51 51 50 11- MAVZU DAVLATNING IQTISODIY VAZIFALARI DAVLATNING ASOSIY IQTISODIY VA IJTIMOIY MAQSADLARI Har qanday davlat o‘z fuqarolarining iqtisodiy faoliyat yuritishlari uchun munosib
shart-sharoitlar yaratib berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Chunki ularning
muvaffaqiyatli faoliyat yuritishidan nafaqat davlat, balki jamiyat ham manfaatdordir.
FAOLLASHTIRUVCHI SAVOL VA TOPSHIRIQLAR 1. Bozor iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining erkinligi va
sof raqobat muhitining saqlanishini kim ta’minlaydi?
2. Ko‘p daromad qiladigan jismoniy va yuridik shaxslar bilan bir qatorda har bir
mamlakatda kam ta’minlangan oilalar, qariyalar, yosh bolalar bor. Ularning
ijtimoiy ta’minoti bilan kim, qay tariqa shug‘ullanadi?
3. Ona tabiatimizni asrab-avaylamasak, u kelajakda ayanchli ahvolga tushib
qolishi aniq. Tabiat muhofazasi bilan kim shug‘ullanishini bilasizmi? Bunda
qanday chora va tadbirlar ko‘rilishi haqida bilganlaringizni ayting.
4. Maktabingiz qanday mablag‘lar hisobiga qurilgan va jihozlangan? O‘qituv-
chilarga maoshni kim to‘laydi? Buning uchun mablag‘ qayerdan, qay tariqa
olinadi?
Har qanday mamlakat iqtisodiyoti oldida quyidagi maqsadlar turadi:
•
Iqtisodiy erkinlik — iqtisodiyot qatnashchilarining mustaqil va erkin iqtisodiy
qarorlar qabul qilishi;
•
Iqtisodiy samaradorlik — minimal xarajat qilib, maksimal foyda olish;
•
Iqtisodiy tenglik — barcha iqtisodiy xatti-harakatlarni adolatli amalga oshirish;
•
Iqtisodiy xavfsizlik – aholini iqtisodiy bo‘hronlardan, qashshoqlik, ishsizlik,
inflatsiya oqibatlaridan himoya qilish;
•
Iqtisodiy o‘sish – tovar va xizmatlar ishlab chiqarish hajmini tobora oshirish.
BOZORNING NOQOBILLIGI Shunday muammo va vazifalar borki, ularni bozorning o‘zi hal qila olmaydi.
Shu bois, bu vazifalar davlat zimmasiga yuklanadi. Bular quyidagilar: halol raqobat
muhitini yaratish, bozor haqida ma’lumotlar olishda hammaga birdek imkoniyatlar
yaratish, qo‘shimcha tashqi ta’sirlarni tartibga solish, ijtimoiy tovar va xizmatlarni ishlab
chiqarish. Mamlakat xavfsizligini ta’minlash, atrof-muhitni himoya qilish, ta’lim, fan,
sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirish kabi qator ijtimoiy xizmatlar borki, ularni
tashkil qilish hamda boshqarishni faqat markazlashgan holda amalga oshirish zarur.
Ulardan faqat birgalikda foydalanish mumkin. Bu xizmatlarni faqat haqini to‘laganlarga
ko‘rsatib, boshqalarni esa bundan foydalana olmaydigan qilib, cheklab bo‘lavermaydi.
Bu ijtimoiy tovar va xizmatlarning cheklab bo‘lmaslik xususiyatidir. Bundan tashqari,
bunday faoliyat natijasi har doim ham bevosita foyda olishga qaratilgan bo‘lmayadi.
Shuning uchun ham bu ijtimoiy ne’matlarni yaratish, bozor iqtisodiyoti sharoitida
tadbirkorlar e’tiboridan chetda qoladi va u bilan davlat shug‘ullanadi.