Mavzu: Qo’shma gap qoliplarining Nutqiy xususiylashuvi
Qo‘shma gap tasnifi asoslari. Lisoniy birlik serqirra mohiyatli bo‘lganligi bois kamida ikkita paradigmaga kiradi. Shu sababli biror butunlikka kiruvchi lisoniy birlikni kamida ikki tomondan tasniflash mumkin bo‘ladi.
Qo‘shma gap ham lisoniy birlik sifatida murakkab tabiatli bo‘lib, bu murakkablik uning lisoniy sathda tutgan o‘rni, tarkibidagi sodda gapning grammatik shakli va bog‘lovchi vositalari hamda mazmuniy munosabatining rang-barangligi bilan belgilanadi.
Qo‘shma gap turlarini xilma-xil asoslarda turlicha tasniflash mumkin bo‘ladi. Tasnif asosining aniqligi va izchil amalga oshirilishi masala mohiyatini oydinlashtirishda juda muhim. Qo‘shma gapning ma’noviy va struktur tasnifi ko‘p holda o‘zaro farqlanadi.
Formal sintaksis qo‘shma gap tasnifida ko‘p hollarda ularning nutqiy belgi-xususiyati, zohiriy alomatiga tayanadi. Substansial sintaksis tasnifi esa qo‘shma gapning lisoniy mohiyatidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Qo‘shma gap, avvalo, sodda va uyushgan gapdan o‘z qurilish usulining boshqachaligi bilan farqlanadi.
Umumiy lisoniy mohiyat sifatida gaplar qurilish qolipiga ko‘ra dastlabki Tasnifda 3 ga bo'linadi.
Sodda gap Uyushgan gap Qo’shma gap
Bunda, aytilganidek, sodda va qo‘shma gap tasnifning chekka, uyushgan gap oraliq vaziyatini egallaydi. Qo‘shma gap ham, o‘z navbatida, qolipning tur va ko‘rinishiga ega bo‘ladi. [WPm-WPm] umumiy qolipining yuzaga chiqish turini, umumiy qolip bilan nutqiy ko‘rinish orasidagi turli bosqichdagi oraliq qolipni aniqlash me’yori, belgi va mezonlarni muayyanlashtirmoq lozim bo‘ladi.
Ma’lumki, qo‘shma gapning tur va ko‘rinishini o‘rganishda sodda gapning eng kichik qolipi asos qilib olingan. Sodda gapning eng kichik qolipi [WPm] dan iborat bo‘lsa, mantiqan qo‘shma gapning qurilish qolipi [W1P m1-W2Pm2-W3Pm3 · n] dir. Qo‘shma gapning lisoniy qolipi [W1Pm1-W2Pm2-W3Pm3·n] ekanligini nazarda tutgan holda qo‘shma gapning eng kichik qolipi uchun [WPm-WPm] ramzidan foydalaniladi.