Urganch davlat universiteti turizm va iqtisodiyot fakulteti turi
8.4. Qishloq joylarida ekoturizm ob’ekti sifatida rekreatsion resurslardan foydalanish. Turizmni shakllanishiga asos bo’luvchi turistik resurslar asosan qishloq joylarida joylashgan. Bu holatni Samarqand viloyati bo`yicha tahlil etadigan bo’lsak, viloyatning yer osti va yer usti gidrologik suv resurslari, tog’, tog’ oldi etaklari hamda tog’ oralig’i soylarida tabiiy ravishda hosil bo’lgan landshaftlar (tabiat manzaralari), yam-yashil o’rmonzorlar (Omonqo’ton), tog’u-tosh jins shakllari (Qoratepa), tog’ daralari (chuqurliklari), g’orlar (Hazrati Dovud, Kelsi, Lev), noyob tabiat yodgorliklari (Kamongaron, G’us), shifobaxsh buloqlar, YUqori chinor (Mingchinor), Qaynar buloq, Rohatbuloq, ajoyib ko’llar (Muz buloq, Alvasti ko’llari), go’zal shar-sharalar (G’ussoy, Kamangaron) va hakozolar mintaqamiz turizm imkoniyatlarini yanada oshiradi. Zarafshon daryosi qadimiy turistik ob’ektlarga boy yaxlit sayyohlik majmuasi hisoblanadi.
SHuni ta’kidlash joizki, viloyatning tog’, tog’ oldi hududlarida mavjud bo’lgan beqiyos shifobaxsh, tibbiyot va boshqa sohalarda keng ko’lamda foydalanadigan chashma va buloq suvlari o’zining ekologik jihatdan tozaligi, xilma-xil kimyoviy elemerntlarga boyligi bilan alohida ajralib turadi. Ular aholi sog’ligini tiklash, sog’lomlashtirish, dam olish uchun qo’lay imkoniyatlarni yaratadi va mintaqamizda rekreasiya (sog’lomlashtirish, hordiq chiqarish) turizmning ahamiyatini oshiradi. Bunday tabiiy maskanlar viloyatimizning Urgut, Samarqand, Nurobod, Qo’shrobod va boshqa tumanlari tog’, tog’oldi hududlarida tarqalgan bo’lib, ulardan turizm maqsadida foydalanish muhim ahamiyatga ega bo’ladi. Viloyatning yana bir qator tumanlarida va qishloqlarida ming yillik davrga teng qadimiy noyob daraxtlar (archalar, chinorlar) hanuzgacha saqlanib qolgan. Ular qatoriga Urgut shahridagi yuqori CHor CHinor (1020 yillik), Kattaqo’rg’on tumani Qoradaryo qishlog’idagi chinor (565 yillik), Nurobod tumani Tim qishlog’idagi archa 1000 yillik, Jomboy tumani Xolvoyi qishlog’idagi ming yillik archalarni misol keltirish mumkin. Ayniqsa, Jomboy tumanida joylashgan Zarafshon daryosi qayirida joylashgan Zarafshon qo’riqxonasi betakror o’simlik va hayvonat dunyosining xilma-xilligi bilan alohida ajralib turadi va mavsumiy hamda qisqa muddatli sayyohlikni tashkil qilish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi. Viloyatning chala cho’l va cho’l hududlari ham esa o’ziga xos hayvonat va o’simlik dunyosiga ega. Ularda sudralib yuruvchilar turkumidan turli xil zaharli ilonlar, cho’l toshbaqalari, qushlardan to’rg’ay, qarchig’oy, sut emizuvchilardan sariq sassiq ko’zan, kabilar uchraydi. Mazkur hududlar o’simlik va hayvonat dunyosiga qiziquvchi ekoturizm ishqivozlari uchun yangi turistik marshrutlarni tashkil etishni talab qiladi.
Agroturizmni ma’lum bir mintaqaning o’ziga xos dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish jarayonini ko’rsatish maqsadida tashkil etish mumkin. Bu tajriba Yevropaning bir qancha davlatlarida rivojlangan. Masalan, Fransiya va Portugaliya mamlakatlarida uzumni yetishtirishdan boshlab, undan turli ichimliklar olishgacha bo’lgan bir butun jarayon tur sifatida taklif etilgan. Xuddi shunday jarayonlarni mamlakatimizda ham rivojlantirish imkoniyatlari keng. Mamlakatimizning xalqaro darajada ixtisoslashgan tarmog’i hisoblangan paxtachilik tarmog’ida ham bir qancha turlarni ishlab chiqish mumkin. Bu jarayonni quyidagi ketma - ketlikda amalga oshirsa bo’ladi:
Paxta maydoni → paxta qabul qilish punkti → paxta tozalash zavodi → ip-yigiruv korxonasi → tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxona.
Bu turda, birinchi navbatda paxta maydoniga boriladi, unda hosilni yig’ib olish jarayoni ko’rsatilishidan boshlab, tayyor mahsulotga bo’lgan bir butun faoliyatni qamrab olinadi. Yuqoridagi sxemaga o’xshab qishloq xo’jaligini boshqa tarmoqlarida ham turli turlarni ishlab chiqish mumkin.
Sog’lomlashtirish va sog’likni tiklash turizmi bevosita rekreasiya resurslari bilan bog’liq bo’lib, kishilarning mehnat ta’tili vaqtlarida o’z salomatligini va ish qobiliyatini tiklashga qaratilgan faoliyatidir. YUrtimizdagi havosi toza, o’ziga xos tabiatiga ega joylarga boy. Bu mintaqalarda sanatoriya – sog’lomlashtirish majmui hisoblangan kurortlarni tashkil etish katta ahamiyatga ega. Undan tashqari qishloq joylarimiz diniy turizm , ya’ni aziz avliyolar qadamjolarini ziyorat qilish maskanlariga juda boy hisoblanadi. Birgina Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan Imom Al-Buxoriy ziyoratgohi misolida oladigan bo’lsak, bu majmua mustaqillikdan keyingi bunyodkorlik natijasida muhim ziyoratgohga aylandi. Bu ziyoratgoh musulmon olamida Makka va Madina shaharlaridan keyin eng muhim sajdagoh hisoblanadi. SHu sababli ziyorat qilish uchun qulay shart - sharoit yaratish, ya’ni infratuzilmani shakllantirish bugungi kunning muhim masalasi hisoblanadi. Bu yerda asosiy vazifa xorij mamlakatlar fuqarolarining ortiqcha qiyinchiliklarsiz ziyorat qilib ketishlariga erishishimizdir. Buning natijasida xizmat ko’rsatish sohalari kengayib, yangi ish o’rinlari yaratiladi.
Qishloq joylaridagi ekologik toza hudud, ajoyib tabiat va boshqa rekreasiya resurslari ekoturizmni muhim ob’ekti bo’lib hisoblanadi. Ekoturistlar uchun qiziqarli bo’lgan ob’ektlar, ya’ni alohida muhofazaga olingan hududlar (milliy bog’ va qo’riqxona) doirasidagi turli tabiiy va madaniy vujudga kelgan landshaftlar, o’simlik hamda hayvonot olami resurslari, ajoyib tabiat kompelkslari , tabiat yodgorliklari ekoturizmni rivojlantirishning muhim asosi hisoblanadi. Bu hududlarda tabiat ne’matlaridan foydalanilgan holda tabiiy xizmat ko’rsatish sohasi (servis)ni yo’lga qo’yish, kompleks rivojlantirish va turli tematik marshrutlarni tashkillashtirish sohani rivojida hamda qishloq joylarida ko’pgina yangi ish o’rinlarini yaralishiga zamin bo’ladi. Undan tashqari tog’li hududlardagi xushmanzara joylar nafaqat mahalliy aholini, balki chet ellik sayyohlarni ham o’ziga jalb qiladi. Bu imkoniyatlardan qishloq joylarida samarali foydalanish uchun quyidagi talablarni amalga oshirishimiz lozim:
mavjud qo’riqxonalar, milliy bog’lar va tog’lardagi xushmanzara va noyob tabiat go’shalarini turistik resurs sifatida ilmiy jihatdan o’rganib chiqish;
mavjud qo’riqxonalar, milliy bog’lar va tog’lardagi xushmanzara va noyob tabiat go’shalarini ekoturizm ob’ekti va rekreasiya resursi sifatida foydalanish uchun kerakli infratuzalmani shakllantirish;
ekoturizm ob’ekti sifatida mavjud tabiat go’shalaridan tartibli foydalanish;
xududlarni turistik rayonlashtirish va ularni ekoturistik nuqtai nazardan baholash;
tabiat muhofazasiga alohida e’tibor qaratish zarur.
Qishloq joylarimiz turizmni rivojlantirish resurslariga boy ekan, faqat undan samrali foydalanishda turistlarni joylashtirish va ovqatlantirish, transport xizmatini ko’rstish, umuman olganda xizmat ko’rstish sohalarini shakllantirish asosiy omil hisoblanadi. Bu sohalarning rivojlanishi natijasida quyidagilarga erishamiz:
qishloq manzilgohlarida yangi ish o’rinlari ochilib, mehnat resurslari ish bilan ta’minlanadi;
aholi salomatligi yaxshilanadi;
qishloq manzilgohlaridagi turistik – rekreasiya resurslaridan samarali foydalanish katta iqtisodiy foyda keltiradi va shu joyning ekologik holatini yaxshilash imkoniyatlari yaratiladi;
qishloq manzilgohlarida turizm rivojlanib, turistik infratuzilma shakllanadi va h.k.