Dunyoning mafkuraviy manzarasi rivojlanishining istiqbollari. Bugun kechaning,erta bugunning davomi bo‘lganidek yaqin istiqbolda dunyoning mafkuraviy manzarasi qanday bo‘lishini hozirgi kunda jahon mafkura sahnida kechayotgan ayrim jarayonlarda ham ko‘rish mumkin. Xususan, ba’zi hollarda yuqorida qayd etilgan vayronkor mafkuralarning o‘ziga xos omuxtalashuvi kuzatilmoqda. Bu, bir tomondan, millatchilik va irqchilik, boshqa tomondan, ashaddiy millatchilikning diniy aqidaparastlik bilan qo‘shilib ketayotganida yaqqol ko‘rinmoqda. Buning oqibati o‘laroq omuxtalashgan g‘oyaviy qarashlar bilan qurollangan kuchlar o‘z maqsadlari yo‘lida ko‘plab fojialarni keltirib chiqarayotgan terrorchilik harakatlarini sodir etmoqdalar. Natijada milliy ozodlik va diniy qadriyatlar tushunchasining o‘zi obro‘sizlantirilmoqda, jahon afkor ommasida salbiy stereotip va qarashlarning shakllanishiga olib kelmoqda.
Mafkuraviy jarayonlar globallashuviga xos xususiyatlar. Ijtimoiy hayotning turli sohalarida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar mafkura jabhasidagi globallashuvni ham keltirib chiqarmoqda.
Mafkuraviy jarayonlarning globallashuvi deganda, g‘oyaviy ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarining kengayishi, uslub va vositalarining takomillashuvi, yangi texnik va texnologik tizimlarning yuzaga kelishi natijasida unga Er yuzining barcha mintaqalari tortilganini, g‘oyaviy ta’sir o‘tkazish va mafkuraviy kurash umumbashariy miqyos kasb etgani tushuniladi.
Mafkuraviy jarayonlarning globallashuvida bir-biridan tubdan farq qiladigan ikki yo‘nalish, tendensiya namoyon bo‘lmoqda. Birinchidan, muayyan hududda yuzaga kelgan, umuminsoniy mazmunga ega qadriyatlar, ma’naviy-ma’rifiy ne’matlar o‘zi shakllangan tarixiy makon doirasidan chiqib baynalminallashib, universallashib bormoqda. Ikkinchidan, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy-madaniy rivojlanish darajasidagi turfa xillik, etnik, madaniy, konfessional, sinfiy, irqiy, hududiy, mintaqaviy yoki boshqa shakllardagi o‘ziga xosliklarni mutlaqlashtirish insoniyat istiqboliga jiddiy xavf tug‘diradigan salbiy xodisalarning mafkuralashgan holda globallashuviga olib kelmoqda.Birinchi Prezident ta’kidlaganlaridek, biron bir hudud yoki mamlakatda paydo bo‘layotgan g‘oyalar tez fursatda butun jahonga yoyilmoqda. Natijada odamzot ma’lum bir davlatlar va siyosiy kuchlarning manfaatlariga xizmat qiladigan, olis-yaqin manbalardan tarqaladigan, turli mafkuraviy markazlarning bosimini doimiy ravishda sezib yashamoqda. Bu jarayonning yana biri muhim xususiyati g‘oyaviy kurashning g‘araz maqsadlar va iqtisodiy manfaatlar bilan chirmashib ketayotganidadir.
Muayyan guruh, xalq, jamiyatni mafkuraviy ta’sir doirasiga tortishga urinishlar hamma vaqt bo‘lgan. Tarixga nazar tashlasak, bu jarayon jamiyat rivojlana borishi bilan birga chuqurlashib, keng qamrovlilik kasb etib borganini ko‘ramiz. Xususan, hozirgi davrda mafkuraviy ta’sir o‘tkazish o‘zining bir qator xususiyatlari bilan ajralib turishini ko‘rish mumkin.