Bir kuni ikki do‘st o‘rmonda ketayotgan ekan, to‘satdan oldilaridan bir ayiq chiqib qolibdi va ularga hamla qilibdi. Ulardan biri tezda qochib ketibdi-da, yashirinib olibdi. Ikkinchisi esa qochishga ulgurolmay qolibdi. Shunda yerga yiqilib, o‘zini o‘likka solib, jimgina yotaveribdi. Ayiq uning yoniga kelib, hamma yerini iskab ko‘rgach, o‘lik gumon qilib, qaytib ketibdi. Ayiq ketgach, yashiringan do‘sti kulimsirab chiqib kelibdi va sherigidan so‘rabdi:
— Ey do‘stim, ayiq sening qulog‘ingga nimalar dedi?
— U menga «xavf-xatar duch kelganda o‘z do‘stini tashlab ketish — bu eng yomon odat» dedi, —deb javob bergan ekan.
Kunlardan bir kun semiz, dangasa bir G‘oz ko‘lning bo‘yida mudrab o‘tirgan ekan, tasodifan uning yoniga Turna qo‘nibdi. Turna G‘ozning qarshisida juda ham ozg‘in va nimjon ko‘rinbdi. Olifta G‘oz uni masxara qilib kulibdi:
— Menga qara, og‘ayni Turna! Namuncha chakak-chakak bo‘lib ozib ketibsan? Qoq suyaging qolibdi-ku. Xuddi yoz bo‘yi hech narsa tatimaganga o‘xshaysan-a?
Shu payt miltiq ko‘targan ovchining qirg‘oq yoqalab asta-sekin ularga yaqinlashib kela-yotganini sezib qolishibdi. Yengilgina Turna chaqqon qanot qoqibdi-yu, uchib ketibdi. Ammo semiz, baqaloq G‘oz o‘zini o‘nglab qanotlarini yozishga ulgurmasidan atrofni o‘q ovozi bosib ketibdi.
Ochofat, ishyoqmas G‘oz qirg‘oq bo‘yida mukka tushib qolaveribdi, oriq Turna bo‘lsa hozir ham ko‘kda parvoz qilarmish.
Qizg‘anchiq it
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. juda ochko‘z kuchuk bor ekan. Bir kuni u sheriklari bilan talashib, kattakon bir suyakni olib qochibdi. U suv ustidagi yakka cho‘pdan o‘tayotsa, suvda bir it og‘zida katta suyak tishlab, ko‘zlarini olaytirib itga tikilib turgan emish. It: “Ir-r,ir-r-r”, — deb tishini irjaytirgan ekan, suv ichidagi it ham tishini irjaytiribdi.
Qizg‘anchiq it uning og‘zidagi suyakni ham tortib olmoqchi bo‘libdi va “Xap!” — deb itga tashlanibdi. “Xap” deyishi bilan og‘zidagi suyak o‘zidan oldinroq “cho‘lp” etib suvga tushib ketibdi. Qizg‘anchiq it rossa shalabbo bo‘lib, suyagidan ajralib, suvdan chiqibdi.