Mehnatga yaroqli va mehnatga yaroqli bo`lmagan yoshdagi aholi ulushining ko`rsatkichlari aholining ushbu guruhlari sonini (mehnat yoshidan kichiklar, mehnat yoshidagilar, mehnat yoshidan kattalar) umumiy aholi soniga bo`lish yo`li bilan hisoblanadi. Ulush ko`rsatkichlari foizda hisoblanadi.
Aholi takror barpo bo`lishining hozirgi tendensiyasi saqlanib qolishida mehnatga yaroqli yoshdan katta bo`lgan aholi hissasi mehnatga yaroqli yoshdan kichik bo`lgan aholi hissasiga nisbatan yuqori bo`lib borishi ehtimoli bor.
Mamlakat erkak va ayol aholisining mehnat tarkibi bir-biridan ancha farq qiladi. Bunday farq quyidagilar ta’sirida yuzaga keladi:
erkaklarning, ayniqsa yuqori yoshlarda, o`lim ko`rsatkichlari darajasi
ayollarnikiga nisbatan yuqoridir;
erkaklar va ayollarning mehnatdagi va mehnatdan yuqori yoshlaridagi farqlar ham mehnat yoshidan yuqori yoshdagi aholi tarkibidagi ulushiga ta’sir ko`rsatadi.
Mehnat yuki ko`rsatkichlari. Bular mehnat yoshida bo`lmagan aholining jamiyat va iqtisodiyotga bo`lgan yukini ko`rsatib beradi. Tug`ilish jarayonida yuz berayotgan pasayish tendensiyasi aholi tarkibida bolalar hissasining kamayishiga olib kelgan bo`lsa, ilgari yuqori tug`ilish darajasi davrida tug`ilgan avlodlarning xozirgi paytda mehnat yoshiga kirib kelishlari mehnat resurslarining ulushi yuqori bo`lishiga olib keldi. Natijada mehnat resurslariga bo`lgan bolalar yuki yildan yilga kamayib bormoqda (3.1.2-jadval). 2014 yildan 2022yilgacha mehnat resurslariga bo`lgan mehnat yukining umumiy koeffisienti O`zbekiston bo`yicha 103,5 dan (ya’ni, ijtimoiy mehnatda qatnashuvchi 100 kishiga 103,5 ta bolalar va qariyalar to`g`ri kelgan) 63,6 gacha kamaygan. SHu jumladan, Quyi Amudaryo mintaqasi hududlarida ham xuddi shunday tarzda umumiy mehnat yukining kamayishi yuz bergan. Masalan, Xorazm viloyatida ushbu davrda umumiy mehnat yuki 114, 8 dan 67, 8 gacha kamaygan.
Iqtisodiy-demografik vaziyatni tahlil qilish, bandlik va boshqa sohalarda bevosita boshqaruv masalalarini yechish uchun ishlab turgan aholi avlodlarining almashinuvini o`rganish katta ahamiyat kasb etadi.
Bu jarayonni ifodalash uchun band aholining yangilanib borishi, ularning mehnati o`rnini qoplash jarayonlarini aniqlab beruvchi mehnatni qoplash koeffisienti ko`rsatkichidan foydalaniladi. Ishlayotganlarning ko`pchiligi mehnatga yaroqli yoshdagi kishilar bo`ladi. SHuning uchun ham mehnatni qoplash ko`rsatkichi shu yoshdagi aholi uchun hisoblanadi. U mehnat yoshiga kirib kelayotgan yosh avlod sonini mehnat yoshidan chiqib ketayotgan (yoshiga ko`ra, o`lim tufayli va h.k.) aholi soniga bo`lib topiladi.