G’aznachilik idoralarida xisobotlar bilasn ishlash mexanizmi
"Bosh jurnal" daftari (1-f-sonli shakl)
Ushbu daftarda mahalliy byudjetlarning ikkinchi tartib hisobi bo’yicha hisobvaraqlari bo’yicha xronologik va tartiblashtirilgan yozuvlar birlashtiriladi.
Yangi yilda ochilgan daftarning birinchi satrida o’tgan yil bo’yicha yuqori moliya organi tomonidan qabul qilingan yakuniy balansga muvofiq hisobvaraqlardagi qoldiqlar summalari yoziladi. Balans aktivining summasi daftarning tegishli hisobvaraqlari debetiga, passiv summasi esa kreditiga yoziladi.
Ikkinchi tartibli alohida hisobvaraqlar bo’yicha yil boshiga mavjud bo’lgan qoldiqlar analitik (tahliliy) hisob registrlarida yil boshidagi yozuvlarga mos kelishi kerak.
Operatsiyalar bo’yicha yozuvlar har bir bank kuni uchun memorial order va unga ilova qilingan hujjatlar asosida har kuni yozib boriladi.
“Bosh jurnal” daftariga operatsiyalar yozib qo’yishganidan keyin analitik hisobning tegishli registrlariga yozuvlar yoziladi.
“Bosh jurnal" daftarida oy bo’yicha aylanmalarning umumiy yig’indisi hisoblanadi va navbatdagi oyning boshiga barcha hisobvaraqlarning debeti va krediti bo’yicha qoldiqlar hisoblab chiqariladi. Bunda, oy bo’yicha aylanmalar summasi hamda navbatdagi oyning boshiga barcha hisobvaraqlarning debetidagi qoldiq summalar aylanmalar summasiga yoki barcha hisobvaraqlardagi kredit bo’yicha mavjud qoldiqlarga mos ravishda teng bo’lishi kerak. Barcha hisobvaraqlarning debeti va krediti bo’yicha oylik aylanma summasi "Memorial order bo’yicha summa" ustunidagi yig’indiga teng bo’lishi shart.
Byudjet mablag’lari bo’yicha kassa xarajatlarini hisobga olish daftarida mahalliy byudjet bo’yicha kassa xarajatlar (020-sonli hisobvaraq) va kapital qo’yilmalar xarajatlar hisobga olinadi.
Byudjet mablag’lari bo’yicha kassa xarajatlarini hisobga olish daftarida 090-sonli hisobvaraq bo’yicha operatsiyalarni yozib borish uchun hamda viloyat zaxira jamg’armalari hisobidan ajratilgan mablag’larni hisobga olish uchun etarli miqdorda varaqlar ajratiladi.
Ortiqcha to’lashlar holatlarini oldini olish maqsadida, kassa xarajatlarini amalga oshirish uchun to’lov topshiriqnomalari rasmiylashtirilguncha Bo’lim tomonidan, byudjetdan mablag’ oluvchilar bo’yicha rejali byudjet ajratmalaridan oshib ketmagan summalarda, byudjet mablag’lari bo’yicha kassa xarajatlarini hisobga olish daftarida (3k-f-sonli shakl) aks ettirilgan xarajatlarning bo’limlari, paragraflari va guruhlari bo’yicha, xarajatlar to’lovini amalga oshirish ruxsatnomalari tayyorlanadi.
Xarajatlar to’lovini amalga oshirish ruxsatnomalari berilayotganda bo’limlar, paragraflar va xarajatlarning guruhlari va moddalari bo’yicha byudjetdan mablag’ oluvchi rejali byudjet ajratmalari qoldiqlarining va ishlatilishining hisobi mazkur Bo’limning vakolatli xodimi tomonidan amalga oshiriladi. Nobyudjet tashkilotlarni kassa xarajatlari hisobi 3k-f-sonli shakldagi daftarda har bir tashkilot bo’yicha alohida yuritiladi.
Nobyudjet tashkilotlarning kassa xarajatlari rejali byudjet ajratmalarining oylar bo’yicha taqsimlangan yoyilmasiga asosan amalga oshiriladi. Byudjet mablag’lari hisobidan kapital qo’yilmalar va boshqa tadbirlarni kassa xarajatlari bo’yicha operatsiyalarni 3k-f-sonli shakldagi daftarga yozib borish buyurtmachi tashkilotlar bo’yicha alohida yuritiladi (UKS, OKS va boshqa buyurtmachiga).