A) Proteksionizm Mahalliy sanoatni rivojlantirish iqtisodiy rivojlanishning muhim elementlaridan biri hisoblanadi. Mahalliy korxonalarni himoya qilish uchun davlat proteksionizm (import o‘rnini bosish) siyosatini qo‘llaydi. Proteksionizm tarafdorlari mahalliy korxonalarni xorijiy raqobatdan vaqtinchalik himoya qilish «ularning dunyo bozorida raqobatbardoshligini oshirish uchun zarur chora» ekanini ta'kidlashadi. Ularning nazarida bu chora «mahalliy sanoatni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash-ta'minlash hamda yangi texnologiyalarni o‘rganish imkonini beradi». Biroq proteksionizmni qo‘llagan ko‘plab mamlakatlarning tajribasiga nazar solinsa, bunday — mahalliy korxonalarni himoya qilish siyosati ish bermaganiga guvoh bo‘lamiz.
Chunki, bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun «betashvish hayot»ni yuzaga keltiradi, bu esa mahalliy tadbirkorlarda texnologik rivojlanishga bo‘lgan rag‘batni susaytiradi. Ko‘pchilik iqtisodchilar proteksionizmga qarshi chiqishining asosiy sabablaridan biri shu. Avtosanoatimiz bunga klassik bir misol bo‘la oladi.Proteksionizm siyosati foyda keltirishining yagona sharti — mahalliy korxonalarga xotirjam bo‘lib qolish imkonini bermaslikdir. Buni esa faqat mamlakatda ichki raqobatni rivojlantirish orqaligina amalga oshirish mumkin. Bunday strategiyani Yaponiya va Janubiy Koreya tajribasida kuzatish mumkin. Rivojlanishning erta bosqichlarida mazkur mamlakatlar hukumatlari mahalliy korxonalarni xorijiy raqobatdan himoya qilish bilan birga ichki raqobatni kuchaytirishgan va shu orqali mahalliy korxonalar orasidan eng raqobatbardoshlarini (chempionlari) yetishtirib, xalqaro bozorga chiqishga rag‘batlantirishgan.Albatta, biror sohada ichki raqobatni rivojlantirish iqtisodiyot va bozor hajmiga bog‘liq. Bu masalani, yaxshisi, iqtisodchilarga qoldiramiz.
B) Davlat korxonalariDavlat korxonalari xususiy korxonalarga nisbatan kam samaraga ega ekani iqtisodiy jihatdan isbotlangan. Davlat odatda ish o‘rinlari sonini saqlab qolish yoki boshqa — o‘z manfaatlariga mos keladigan ijtimoiy maqsadlar yo‘lida, samarali bo‘lmasa-da, davlat korxonalarini qo‘llab-quvvatlab turadi. Samarali antimonopol siyosat noteng bo‘lgan davlat kafolatlari (imtiyozlar) taqdim etilishini qisqartiradi, davlat korxonalarini raqobatga undaydi va eng muhimi, davlat va xususiy korxonalar o‘rtasida teng va tekis o‘yin maydonini ta'minlaydi. Davlat korxonalari mulkchilik shakli tufayligina qandaydir afzalliklarga ega bo‘lishi noto‘g‘ri. Bu boradagi Antimonopoliya qo‘mitasining faoliyati xususiy sektorga davlat korxonalari bilan teng ravishda resurslar, imtiyoz va infratuzilmadan foydalanish imkoniyatini ta'minlashga qaratilishi lozim.