4. Qo‘shimcha tashqi ta’sirlarni tartibga solish. Ma’lumki, har qanday tovar
va xizmatlarning bevosita ishlab chiqaruvchisi va iste’molchisi bo‘ladi. Lekin
shunday tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish jarayonlari ham borki, ular nafaqat
ishlab chiqaruvchi va iste’molchiga taalluqli bo‘ladi, balki bu jarayonga bevosita
aloqasi bo‘lmagan uchinchi tomonga ham ta’sir qiladi. Masalan, zavod mo‘risidan
chiqayotgan tutun, bu zavoddagi ishlab chiqarish jarayoniga hech qanday aloqasi
bo‘lmagan, zavod atrofida yashayotgan aholi salomatligiga ta’sir qiladi. Bu holat
iqtisodiyotda qo‘shimcha tashqi ta’sir deb yuritiladi. Bunday tashqi ta’sirlarni
tartibga solish ham davlat zimmasiga yuklatiladi. Agar tashqi ta’sir salbiy bo‘lsa,
uning oldini olish choralari ko‘riladi. Agar ijobiy bo‘lsa, bunday ishlab chiqarish
qo‘llab-quvvatlanadi. Masalan, davlat atrof-muhitni ifloslantirib, tabiatga salbiy
ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalarga jarima va soliqlar belgilaydi, ta’limni rivojlantirib,
butun iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi muassasalarga esa moliyaviy imtiyozlar
beradi.
5. Daromad va boyliklarni qayta taqsimlash. Davlat kam ta’minlangan oilalarni
ijtimoiy himoya qilish, boy kishilardan daromadiga mos soliq undirish, talabalarga
stipendiyalar berish orqali daromadlarni qayta taqsimlab turadi.
6. Iqtisodiyotni barqarorlashtirish. Davlat inflatsiyani nazorat qilish, ishsizlikning
oldini olish, davlat budjeti va pul massasini nazorat qilish bilan iqtisodiyotni muvozanatda
saqlab turadi.
Qo‘shimcha tashqi ta’sir – tovarni ishlab chiqarish yoki iste’mol qilish
jarayonida, ishlab chiqaruvchi va iste’molchidan tashqari, uchinchi tomonning
ko‘radigan naf yoki zarari.
1. Mamlakat iqtisodiyoti oldida qanday ijtimoiy maqsadlar turadi? Ularni sharhlang.
2. Davlatning iqtisodiyotni tartibga solib turuvchi vazifalari haqida nimalarni
bilasiz? Nima sababdan davlat bu vazifalarni o‘z zimmasiga oladi?
3. Davlatning iqtisodiy vazifalarni bajarishga qaratilgan faoliyatiga misollar
keltiring.
4. Ijobiy va salbiy qo‘shimcha tashqi ta’sirga misollar keltiring.
5. Ijtimoiy tovarlar qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak? Javobingizni misollar
yordamida asoslang.
6. Agar xususiy firma ijtimoiy tovar ishlab chiqarsa, u qanday qiyinchiliklarga
duch kelishi mumkin?