining uch bosqichi haqidagi fikrni ilgari suradi. Birinchisi - «Xudolar tili» bo‘lib, uni Viko «ieroglif yoki muqaddas» deb atagan. Bu bosqich odamlar xali nutqdan foydalana olmagan davr uchun zarur bo‘lgan. Ikkinchisi - «Qahramonlik yoki poetik» bosqich tili bo‘lib, u ham birinchisi kabi ovozsiz, lekin yozma shaklda bo‘lishi mumkin bo‘lgan. Uchinchisi - «Epistolyar» omma tili bo‘lib, u amaliy muloqot uchun xizmat qilgan. Vikoning fikricha, bu uch til va yozuvning uch turi bir vaqtda paydo bo‘lgan.
Turli xalqlarga xos bo‘lgan har xil tillarning mavjudligini Viko ob-havo sharoiti, urf-odatlar va zamondagi farqlar bilan tushuntiradi.
Viko qarashlarini lingvistik nuqtai nazardan baholash uchun uch masalani farqlash zarur: ushbu qarashlarning XVIII asrdagi ahamiyati, ularning ta’siri va umumnazariy ahamiyati. Birinchi masala bo‘yicha salbiy javob berish mumkin, Viko komparativistikaga hech qanday ta’sir ko‘rsatgan emas, biroq uning adabiyot, stilistika va estetika sohalarida Italiya madaniyatiga qo‘shgan hissasini unutmaslik kerak.
XVIII asrda barcha sohalar vakillari (shoirlar, faylasuflar, siyosatchilar, iqtisodchilar va h.k.) til haqida biror narsa yozishga urinishgan. Eng katta hajmdagi ish olib borilgan yagona soha fonetikadir. SHu davrda orfografiya haqida ham bahslar davom etadi. Angliyada Stil ritm va intonatsiya haqida kitob chop qiladi. Grammatik tadqiqotlar davom etadi va tobora keng ko‘rinish ola boradi. Tadqiq qilingan tillar ro‘yxati ham o‘sib boradi. 1786 - 1787 yillarda P.S.Pallas Peterburgda Evropa va Osiyoning 200 tilidagi 285 ta so‘zdan iborat bo‘lgan lug‘atini chop etadi.
Ushbu falsafiy asrning eng ilg‘or vakili sifatida Kondelyakni ko‘rsatish mumkin. Uning tilning erkinligi haqidagi nazariyasi aloxida qiziqish uyg‘otadi. Keyinchalik Breal ushbu nazariyani juda yuqori baholagan va bu fikrni Sossyur ham qo‘llab-quvvatlagan.
Sanskrit tili ham faol o‘rganila boshlandi. Lekin evropalik lingvistlar qadimgi hindlarning fonetikaga doir qarashlarini birdan baholay olishmadi va paydo bo‘layotgan komparativistika tovushlarni emas, balki harflarni tadqiq etgan. Ajoyib tarzda amalga oshirilgan morfologik tahlil ham evropalik grammatiklar tomonidan XIX asrning boshlarigacha tan olinmagan.
Dostları ilə paylaş: |