Vatandosh, bobokalon buyuk olim Abu Rayhon Beruniyning (973-1048) Hindiston, uning aholisi, madaniyati, tili, olimlari bilan bo’lgan munosabatlari fan tarixida alohida bir bobni tashkil etadi
Vatandosh, bobokalon buyuk olim Abu Rayhon Beruniyning (973-1048) Hindiston, uning aholisi, madaniyati, tili, olimlari bilan bo’lgan munosabatlari fan tarixida alohida bir bobni tashkil etadi. Avvalo, bu qadimiy mamlakatga bag’ishlab u «Hindiston» degan maxsus asar yozgan. Kitobning to’liq nomi: «Kitobi fi tahqiqi molil hind min maqola maqbula fil aql au marzula» (Hindlarga maxsus narsalarni tushuntirish kitobi). Bu asarni olim 1020 yilda yoza boshlab, 1030 yilda nihoyasiga yetkazgan. Shunisi diqqatga sazovorki, Beruniy qo’lga kiritgan ko’pgina mislsiz ilmiy yutuqlar va kashfiyotlar ham uning Hindiston davri hayoti yoki mazkur asarga vobastadir. Bu mamlakatda u allaqancha jo’g’rofiy tadqiqotlar ham olib borib, Lohur qal’asining kengligi 34 daraja 10 daqiqa ekanini o’zi aniqlaganini faxrlanib gapiradi. Bulardan tashqari, G’azni, Kobul, Gandiamir, Dunpur, Lamg’on, Pirshavur, Vayhand, Jaylam, Nandna, Mo’lton, Siyolqut, Mandakkapur singari joylarning jo’g’rofiy kengliklarini birinchi bo’lib aniqlagan ham Beruniy bo’ladi. U Lohurdan Kashmir qal’asigacha 56 mil ekanini, uning yarmi tepalik va yarmi tekis daladan iboratligini isbot etadi. Beruniy Nandna qo’rg’onidan turib Yer shari aylanasini o’lchab chiqqan. Olimning e’tirof etishiga qaraganda, Hindiston to’g’risida kitob yozish unga juda qiyin bo’lgan. Chunki u qandaydir, bizning tasavvurimizdagi «ekspedisiyalar» yo’li bilan emas, balki yakka o’zi tekshirish olib borgan. Biroq na vaqtini, na o’zining mablag’ini ayamasdan, o’lik tillar jumlasiga kiradigan sanskritda (qadimgi hind tili) yozilgan kitoblarni qidirib topadi. Hind tilini o’rgatadigan kishilarni izlaydi. Bu ishlarning barini muazzam Hindiston va uning xalqiga bo’lgan so’nmas muhabbati tufayli amalga oshirganini Beruniyning o’zi lutfan qayd etib o’tgan. Taniqli jo’g’rifiyun olim, professor Hamidulla Hasanov Beruniyning xalqparvarligidan, komil ilmiy e’tiqodidan o’rnak olsa arziydi, degan fikrni izhor etarkan, dalil sifatida bu mutafannin (qomusiy) olimning arab, hind, yunon va xorazm fanlarini, madaniyati va tilini birday ulug’laganligi, turli xalq, turli din kishilarini qarindosh, og’a-iniday ko’rganligini alohida qayd etadi. Ulug’ Beruniyning ming yillik qanotida bizning davrimizgacha parvoz qilib kelgan mana bu tabbaruk nafasi ayni hikmat emasmi: «Sayyoh olimlar» kitobining muallifi Hamidulla Hasanovdan: «Har bir xalq biron fan yoki amaliyotning taraqqiy etganligi bilan mashhurdir», «boshqa xalqlarni sevishni o’rganmoq istasang, ularning tilini o’rgan, hayot tarzini, odatlarini, tafakkurlarini ehtirom et» (Toshkent, 1981, 104-105-betlar). Abu Rayhon Beruniyning Hindistonga munosabatida diqqatga molik jihatlar sifatida uning hind tilini maxsus o’rganganligi, hindlarning ilmiy va diniy kitoblari bilan mufassal tanishganligi, hind fuqarosining tafakkur tarzi, urf-odatlari, e’tiqodi, tarixi bilan shug’ullanganligi va, nihoyat, hind olimlaridan ta’lim olganligini eslatish mumkin. Ayni vaqtda u hindlar orasida ko’p yangiliklar tarqatdi. Avvalo, ular orasida arab, yunon, fors, yahudiy madaniyati va fani yutuqlarini yoydi. «U avvalo hindularning go’yo talabasi, keyinchalik muallimi bo’lgan. Hindularning uni «bepoyon ilm ummoni» deb ataganlari bejiz emas». Abu Rayhon Beruniy sanskrit tilini shu qadar mukammal egallagan ediki, uning asosida ikki tomonlama tarjima amallarini bajargan: bir tomondan, sanskritdan arabchaga kitoblar tarjima qilgan bo’lsa, ikkinchi tomondan, Evklid va Ptolomey asarlarini arab tilidan sanskritga ko’chirgan. Bundan ko’rinadiki, Abu Rayhonning mazkur tarjimalarida hind, arab, yunon tillari va ular asosida yaratilgan ilmiy-madaniy meros, turli milliy muhitlar hamda chinakam yuksak umuminsoniy maqsadlar bir-biri bilan chirmashib, payvandlanib ketgan. «Bundan maqsad — bilimlarni tarqatmoq istagim edi», — deydi Beruniy. Yana: «Hindlarning ikki kitobini («San’ya» va «Patanjala») arab tiliga tarjima qilgan edim», «Men Yevklid va Batlimusning «Almajistiy» kitobini hindlar uchun tarjima qilib, ularga astrolyabiya san’atini yozib beraman, hindlar orasida ilm tarqatishga va ularda yo’q ilmni bor qilishga qiziqaman» («Hindiston»). Astrolyabiya (yunon.) – astronomiyada uzunlik va kengliklarni aniqlash uchun XVII asrgacha qo’llanilgan burchak o’lchash asbobi. «O’zbek tilining izohli lug’ati», II jild, 60-bet. Bunday niyatning pokiza va oliyjanobligi xususida ayni mamlakatning dono va fozil farzandlariga murojaat etmoq joizdirkim, Javoharlal Neruday bir ulug’ zot «Hindistonning kashfi» nomli kitobida mazkur «Hindiston» asari haqida azbaroyi mamnuniyat bilan qayd etgan edi: «Beruniy yunon falsafasini o’rgandi; hind falsafasini mutolaa qilmoq uchun sanskrit tilini o’rgana boshladi. Beruniy hind va yunon falsafasini birbiriga solishtirdi, ulardagi mavjud umumiylikni ko’rib hayratda qoldi. Beruniyning kitobi haqiqiy materiallarni qamrab olish bilan birga, urushlar, bosqinchiliklar, ommaviy qirg’inlar bo’lishiga qaramay, fan ahllari o’z ishlarini davom ettirganliklarini ko’rsatib beradi. Orani nafrat va xudbinlik kayfiyatlari buzib turgan paytlarda ham Beruniy, begona odam bo’la turib, bu o’lka kishilari ahvolini to’g’ri tushuntirishga harakat qildi». G’aybulloh as-Salom, O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan fan arbobi, professor I z o h: Ushbu maqola O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 avgustda qabul qilingan “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to’g’risida”gi qarori doirasida e’lon qilinmoqda. Maqola muallifi – O’zbekistonda sobiq sovet tuzumi davridayoq yaratilgan o’zbek tarjimashunosligi maktabi asoschisi, filologiya fanlari doktori, professor G’aybulla Salomov (taxallusi: G’aybulloh as-Salom) tavalludiga joriy yil 11 dekabrida 90 yil to’ladi. Maqola atoqli olimning 1997 yili chop etilgan “Ezgulikka chog’lan, odamzod” nomli kitobidan olindi.