Biznes uchun qulay Elektron hukumatni taraqqiy toptirishga qaratilayotgan e’tibor yurtimizda ishbilarmonlik muhitining sifat jihatidan yangi bosqichga chiqishida o‘z ifodasini topmoqda. Misol uchun, Jahon bankining “Doing business” reytingida so‘nggi besh yilda O‘zbekistonning umumiy reytingi biznes yuritish bo‘yicha 150-o‘rindan 87-o‘ringa ko‘tarildi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida, jumladan, belgilangan tartib-taomillarni buzganlik uchun shikoyat bildirish, tadbirkorni murojaat qiluvchining mobil telefon raqami orqali identifikatsiya qilish maqsadida ro‘yxatga olish, muhandislik-kommunikatsiya texnologiyalariga ulanish uchun ariza berish, tadbirkorlik sub’ektlariga o‘zimizda ishlab chiqarilgan avtomobil transporti vositalarini xarid etish uchun ariza berish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatga olish maqsadida arizani rasmiylashtirish singari xizmatlar joriy qilingan.
2014 yildan boshlab eksport va import kontraktlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida bepul ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Banklar, soliq hamda bojxona organlari Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi orqali xo‘jalik sub’ektlarining tashqi savdo faoliyati monitoringini olib borayapti. Davlat bojxona qo‘mitasi saytida (www.customs.uz) elektron yuk bojxona deklaratsiyalari qabul qilinmoqda. 2015 yilda davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali ishga tushirildi va elektron savdo shakli amaliyotga tatbiq etildi. Masofaviy bank xizmatlari joriy qilinishi bilan 2016 yilda bir million 847 ming 569 nafar foydalanuvchi kredit olish uchun elektron ariza bilan murojaat etdi.
Reyting mas’uliyatga undaydi BMT ekspertlarining fikricha, 2016 yilda O‘zbekistonda elektron hukumatning rivojlanish indeksi 0,5434 yoki eng yuqori ko‘rsatkichga nisbatan 54 foizni tashkil qildi. Bu yurtimizning elektron hukumat ravnaqi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishiga zamin yaratdi (50 foizdan yuqori).
BMTning iqtisodiy hamda ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti 2016 yilda dunyoning turli davlatlarida elektron hukumatning rivojlanishi haqida navbatdagi hisobotini e’lon qildi. BMT uslubiyotiga binoan Elektron hukumatning rivojlanishi bo‘yicha indeksi asosida mamlakatlarning reytingi shakllantiriladi. Bu indeks uchta omil, ya’ni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasi, inson kapitali va elektron xizmatlar rivojidan iborat. Yana boshqa juda muhim ko‘rsatkich — elektron ishtirok etish indeksidagi o‘sish ham katta ahamiyatga ega hisoblanadi. Mazkur indeksga binoan, hukumatning fuqarolar, biznes sub’ektlari hamda davlat organlari o‘rtasida muloqotni rivojlantirish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishiga baho beriladi, erishilgan natijalar o‘rganiladi.
Yana bir diqqatga sazovor jihati, O‘zbekiston elektron ishtirok etish reytingida 24 pog‘ona — 2014 yilgi 71-o‘rindan 2016 yilda 47-o‘ringa ko‘tarildi. Ushbu indeksning o‘sish sur’atlari bo‘yicha respublikamiz Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi o‘rinni, Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida esa uchinchi pog‘onani egalladi. BMT ekspertlari O‘zbekistonda uy-joy mulkdorlari shirkatlari portali (e-kommunal.uz), ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz) va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portali (regulation.gov.uz) ishga tushirilganiga e’tibor qaratishgan. Ularning fikricha, bu sa’y-harakatlar davlat organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash hamda xalq bilan muloqot amaliy mexanizmlarini joriy etish borasida ijobiy qadam hisoblanadi.
Elektron hukumat rivojlanishi bo‘yicha O‘zbekiston indeksining o‘sishida elektron xizmatlar ko‘rsatish darajasi (56 foiz o‘sish bo‘lgan) muhim o‘rin tutdi. Lekin bunda AKT infratuzilmasi rivojlanishi bo‘yicha o‘sish u darajada yuqori bo‘lmadi (6 foiz). Ushbu indeks muqim va mobil telefon aloqasi abonentlari soni, aralash hamda simsiz keng polosali aloqa tarmog‘i, shuningdek, internetdan foydalanuvchi aholi soni asosida shakllantiriladi. 2016 yilda O‘zbekistonda internetdan muntazam foydalanadigan aholi ulushi 46,4 foizni tashkil qildi, keng polosali internetdan foydalanadiganlar soni esa, bor-yo‘g‘i, 1 million 900 ming kishiga yaqinni tashkil etdi. Inson kapitalining rivojlangan darajasi bo‘yicha indeks esa 3,5 foiz tushgan. Bunda yoshi katta kishilarning savodxonligi, aholining ta’lim tizimi bilan qamrab olinganlik darajasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, onlayn xizmatlar sohasida bunday o‘sishga, asosan, ochiq ma’lumotlar portali, kommunal xizmatlarga internet orqali to‘lov imkoniyatlarining kengayishi, aholiga turli onlayn-maslahatlar berish hisobiga erishilgan.