Milliy til tushunchasi esa ana shu ko‘p asrlik tarixning millat shakllangandan keyingi davrinigina ifodalaydi. Demak, umumxalq tili tushunchasi til tarixining barcha bosqichlariga xos tushuncha bo‘lsa, milliy til tushunchasi muayyan millat shakllangandan keyingi davrga xosligi bilan undan farqlanadi.
Umumxalq tili va milliy til doirasiga adabiy til, sheva va lahja (dialekt)lar, oddiy so‘zlashuv tili, xalq tili, sotsial jargonlar, argolar kiradi. Umumxalq va milliy tillarning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan mazkur til shakllari ham o‘zaro farqlanadi. Xususan, adabiy til umumxalq tilining yoki milliy tilning oliy kommunikativ (aloqa) shakli bo‘lsa, sheva, lahja, oddiy so‘zlashuv va boshqa til ko‘rinishlari uning quyi shakli hisoblanadi. Ayni paytda ular adabiy tilning doimiy rivojini ta’minlovchi muhim ichki omil bo‘lib xizmat qiladi. Ammo sotsial jargonlar va argolar bundan mustasno bo‘lib, ular umumxalq tiliga xos bo‘lmagan, tor doradagi muloqot shakllaridir.
Dostları ilə paylaş: |