Muammoning yechimi xususida ayrim mulohazalar Dastlabki paytda, ya’ni o‘tgan yili va joriy yilning birinchi yarmi davomida odam savdosiga bog‘liq muammo bilan turli soha mutaxassislari va jurnalistlar tanishtirib borildi. Masala mohiyatini davlat hamda nodavlat tashkilotlari vakillari chuqur anglab olgandan so‘ng muammoni yechish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi. Ular hamkorligida bir qator ishlar bajarildi ham. Lekin bu ishlar odam savdosining oldini olish va unga qarshi samarali kurash olib borish uchun yetarli emasligini, mamlakatimiz hali bu muammoni yechishning dastlabki bosqichida turganligini mutasaddilar yaxshi anglashadi.
YeXHT va AQShning mamlakatimizdagi elchixonasi shu yilning noyabr oyida prokuratura, militsiya, hokimliklar, NNT, OAV vakillari ishtirokida o‘tkazgan seminarda dastlab bajarilgan ishlar sarhisob etilib, shundan so‘ng odam savdosi oldini olish uchun nimalar qilinishi lozimligi muhokama etildi. Shunda turli fikrlar aytildi, takliflar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda kasbga o‘rgatish va qayta o‘rgatish ishlarini tubdan takomillashtirish odam savdosi oldini olishning eng muhim omillari sifatida qayd etildi.
Xorij tajribasining ko‘rsatishicha, chet elga ishga yuborish huquqini xususiy agentliklarga ham berish zarur. Ularning ko‘payishi, ular orasida raqobatning kuchayishi va ular ustidan davlat nazoratining bo‘lishi agentliklar faoliyatining samarali bo‘lishini ta’minlaydi.
Yana bir muhim vazifa odam savdosiga daxldor jinoyatlarga tegishli jazo choralarini belgilash bilan bog‘liq. Xorijga ayollarni yuborayotganlar, boshqacha aytganda, qo‘shmachilar odatda ayollar ekanligi ularni jazodan saqlab qolmoqda. Mutaxassislar har yili e’lon qilinayotgan amnistiya tufayli qo‘shmachi ayollar jazodan qutulib qolishayotganini uqtirishmoqda.
Samarqanddagi “Ayol” markazi advokati Nigina Rustamova bu xususda quyidagi aniq misolni keltirdi. Z. Sharipova va G. Rizaeva ismli ikki ayol Munavvar va Nilufar degan qizlar nomiga Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) ga borish huquqini beruvchi qalbaki hujjatlar tayyorlab, ularga Moskva shahridagi restoranlardan birida ishga joylashtirishga va’da berishadi. Toshkent aeroportidan jo‘nayotganda ularning vizasi qalbaki ekanligi ma’lum bo‘ladi. Shundan keyin ikki marta qilingan boshqa harakatlari ham zoe ketgach, korchalonlar qizlarni Qirg‘izistonning O‘sh shahri orqali BAAga chiqarishga muvaffaq bo‘lishadi.
Dubayga yetib kelgach, qizlarning pasportlarini olib qo‘yib, ularni o‘z tanasini sotishga majbur qilishadi. Olti oy davomida qizlar ishlagan 10 ming dollardan ortiqroq pulni G. Rizaeva o‘ziga qoldiradi. Keyinchalik u o‘z hamtovog‘i bilan jazoga tortiladi. Sud Sharipovani olti yilga, Rizaevani to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qiladi. Lekin har ikkalasiga nisbatan amnistiya qo‘llanilib, ular jazoni o‘tashdan ozod etiladi.
Mutaxassislar, shuningdek, Jinoyat kodeksiga odamlar savdosi haqidagi alohida modda kiritish, qonunchiligimizni “odam savdosi”, “odam savdosi qurboni”, “odam savdosi tashkilotchisi” kabi atamalar bilan to‘ldirishni taklif etishmoqda.
Yana OAV orqali targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, ayniqsa, televidenie orqali ijtimoiy roliklar namoyish etish taklifi o‘rtaga tashlandi. Bu ishlar shunday yo‘lga qo‘yilishi lozimki, ham mutasaddi tashkilotlar xodimlarida, ham oddiy fuqarolarda xorijga borib aldanganlarga nisbatan odam savdosi qurboni sifatida qarash shakllanib borishi zarur. Shundan kelib chiqqan holda, ularga yordam berish choralari ham ko‘rilishi bu illatga qarshi turishning omillaridan biri sanaladi.
Xalqimizda kamiga yoki naqdiga qanoat qilish haqida ko‘plab maqollar mavjud. Odam savdosi “qurbon”lari haqida gap ketganda, ayrimlar shunday maqollarni tilga olishadi: “Uzoqning donidan — yaqinning somoni yaxshi”, “Uzoqning uzunidan — yaqinning kaltasi yaxshi”, “Nasiya tilladan — naqd chaqa yaxshi”, “Ko‘kdagi turnadan — qo‘ldagi chumchuq yaxshi”... Albatta, xalq dahosi buyuk. Har bir maqol ostida olam-olam ma’no bor. Shu bilan birga, odam savdosi “qurbon”lariga ularni takrorlash bilan ko‘p narsaga erisholmaymiz. Ushbu muammoga sabab bo‘luvchi omillarni aniqlab, ularni tugatish yo‘llarini topishimiz zarur.