O‘z-o‘zidan ravshanki, mehmonxona xo‘jaligi tarmog‘ining iqtisodiyotiga, eng avvalo, iqtisodiy omillar (iqtisodiyotning umumiy holati, aholi jon boshiga olinadigan o‘rtacha daromad, ishsizlik darajasi, mahalliy valyutani ayirboshlash kursi, soliq solish darajasi, kreditlarga belgilangan bank foizi va b.) ta’sir ko‘rsatadi. Ayni paytda, tarmoqning rivojlanishida ijtimoiy-iqtisodiy omillar, chunonchi: daromad darajasiga ko‘ra aholining taqsimlanishi, ma’lumot darajasi, turmush tarzi, yosh tuzilishi, shahar va qishloq aholisining nisbati (shahar aholisini harakatchanroq), jinoyatchilik darajasi, turizmning rivojlanishi va sh.k. ham katta rol o‘ynaydi.
Tabiiyki, tarmoqning holati qonunchilikka (soliq va mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, litsenziyalash qoidalari, sanitariya-gigiyena talablari, yong‘in xavfsizligi qoidalari, iste’molchilarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunlar va b.ga) ham bevosita bog‘liq bo‘ladi.
Umumiqtisodiy va demografik omillardan tashqari, mehmonxona iqtisodiyotiga yana bir qancha o‘ziga xos omillar kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Hozirda terrorizm ana shunday omillardan biridir. Yirik terrorchilik harakatlari, chunonchi: Misrda turistlarning terroristlar tomonidan o‘qqa tutilishi yoki Nyu-Yorkdagi osmono‘par binolarning vayron qilinishi terroristlar hujum qilgan mintaqadagi mehmonxonalarning to‘lishiga juda salbiy ta’sir ko‘rsatadi. To‘g‘ri, tajriba ushbu oqimlarga turistik oqimlar 2-3 yil ichida tiklanishidan dalolat beradi, ammo bu vaqt mobaynida juda ko‘p mehmonxonalar bankrot bo‘lishi mumkin.
Mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz natijasida chet el investitsiyalari kelishi to‘xtaydi, ushbu mamlakatga tovarlar eksporti kamayadi, bu esa mehmonxonalarda biznes-turistlar soni kamayishiga olib keladi. Kurort mintaqalarida mehmonxonalarning to‘lishiga tez o‘zgaradigan dam olish joylari va turlariga bo‘lgan moda, viza olish bilan bog‘liq qiyinchiliklar, transport kompaniyalarining ish sharoitlari ta’sir ko‘rsatadi. Misol uchun, Yevropa osmonida shovqin darajasi me’yorda belgilanganidan katta bo‘lgan sobiq Ittifoqda ishlab chiqarilgan samolyotlar uchishining taqiqlanishi muqarrar tarzda rossiyalik turistlar oqimlari Yevropa kurortlaridan Turkiya va Misr kurortlariga qayta taqsimlanishiga olib keladi. Mehmonxonaning iqtisodi y ko‘rsatkichlariga ichki omillar, chunonchi:
qabul qilingan boshqarish va nazorat tizimi (ayniqsa, harajatlar ustidan nazorat tizimi), ko‘rsatiladigan xizmatlar darajasi, shuningdek mehnat munosabatlari ham ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli mehmonxona ma’muriyati xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilashga, ishchi kuchining qo‘nimsizligini kamaytirishga va mehnat jamoasidagi muhitni yaxshilashga doim e’tibor berishi kerak.
Mehmonxonaning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga noto‘g‘ri tanlangan tariflar tizimi ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Jahonda mehmonxona tariflarining quyidagi asosiytizimlari qo‘llanadi.
Tarifga faqat yashash uchun haq (Room only) kiradi. U Yevropa rejasi deb ham ataladi.
Tarifga yashash uchun haq va nonushta (Room and breakfast) kiradi
(kontinental reja). Bunda tarifga kiritilgan nonushta uch xil bo‘lishi mumkin:
kontinental nonushta (sharbat, qahva yoki choy, bulochka, jem);
inglizcha nonushta (vetchina bilan quymoq qo‘shiladi);
shvedcha stol (pishloq, kolbasa mahsulotlari, non-bulka mahsulotlari, mevalar, jemlar, sharbatlar, asal, qahva, choy o‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatish usulida taqdim etiladi). Hozirda ushbu tarif ayniqsa keng tarqalgan.
Yarim pansion (Half board, demi-pension, modified American plan). Tarifga yashash haqi, nonushta va tushlik yoki kechki ovqat kiradi. Tarif ayrim kurort mehmonxonalarida va ma’rifiy maqsadlarda sayohat qiluvchi turistlarga, shuningdek biznesmenlarga xizmat ko‘rsatadigan mehmonxonalarda qo‘llanadi. Ushbu mehmonxonalarda yashaydigan turistlar shahar bo‘ylab ekskursiya qiladi, o‘sha yerda tushlik qiladi, kechqurun esa mehmonxonaga qaytib keladi. Kurort mehmonxonalarida yashaydigan turistlarga kelsak, ular shu yerda tushlik qilishni, kechqurun esa turli restoranlar va kafelarda ovqatlanishni ma’qul ko‘radi.
To‘la pansion (en pension, American plan). Tarifga yashash haqi va uch (yoki to‘rt) mahal ovqatlanish kiradi. Kurort mehmonxonalarida, ayniqsa, umumiy ovqatlanish tarmog‘i yaxshi rivojlanmagan mintaqalarda qo‘llanadi.
«Hammasi kiritilgan» («All included»). Tarifga yashash haqi, ko‘p marta ovqalanish (mijoz tanlagan bir necha restoranlardan birida, ko‘ngilochar vositalarning hammasi (yoki ko‘pchiligi), bardagi ichimliklar (odatda import ichimliklardan tashqari)) kiradi. Odatda begonalardan ajratilgan kurort mehmonxonalarida qo‘llanadi. Mehmonxonada yashovchilarga ular ayni shu mehmonxonaga mansubligini tasdiqlaydigan ma’lum belgilar beriladi, misol uchun, ularning qo‘liga yechilmaydigan bilakuzuk taqib qo‘yiladi.