O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
Jizzax viloyati kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi Jizzax viloyati Baxmal iqtisodiyot va turizm texnikumi Moliya nazorat ishi (O‘quv amaliyot)
MA’RUZA MATNI
Maxsus fan o‘qituvchisi: Omonov Hayitboy Eshmurot o‘g‘li
KIRISH Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni samarali amalga oshirish, milliy iqtisodiyotni yangi davr talabiga moslashtirish, eksportga yo`naltirilgan ishlab chiqarishni yanada rag`batlantirish, barqaror moliya tizimi faoliyatini tashkil etish moliya munosabatlarini yanada rivojlantirishni taqozo etadi.
“Moliyaviy nazorat” fani umumkasbiy fanlar blokiga kiritilgan fan hisoblanib, bakalavriat “Moliya” ta`lim yo`nalishida 4-kurs 7-8-semestrlarda,
“Bank ishi” va “Pensiya ishi” ta`lim yo`nalishlarida 3-kurs 6-semestrda o`qitilishi rejalashtirilgan.
“Moliyaviy nazorat” fanini o’qitishdan maqsad kelgusida yuqori malakali iqtisodchi-mutaxassislar bo’lib yetishadigan talabalar uchun moliyaviy nazoratni tashkil etishning nazariy va tashkiliy-huquqiy asoslari, moliyaviy nazoratni amalga oshiruvchi organlar faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish, rivojlangan mamlakatlar moliyaviy nazorat tizimi bo‘yicha ko‘nikma va malakalar shakllantirishdir.
Fanning vazifasi talabalarga moliyaviy nazoratni tashkil etishning nazariy va tashkiliy-huquqiy asoslari haqida bilimlar berish, ularda moliyaviy nazoratni amalga oshiruvchi organlar tomonidan nazorat faoliyatini tashkil etish yo‘nalishlarini, moliyaviy nazoratni tashkil qilish turlari, shakl va usullarini, davlat va nodavlat moliyaviy nazorat turlarini, rivojlangan davlatlarda moliyaviy nazoratni tashkil etish amaliyotini o’rgatishdan iborat.
Bugungi globallashuv sharoitida raqobat tobora kuchayib borayotgani mamlakatimizni yanada barqaror va jadal sur`atlar bilan rivojlantirishni taqozo etmoqdaki, olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo`yicha ustuvor yo`nalishlarni amalga oshirish maqsadida, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli Farmoni bilan “2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi” qabul qilindi.
“Moliyaviy nazorat” fanini chuqur o`rganish orqali talabalar mamlakatimizning moliya munosabatlaridagi ishtirokini faollashtirish, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o`sish sur`atlarini saqlab qolish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish, iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, puxta o`ylangan tashqi qarzlar siyosatini amalga oshirishni davom ettirish, jalb qilingan xorijiy investitsiya va kreditlardan samarali foydalanish borasida tegishli nazariy bilimlar va amaliy ko`nikmalarga ega bo`lishadi. Shu bilan birgalikda, mazkur fanni o`qitish “2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi”da belgilangan iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo`nalishlarini samarali tarzda amalga oshirishga qaratilgan mutaxassis kadrlarni tayyorlashda muhim o`rin tutadi.
Bu o`quv yilida “Moliyaviy nazorat” fani moliyaviy nazoratning nazariy va tashkiliy asoslari, moliyaviy nazoratni amalga oshirishda davlat organlarining ahamiyati, davlat moliyaviy nazorati, nodavlat moliyaviy nazorati, rivojlangan mamlakatlarda moliyaviy nazorat modullariga asosan o`rganiladi.