UYALIB QOLMA
Birinchi ustoz bu Sohibi Qudrat,
Jumlayu-jahonni yaratib qo‘ygan.
Ikkinchisi esa ona tabiat,
Bizning poyimizga bag‘rini yoygan.
Keyingisi onang, to‘qqiz oy kutib,
Senga yorug‘ dunyo yuzin ko‘rsatgan.
Otangdir, beminnat qo‘lingdan tutib,
Oyoqda tik turmoq sirin o‘rgatgan.
Qalbinga o‘t yoqib iliq bir tuyg‘u
Muhabbat darsidan o‘tganda ta’lim,
Savod olishinga bergandir urg‘u,
Kamtarin ustozing o‘sha muallim.
Hayotning o‘zidir galdagi ustoz,
Bunisi jiddiyroq seni o‘ylatar,
Bir qo‘lda doira, bir qo‘lida soz,
Xohlagan kuyini chalib o‘ynatar.
Yana bir ustoz bor ardoqlab yurgan,
Vatan deb atalmish muqaddas tuproq.
Duogo‘y xalqing bor ortingda turgan,
Senga o‘git bergan hammadan ko‘proq.
Toki sen tiriksan bor ekan imkon,
Har onda bir narsa o‘rganmoq kerak.
Bir umr o‘rganib yashaydi inson,
Yashamoqlik asli o‘rganmoq demak.
Ilm ol, qalbingda porlasin oftob,
Aldoqchi hislarga qolma suyanib.
Kun kelib bo‘lganda so‘ngi sarhisob,
Ustozlar oldida qolma uyalib.
©️ Ravshanjon Madumarov
@farpiyoshlar
Dostları ilə paylaş: |