9-mavzu: Inson erkinligi, huquq va manfaatlarining milliy g‘oyada aks tishi. Inson erkinligi, huquq va manfaatlari tushunchasi, uning ma’no-mazmuni. Milliy g‘oyaning inson erkinligi, huquq va manfaatlari ustuvorligi prinsipiga asoslanishi.Milliy g‘oya- barkamol avlodni tarbiyalash omili. Barkamol avlodga hos bo‘lgan xususiyatlar. Inson manfaatlarini ta’minlash yuksak qadriyat. O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyoti jarayonida insonhuquqlarini kengayishi, ma’suliyatining ortishi.O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi- inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligini ta’minlash kafolati.Mustaqillik sharofatida milliy g‘oyani rivojlantirish uning ma’naviy ta’sirchanligi va mafkuraviy samaradorligini oshirish jarayonida inson huquq va erkinliklarini takomillashtirish muammosi. 1. O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarining ustuvorligi. 2. Islohotlar markazida inson. 3. Inson huquqlari himoya qilinishi. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy-demokratik davlatni qurish va fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirish borasida ulkan yutuqlar qo‘lga kiritildi. Mazkur jarayonda insonga oliy qadriyat sifatida munosabatda bo‘lish alohida ahamiyat kasb etdi. Birinchi Prezident alohida ta’kidlaganidek: “Aslida, har qanday islohotning eng muhim samarasi avvalo xalqning ma’naviy-ruhiy qarashlaridagi yangilanish jarayonlari, uning ongu tafakkurining yuksalishi, mamlakatda yuz berayotgan o‘zgarishlar uning hayotiga, taqdiriga daxldor bo‘lganini chuqur his qilishi va shundan xulosa chiqarishi bilan belgilanadi. Biz amalga oshirayotgan islohotlarimizda ana shunday natijalarga erishish uchun barcha o‘zgarish va yangilanishlarning markaziga inson va uning manfaatlarini qo‘ydik. SHuning uchun ham bugungi kunda ana shu jarayonlarning mohiyatida islohot - islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning farovon hayoti uchun xizmat qilishi kerak, degan maqsad mujassam ekanini va uning amaliy ifodasini barcha sohalarda ko‘rish, kuzatish qiyin emas”[17].
Ma’lumki, har bir xalq erkin, farovon yashash huquqiga ega va buni aziz deb biladi. Jumladan, har bir inson ham bunday huquqqa ega. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson va fuqarolarning huquqlari, erkinlik va burchlari kafolatlari belgilab berilgan.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarining ustuvorligidan kelib chiqadigan, xalqaro miqyosda qabul qilingan yangi yuridik tamoyil va talablarga asoslangan keng huquqiy muhit vujudga keltirildi. Mustabid tuzumning tazyiq va zo‘ravonligidan jahon andozalariga mos keladigan huquqiy me’yorlar sari keskin burilish yasaldi. Ma’lumki, BMT tomonidan 70 ga yaqin, Evropa Kengashi Bosh assambleyasi tomonidan 160dan ziyod, YUNESKO tomonidan 70dan ortiq, Evropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan 30dan ko‘proq inson huquqlariga taalluqli xalqaro konvensiyalar, deklaratsiyalar, paktlar qabul qilindi. Hozirgi paytda inson huquqlari bo‘yicha 400ga yaqin xalqaro hujjat mavjud. Mamlakatimiz qonunlarini inson huquqlari sohasidagi mazkur me’yor va andozalarga muvofiqlashtirish, bu sohada milliy harakat dasturini ishlab chiqish, inson huquqlarini himoya qiladigan muassasalarning yaxlit tizimini barpo etish, inson huquqlariga oid xalqaro shartnomalar va hujjatlarga qo‘shilishda davom etib, ular bo‘yicha majburiyatlarni bajarishning mexanizmi yaratildi.
Umuman olganda islohotlar markazida insonni oliy qadriyat sifatida baholanishi mamlakatimiz strategik vazifalariga hamohangdir. Xususan, bu boradagi barcha o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati ham inson va uning qadr-qimmati ekanligi bilan hamohangdir. Xolbuki, ushbu qadriyatlar asosida shakllangan jamiyat mohiyatiga ko‘ra, xalqaro talablarga, umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi tamoyillariga mos keladi, ularni milliy darajada namoyon bo‘lishi uchun imkon yaratadi. SHu bilan birga, u mamlakatimizda yashayotgan barcha millat va elat, har bir shaxs va umuman inson xamda va turli qatlam vakillarining umumiy maqsad-muddaolarini ifodalaydi. bu esa davlatimiz siyosatining jahondagi demokratik jarayonlar, tinchlik va barqarorlik, inson huquqlari va vijdon erkinligi kabi umumbashariy qadriyatlar mazmuniga mosligini ko‘rsatadi.
Jamiyat hayotida qonuniylik mezonlarining to‘liq joriy etib borilishi ularning davlat faoliyatida o‘z aksini topishi va doimo mustahkamlanib borilishini taqozo etadi. Aynan shu maqsadlarga mos holda hokimiyatni bo‘linish tamoyilini amalga oshirishni ta’minlash, jamiyatni siyosiy tizimida parlamentni rivojlantirish, sud hokimiyatining rolini oshirish kabi masalalar O‘zbekistonda islohotlarni amalga oshirishning, inson huquqlari himoya qilinishining muhim yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi. Bu yo‘lda jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida “Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari” g‘oyasi asosida ijobiy natijalarga erishilib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti shu uchta yo‘nalishdagi islohotlar yuzasidan quyidagi fikrni bildiradi: “Mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishining asosiy tamoyillari aniq ifodalab berildi, davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlariga bo‘linishi eng muhim tamoyil sifatida belgilandi”1, “Davlat va jamiyat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar natijasida mamlakatimizning qonun chiqaruvchi oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikki palatali parlamentga aylantirildi”[18], “Sudlarni jazolovchi va faqat davlat manfaatlarini himoya qiluvchi organdan qonun ustuvorligini va inson huquqlari himoyasini ta’minlovchi organga aylantirishga qaratilgan yaxlit sud hokimiyati tizimini shakllantirish vazifasi qo‘yildi va muvaffaqiyatli hal etildi”[19]. SHuning uchun ham 1992 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasida hokimiyatning konstitutsiyaviy asosda bo‘linishi tamoyili mustahkamlab qo‘yildi. Jumladan, Asosiy Qonunning 11–moddasida “O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi, hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi” degan qoidada aks ettirilgan.
Hozirgi vaqtda mamlakatimiz boshqaruv tizimida demokratik davlatlar tajribasida sinalgan qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari o‘rtasida barqaror muvozanat, bir-birining faoliyati ustidan nazorat qilish va o‘zaro chegaralab turishni ta’minlovchi mexanizmlar shakllantirildi. Bularning hammasi inson huquqlarni himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston dunyodagi oz sonli kuchli ijtimoiy siyosat yuritayotgan va shu asnoda aholi farovonligini oshirish yo‘llari ustida faoliyat olib borayotgan mamlakatlar sirasiga kiradi. Inson huquq va erkinliklarini himoyalash, umuman, aholiga munosib turmush shoroitini yaratishdan tortib aholini ish bilan bandligini ta’minlash chora-tadbirlari barchaning manfaatli ishiga aylanishi mamlakatdagi ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda.