Dativ bog’lanish Tajriba ma’lumotlari ko’rsatishicha ftor molekulasida ftor atomlari orasidagi bog’ energiyasi xlor va brom molekulalaridagi xlor-xlor va brom-brom atomlari orasidagi bog’ energiyalaridan kichik bo’ladi. Buni kovalent, ion va odatdagi donor-akseptor bog’lanishlar to’g’risidagi tasavvurlar bilan tushuntirib bo’lmaydi. Biz bilamizki, atomlarning atom radiuslari ortishi bilan ular orasidagi bog’ning puxtaligi (mustahkamligi) kamayib borishi kerak. Ammo F2, Cℓ2, Br2, I2 kabi molekulalarda bunday emas. Bunday holatlarni tushuntirish uchun atomlarning elektron tuzilishini ko’rib chiqamiz. Yuqoridagi molekulalarning hosil bo’lishida tashqi elektron pog’onadagi p-pog’onacha elektronlari ishtirok etadi va ular o’zaro bir-birini qoplaydi. Shu bilan birga, Cℓ, Br, I atomlarida bo’sh d-orbitallar ham mavjud. Shuning uchun tashqi elektron pog’onadagi s va p-elektronlar qisman d-pog’onachaga o’tadi. Bu vaqtda hosil bo’ladigan qo’shimcha bog’lanish dativ bog’lanish deyiladi.
Ftor atomida esa bo’sh d-orbital mavjud emas, shuning uchun F-F bog’i faqatgina p-elektron bulut hisobiga hosil bo’ladi.
Yoki boshqacharoq tushuntirganda bog’langan atomlardan birining taqsimlanmagan elektron jufti ikkinchi atomning d yoki p-orbitaliga o’tadi. Bu atomda elektron zichligi ortishi hisobiga boshqa taqsimlanmagan elektronlari birinchi atom orbitaliga o’tadi, natijada ikki atom orasida qo’shimcha bog’lar hosil bo’ladi. Masalan; Na2, K2 lardan ko’ra Cu2, Ag2 va Au2 molekulalarinig barqaror bo’lishi dativ bog’lanish bilan tushuntiriladi. Ishqoriy metallar molekulalarida bog’lanish faqat s-orbitallarning qoplanishi natijasi bo’lsa, mis guruhchasidagi atomlar orasidagi bog’lanish bir atomning nd-orbitallaridagi taqsimlanmagan elektron juftlarning ikkinchi atomning vakant (n+1) p-orbitallariga delokallanishi natijasida qo’shimcha energetik afzallik paydo bo’ladi. Kompleks birikmalarda markaziy atomning bog’ hosil qilishda qatnashmagan d-orbitali bilan ligandning π-orbitali orasidagi qoplanishi natijasida markaziy atomdagi elektron bulutning zichligi ligandning π-orbitaliga siljiydi va shu tufayli mustahkam π-dativ bog’ hosil bo’ladi.