3-MA’RUZA Mavzu: Tilning ijtimoiy tabiati. Reja: 1.Tilning jamiyatdagi ko’rinishlari.
2.Me’yorlashtirilgan tillar. Adabiy til va shevalar. Tillarning chatishuvi masalasi.
4.Kreol tillar. Pijin tillari. Substrat va superstal hodisasi. Millatlararo tillar. Xalqaro tillar. Sun’iy til.
1-§. Tilning jamiyatdagi ko‘rinishlari. Kishilar til orqali aloqamunosabatga kirishadilar, til aloqa vositasi sifatida mavjuddir. Qaysiki tildan odamlar foydalanmasa, iste’moldan chiqadi. Til istemolda bo‘lishi uchun shu tildan foydalanadigan jamiyat bo‘lishi kerak. Til aloqa vositasi tarzidagi ahamiyatini yo‘qotdimi, uning avvalgi holatini sun’iy ravishda tiklab bo‘lmaydi.
Jahon tilshunosligida til va uning ijtimoiyligi, paydo b o‘lishi va rivojlanish jaroyonlari haqida xilma-xil fikrlar bildirilgan. Tilning ijtimoiyligi, rivojlanishi va nutq bilan munosabati xususida Ferdinand de Sossyur va Vilgelm fon Gumboldtlarning fikrlari etakchi o‘rin egallaydi. Nazariyotsi olim Ferdinand de Sossyurning fikricha, til kishilik jamiyatida bajaradigan vazifasiga ko‘ra aloqa quroli, fikrni ifodalaydigan vositadir. Ijtimoiy tabiati jihatidan qaralganda til ijtimoiy hodisadir. Ichki tuzilishiga ko‘ra til sof belgilar sistemasidir.
Tilning taqdiri uning yashashi, rivojlanishi faqat shu tilda gaplashuvchi jamiyatga bog‘liq. Til jamiyat bilan paydo bo‘lganidek, jamiyat bilan birga o‘ladi [M.Irisqulov, 1992: 10].
Til qonunlarini, uning rivojlanishi jamiyat tarixi bilan va shu tilni yaratgan xalqning tarixi bilan chambarchas bog‘liq holda o‘rgangandagina bu masalani to‘g‘ri hal qilish mumkin. Hamma narsa sistemadan iborat bo‘lgani kabi til ham o‘zining tuzilishi bilan, ayrim unsurlarining o‘zaro munosabati bilan butun bir ideal tizimni tashkil etadi Bu masala F.de Sossyur va Vilgelm fon Gumboldt qarashlarida aniq aks etadi.
Tilning ishlash tizimi haqida N.Xomskiy quyidagi fikrlarni yozadi: “Inson ongida dastlab mazmunini tashkil etuvchi propozitiv tizim vujudga keladi. So‘ngra ushbu tizim grammatik transformatsiya deb nomlanuvchi formal operatsiya yordamida fizik signal qiyofasini oladi” [V.A.Zveginsev, 1973: 80-81].
V.A.Zveginsev to‘g‘ri qayd qilganidek, tilning yashash makoni inson ongidir. Til insonlar ongida taraqqiy qiladi, yashaydi va rivojlanadi. Til nasldan-naslga, avloddan avlodga o‘tadigan irsiy hodisa emas, aksincha, til jamiyat taraqqiyotining mahsulidir. Bolaning qaysi tilda so‘zlay boshlashi uni o‘rab turgan til muhitiga bog‘liq. Misol uchun, o‘zbek bolasi go‘daklikdan tojiklar orasida tarbiyalansa, u faqat tojikcha so‘zlab, o‘z ona tilini bilmasligi mumkin. Ammo bolaning biologik belgilari (yuz tuzilishi, sochining rangi va hokazolar) o‘zgarmagan holda shakllanib boradi.
Til jamiyatga xizmat qiladi, jamiyatda yashaydi, taraqqiy qiladi. Shuning uchun ham tom ma’noda ijtimoiy hodisadir.
Kishilik jamiyati taraqqiyoti davomida aloqa-munosabat vositasi bo‘lgan tilning jamiyatga bo‘lgan nisbatini turlicha izohlashgan. Har xil fikrlar, turli nazariyalar vujudga kelgan. Ba’zi guruhlar tilni tirik organizm sifatida tushunishgan. Ba’zilari o‘zgarmas voqelik sifatida qarashgan. Bunday qarashlarni tanqidiy-tahliliy ravishda o‘rganib, quyidagicha umumlashtirish mumkin:
1.Til tabiiy-biologik hodisa emas.
2.Tilning mavjud bo‘lishi va uning taraqqiyoti tabiat qonunlariga bog‘liq emas. 3.Til kishilarning tabiatiga, irqiga, nasliga aloqador emas.
4.Jamiyat bo‘lib uyushgan kishilargina aloqa-munosabat vositasi bo‘lgan tilga ega.
Til kishilik jamiyatining asrlar davomidagi tarixiyijtimoiy tajribasi asosida yuzaga kelgan ijtimoiy hodisadir. Til va jamiyat taraqqiyoti uzviy bog‘liqdir. Jamiyatda ro‘y beradigan har qanday voqelik, ma’lum ma’noda tilda o‘z ifodasini topadi. Tilning ijtimoiy tabiati uning jamiyatda mavjud bo‘lishi hamda jamiyat manfaatlariga xizmat qilishida namoyon bo‘ladi.