Ushbu paragrafimizda islom dinidagi tasavvuf falsafasining ajralmas qismi bo’lmish Vahdat ul-vujud ta`limotining kelib chiqish genezesi, hamda uning panteizm, mististizmdan farqli jihatlarini ko’rib chiqamiz



Yüklə 22,49 Kb.
səhifə1/2
tarix13.04.2023
ölçüsü22,49 Kb.
#97142
  1   2

2.2. Tasavvuf taraqqiyotida vahddad ul vujud ta`limotining substansional asosi.
Ushbu paragrafimizda islom dinidagi tasavvuf falsafasining ajralmas qismi bo’lmish Vahdat ul-vujud ta`limotining kelib chiqish genezesi, hamda uning panteizm, mististizmdan farqli jihatlarini ko’rib chiqamiz. Bir o’rinda ularning bir-biridan farqi bilan, ham tanishib chiqamiz.
Tasavvuf falsafasining yuzaga kelishi biz bilamizki Umaviylar xalifaligi davrida o’ziga xos bo’lgan e’tiroz xarakteriga ega bo’lgan islom olamidagi ijtimoiy jarayon sifatida yuzaga kelgan bo’lsada, ammo ommaviy hodisa bo’lmagan. Ayniqsa, u amaliy ko’rinishda bo’lgan so’fizmdan, ilmiy-nazariy ta’limot ko’rinishga ega bo’lgach, faqat xos, ya`ni ayrim insonlarga tegishli ilm hisoblangan. VIII asrdan bugungi kunga qadar tasavvuf ta’limotining tarixiy davriga e`tibor qaratadigan bo’lsak, hech qachon silliq va bir maromda kechmagan.
Sababi gohida siyosiy kuchlar, gohida shariat ahli, gohida esa faylasuflaru turli diniy oqimlar va ilmiy maktablar tomonidan ta’qibga uchragan bo’lsa, gohida hukumat doiralarning g’oyaviy dastgohiga aylanib, hukmron mafkura darajasigacha ko’tarilgan. Bu ta’limotni hech qachon hammayam bir xil qabul qilavermagan va unga ergashib ketavermagan ham. Uning tarkibida unib-o’sib, Islom va irfon falsafasi doirasida mustaqil bir nazariy-falsafiy ta’limot darajasigacha ko’tarilgan Vahdat ul-vujud falsafasining taqdiri esa undan-da murakkabroq kechgan. Uning muxoliflari doimo tarafdorlaridan ko’proq bo’lib kelgan, buning esa o’ziga yarasha sabablari bo’lgan. Bular bekorga emas edi, chunki tarixan xamisha mevali daraxtga tosh otishgan.
Tasavvuf ta’limotining tarixiy-falsafiy mazmun-mohiyati, uning genezisini tadqiq etishda panteistik dunyoqarash usulining tahlili o’ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Islom va irfon (arabcha. ‘arafa – tanimoq, bilmoq, anglamoq) falsafasidagi “Vahdat ul-vujud” tushunchasini yunon falsafasi va xristian teologiyasidagi “panteizm” tushunchasi bilan, “tasavvuf” va “irfon” tushunchalarini esa g’arb falsafasidagi “mististizm” tushunchalari bilan adashtirib yuborish yoki izohlash holatlari g’arb sharqshunosligi va islomshunosligida juda ko’p uchraydigan holat bo’lib qolgani sir emas. Afsuski, g’arb olimlariga ergashib, sharqning ba’zi tadqiqotchilari ham ushbu atamalarni noo’rin ishlatmoqdalar. Bu haqda o’zbek tadqiqotchi olimi Jo’rabek Cho’tmatovning fikr-mulohazalari alohida e’tiborga sazovordir: “G’arb sharqshunoslari orasida Hakim Termiziyni “mistik”, uning g’oyasini “mististizm” deb atash rasm bo’lgan. Ma’lumki, bu barcha tasavvuf va uning ahliga ham bosilgan o’ziga yarasha “yorliq”, yoki “tamg’a”dir. Bu ulug’ zotlarni “mistik” deb atash masalasini o’ylab ko’rish lozim. Masalan, U.Uinter bu so’zni o’zi ko’p ishlatganiga qaramasdan, tasavvufiy omilar haqida so’z yuritarkan, bir o’rinda “mistika atamasi juda ko’p savollarni o’rtaga qo’yadi”, deydi.[7:2005-44]
Shuningdek, G’arb tadqiqotchilaridan biri K.Ernst ham bu tasavvuf uchun hammaga ham ma’qul atama emasligi borasida o’z tadqiqot ishlarida batafsil to’xtaladi.[3:2002]
U.Uinter Islomda markaziy masala qalb ekanini aytib, uni quyidagicha izohlaydi: “...Islom ulamolari yurakning “holatlari”ni o’rganuvchi ilmni va uni sog’lom holatga olib keladigan usullarni yaratishdi. O’z vaqtida ushbu ilm tasavvuf nomini oldi. U ingliz tilida sufizm deb ataladi. Bu o’sha ilmning an’anaviy nomidir. Biz bugungi kunda uni yana ham tushunarli qilib “Islom psixologiyasi” deb nomlaymiz”.[7:2005-279]
U.Uinterning so’zlarida qaysidir ma`noda jon bor, lekin bir o’rinda so’fizm bilan tasavvufni bir-biridan aloxidaligini ham takidlash lozomdir. So’fizm Ye.E.Bertels ta`kidlaganidek tasavvufning ilk ko’rinishi bo’lim faqat amaliy ko’rinishda bo’lgan tasavvuf esa uning ilmiy-nazariy asoslariga ega bo’lgan ko’rinishidir. [1:2005-54]
To’g’ri, so’fiylikning buzilgan shakllarida bu narsa, ya’ni mistiklik uchrar, ammo uni barchaga umumlashtirish to’g’ri emas. Istilohda ijobiy emas, salbiy ma’noni bildiradigan bu atama lug’atda ijobiy ma’no anglatadi, deb bo’lmaydi. Nima bo’lganda ham, qancha harakat qilinmasin, odamlarga buning faqat atamada shundayligi tushuntirilmasin, “mistik” deyilganida ko’pchilik baribir risoladagidek insonni tushunmaydi va tushuna olmaydi”.[5:2017-63]
“Tasavvuf” va “irfon” tshunchalarini izohlashga hojat ham qolmagan: hozirgi paytda bu istilohlar ma’nosi barchaga oydek ravshan.
“Mististizm” yoxud “mistika” (fr. Mysticisme “yun” mystikos) tushunchasi ostida esa “sir-asror”, “sirli”, “sirli marosimlar”, “g’ayritabiiylik”, “g’ayritabiiy hodisa”, “tushunarsiz”, “tushuntirib bo’lmaydigan narsa”... kabi ma’nolar yotadi. G’arbda tushuniladigan “mistika” diniy-idealistik dunyoqarash shakli va diniy amaliyot turi bo’lib, g’ayritabiiy hodisalar, sirli narsalar va insonning boshqa dunyo bilan bevosita muloqotga kirishishiga ishonishni anglatadi. Bunda mistik kayfiyatdagi odam mutlaq borliq bilan birlashish orqali ekstaz (lazzatlanish)ni boshdan kechirishni o’z oldiga maqsad qilib oladi.
Tasavvuf ta’limotida ham valiy zotlar, buyuk shayxlar bilan bog’liq kashfu karomatlar uchrab turgan. Bunday holatlarni “xoriqulodda hodisalar” – g’ayritabiiy, odatdan tashqari holat, deb izohlashgan. Aynan ana shunday hodisalar tasavvufni mististizm bilan “qarindosh”ga chiqarib qo’yadi. Ammo, tasavvuf yaxlit va tom ma’noda faqatgina xoriqulodda hodisalar, kashfu karomatlardan iborat bo’lgan ta’limot emas. Tasavvuf inson qalbi, ruhiyati, taxayyul va tafakkur olamining cheksizligini anglash va ro’yobga chiqarish uchun imkoniyat yaratib bergan ta’limotdir. Bu o’rinda biz bilamizki tasavvuf to’rt bosqichdan iboratligini oxirgi bosqich haqiqat bo’lsa unga yetishish esa haqga, yani ollohga uning vasliga yetishish nazarda tutiladi bu bosqichni esa “Fano” deyiladi. Qaysidir ma`noda turli xildagi tasavvurga sig’mas hodisalar, ham shu bilan izohlanadi.
“Panteizm” (yunoncha pan – hamma; teos – Xudo ) Xudo bilan olamni aynanlashtiruvchi, ular aslida bir narsa, yagona bir vujud deb biluvchi falsafiy ta’limot hisoblanadi. Bu istiloh ilk marotaba ingliz faylasufi J. Toland (1705), undan so’ng niderlandiyalik ilohiyotchi I. Fay (1709), nihoyat, XIX asrda K.Krauze tomonidan fanga umuman olganda muomilaga kiritilgan. Unga ko’ra, olam Xudoning o’zida yashaydi (mavjud), lekin Xudo olamga singib ketmaydi.[2:2020-56]
Panteistik g’oyalar Qadimgi Hind ta’limotlari (brahmanizm, hinduizm, vedanta)da, Xitoy falsafasi – daosizmda, Qadimgi Yunon falsafasida (Fales, Anaksimen, Anaksimandr) tarkibida mavjud edi. Keyingi davrlarda bu g’oyalar neoplatonchilar va ularning Yaqin Sharqdagi izdoshlarining “emanastiya” haqidagi ta’limotlarida o’z aksini topdi. Emanastiya g’oyasi Sharq peripatetizmi vakillaridan biri bo’lgan Abu Nasr Forobiy falsafiy ta’limotininng asosini tashkil etadi. Sababi materializmni xudo bilan bog’lagan. Forobiy ta’limotiga ko’ra, Alloh “o’z-o’zidan zaruriy mavjudot”. Koinot “aqllaridan” boshlanuvchi qator emanastiyalar (kechimlar) orqali Xudo abadiy olamni – “o’zga tufayli zaruriy mavjudot”ni yaratadi.
Mazkur tushuncha turli tarixiy davrlarda har xil mazmunlarda, mohiyatan bir-biridan farq qiladigan diniy-falsafiy tizim va qarashlarda aks ettirilgan.
Jumladan, Musulmon Sharqida Forobiy ta’limotida moddiy ibtido o’zini Haq taolo orqali namoyon etadi. Moddiy ibtido Ollohda go’yoki mavhum bir shaklda mavjud bo’ladi.
Islom dini bag’ridan kelib chiqqan tasavvuf ta’limoti va uning irfon falsafasining asosiy bahs mavzui bo’lmish Vahdat ul-vujudni nasroniylikdagi panteizm tushunchasi bilan aralashtirib bo’lmaydi. Ular o’rtasida haqiqatan ham chalg’ituvchi va hayratlanarli o’xshashliklar mavjud, ammo ular aynan bir narsa emas.
Musulmon Sharqining falsafiy va ijtimoiy tafakkuri tadqiqotchilari panteizmdagi ikki qarama-qarshi holatni qayd etib o’tadilar. Jumladan, taniqli faylasuf olim I.Mo’minovning izohlashicha, panteizmni ikki oqimga ajratish mumkin: biri – vahdati vujud bo’lib, “Olam Xudodir” (“Hamma Udir” – J.X.) degan prinstipdan kelib chiqadi. Ikkinchisi esa “Xudo olamdir” (“U hammadir” – J.X.), deydi. Ikkinchi qarash arab falsafasida “vahdati mavjud” (borliqning birligi) nomi bilan tanilgan.[5:1957-41]
Shu o’rinda qayd qilib o’tish kerakki, Vahdat ul-vujud falsafasi ham ushbu ta’limot tarafdorlari, ham muxoliflari va ham tadqiqotchilar tomonidan doimo turlicha talqin qilib kelingan. Uni har kim o’z qarichi bilan o’lchagan, o’z e’tiqodi va tafakkuri doirasida tushungan. Bizningcha, shundan kelib chiqqan holda Vahdat ul-vujudning ikki xil ko’rinishi, yoki qaysidir ma`noda ikki maktabi shakllandi va ularni bir-biridan farqlash lozim:
a) falsafiy vahdat ul-vujud; b) diniy-irfoniy vahdat ul-vujud.
Falsafiy vahdati vujud tarafdorlari Xudo va borliqdagi barcha mavjudotlar o’rtasidagi robitani o’rgimchak va uning iplari (to’rlari)ga qiyoslashgan. Ular xuddi o’rgimchak iplarini o’zidan chiqarib to’qiganidek, Xudo ham borliq va undagi mavjudotlarni o’zidan chiqarib bor qilgan yoki yaratgan, degan fikrni o’rtaga tashlashgan. Ammo haqiqiy Vahdat ul-vujud – Ibn al-Arabiy ta’limoti sof falsafiy Vahdat ul-vujuddan ancha farq qiladi. Ibn al-Arabiy ta’limotida Vahdat ul-vujud islom dini aqoidining asosiy rukni – Tavhiddan o’zga narsa emas. Buni taniqli tasavvufshunos olim, ustoz Najmiddin Komilov sodda va lo’nda tarzda quyidagicha izohlab o’tganlar: “vahdat – yagonalik, birlik Haq taologa xos, olam ham shu yagona Ruhi Mutlaq bilan birdir. Demak, “vahdat ul-vujud” deganda moddiylikdan, shaklu shamoyildan xoli, munazzah, ammo ana shu O’zi xalq etgan olamlar bilan doimiy birga bo’lgan, bu olamlar mohiyatini qamrab olgan, ularga muhit bo’lgan Zoti pokning yagona vujudi anglashiladi”.[3:2008-4]
N.Komilov to’g’ri ko’rsatib berganidek, Vahdat ul-vujud falsafasida Xudo – olam munosabati quyidagicha shakllangan:
1) hamma narsalar Undan
2) hamma narsalar Unda
3) hamma narsalar U bilan.[3:2008-5]
Xulosa qilib shuni, aytish mumkinki, islom tafakkuridagi Vahdat ul-vujud yuzaki qaraganda panteizmga o’xshab ketadigan, ammo mohiyatan undan ayro bo’lgan, islomiy e’tiqodga asoslangan ta’limotdir. Shuningdek uni mistikadan farqlashimiz lozim hisoblansa, bir tarafdan uni so’fiylik va tasavvuf tushunchalaridan qay biri bilan aloqadorligini ham ajratib olish lozim. Bir so’z bilan aytadigan bo’lsak Vahdat ul-vujud islom ta`limotining borliq falsafasini o’zida jamlagan, hamda uni ochib beraolgan deyishimiz mumkin.

Yüklə 22,49 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin