4.Sintagmatik munosabat. Yana yuqoridagi qulf va kalitlar haqidagi misolga qaytamiz. Kalitlararo munosabat paradigmatik munosabatga qiyoslangan edi. Qulf va kalit orasidagi munosabat sintagmatik munosabatga o‘xshaydi. Kitob... berdi gapi tarkibiga kirgan tushum kelishigi shakli kitob so‘zi bilan sintagmatik munosabat asosida sintaktik aloqaga kirishgan.
Til birliklarining chiziqsimon, ketma-ketlik aloqasi sintagmatik munosabat deyiladi. Aslida sintagmatik munosabat ham lisonda imkoniyat sifatida yashaydi. Masalan, [kitob] leksemasining qanday so‘zlarni biriktira olish va qanday so‘zlarga birika olish (valentlik) imkoniyati uning lisoniy mohiyatida mavjud. Sintagmatik munosabatni sintaktik aloqadan farqlash lozim.
Sintagmatik munosabat lisoniy birlikning valentlik (birikish, biriktirish) imkoniyati bo‘lsa, sintaktik aloqa bu imkoniyatning nutqiy voqelanishi. Gap tarkibidagi bo‘laklarning nutqiy hokim-tobelik aloqasi leksemalarning lisoniy sintagmatik munosabati asosida sintaktik aloqa sifatida shakllanadi. Masalan, o‘qimoq leksemasi kitob leksemasi bilan birikish imkoniyatiga ega. Bu imkoniyat kitobni o’qimoq, o’qilgan kitob, Kitob o’qildi nutqiy hodisalarida sintaktik aloqaga aylangan.
Demak, sintagmatik munosabat va sintaktik aloqani butunlay boshqa-boshqa hodisalar deb ham, shuningdek, bir-biriga aynan tenglashtirish, bir-birini qoplovchi tushuncha sifatida qarash ham mumkin emas. Sintagmatik munosabat va sintaktik aloqa butun-bo‘lak munosabatida. Boshqacha aytganda, sintaktik aloqa – sintagmatik munosabatning bir ko‘rinishi. Demak, lisoniy birliklarning shartli vertikal aloqasi paradigmatik munosabat bo‘lsa, gorizantal aloqasi sintagmatik munosabat deyiladi.
Nazorat uchun savollar: 1.Lisoniy paradigma va munosabatlarning asosiy turlari deganda nimsalarni tushunasiz?
2.Til va tafakkur birliklarining o‘ziga xos xususiyatlarini nimalardan iborat?
3.Lisoniy tasnif asoslari Til ham, nutq ham aloqa vositasi. Farqlari nima?
4.Munosabat tushunchasini sharhlang.
5.Pradigmatik munosabat va uning turlari haqida gapiring.
6.Iyerarxik munosabat nima va uning qanday turlari bor?
7.Sintagmatik munosabat haqida gapiring.