Markaziy osiyoda buddaviylik ham o‘z o‘rniga ega. U diniy-falsafiy ta’limot sifatida qadimgi Hindistonda eramizdan avvalgi VI asrning oxiri va V asr boshlarida vujudga kelgan. U jahonda keng tarqalgan dinlardan biridir. Bu ta’limotga asos solgan donishmand Sidxarta urug‘idan chiqqan Gautama hisoblanadi. Keyinchalik u «Budda», ya’ni nurlangan degan laqabga ega bo‘lgan. Buddaviylik islomga qadar O‘rta Osiyoda tarqalgan qadimgi dinlar orasida mavqe jihatidan juda katta o‘rin tutadi. Bu ta’limot O‘rta Osiyoga eramizdan avvalgi II-I asrlarda kirib kelgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, uni Toxaristonga balxlik savdogarlar olib kelishgan. Kushonlar davrida buddaviylik dini hukmron dinga aylangan edi. Xalqchil bo‘lganligi uchun O‘rta Osiyoga keng yoyilgan.
Buddaviylikning O‘rta Osiyoga yoyilishi quyidagi to‘rt bosqichdan iborat.
BIRINCHI BOSQICH. Kushonlardan oldingi davr. Bu eramizdan avvalgi I asrga to‘g‘ri keladi. Bu davrga oid yozma manbalar bizgacha etib kelmagan.
IKKINCHI BOSQICH. Kushonlar davri (eramizning II-IV asrlari) Bu davrda buddaviylik O‘rta Osiyoga keng tarqalgan edi. Ayniqsa, uning axloqqa oid masalalar, halq ommasini sabr-qanoat va bardoshga da’vat etuvchi g‘oyalarni ilgari surganligi muhim ahamiyat kasb etgan.
UCHINCHI BOSQICH. Bu davrda O‘rta Osiyoda buddaviylik ta’limotining manbalari yoyilgan.
TO‘RTINCHI BOSQICH. (IX-XIV asrlar) islom O‘rta Osiyoda hukmron dinga aylanishi bilan bu din siqib chiqarilgan va juda zaiflashib ketgan.
BuddaviylikningO‘zbekiston va Hindiston xalqi o‘rtasida o‘z davrida ma’naviy ko‘prik bo‘lib xizmat qilganligi aniq. Xalqlarimiz orasidagi do‘stlik va birodarlikning ildizlari ham o‘sha davrga borib taqaladi va bugungi kunda aksariyat kishilar, ayniqsa, yoshlarimizning hind xalqi, uning madaniyati va san’atiga qiziqishi tasodifiy emas. MONIY TA’LIMOTI yurtimizda buddaviylikdan keyin keng tarqalgan edi. U zardo‘shtiylik va xristianlikning sintezlashuvi natijasida vujudga kelgan. Moniy fors va arab tillarida bir necha risolalar yozgan. Lekin ular bizgacha etib kelmagan. Moniy hatto «Moniylik yozuvi» nomli alifbo ham tuzgan. Uning ta’limoticha, hayotda dastavval nur dunyosi – yaxshilik va zulmat dunyosi- yovuzlik bo‘lgan. Ular o‘rtasida abadiy kurash boradi, inson ikki unsurdan (ruh — nur farzandi, jism — zulmat mahsuli) iborat. Moniylik xalq ommasi manfaatlarini himoya qiluvchi ta’limot bo‘lgani sababli hukmron mafkura qarshiligiga duch kelgan.
Moniylik ta’limoti asosida MAZDAK TA’LIMOTI yuzaga kelgan. U eramizning V-VI asrlarida keng tarqalgan edi. Uning asoschisi Mazdak (470-529 yillar) bo‘lgan. Mazdak va uning maslakdoshlari o‘z qarashlarida xalq ommasiga suyangan. Xalqning ozodlik, erkinlik, hurlik yo‘lida olib borgan harakatlariga rahnamolik qilgani uchun tez fursatda ularning maslakdoshlari, izdoshlari ko‘payib ketgan. Mazdakiylik ijtimoiy tengsizlikni bartaraf etish yo‘lida kurashga da’vat etuvchi mafkura sifatida xizmat qilgan. Unda asosiy yovuzlik-boylikka hirs qo‘yish va o‘ta kambag‘allik qoralanadi. Bu insonparvar harakatdan cho‘chigan shoh Mazdakni turli hiylalar bilan o‘limga mahkum etadi. Mazdakiylar harakati, eramizning VI asrida bostirilganiga qaramay, turli mamlakatlarda muayyan darajada davom etgan. O‘rta Osiyoda Muqanna, OzarbayjondaBobak boshliq dehqonlar va shahar kambag‘allarining zulmga qarshi kurashlari bunga misol bo‘ladi.
Markaziy Osiyoda vujudga kelgan qadimgi falsafiy ta’limotlar, ular ilgari surgan g‘oyalar bugungi kunda ham muhim ahamiyatiga ega. Sanab o‘tilgan qadimgi diniy-falsafiy ta’limotlar, ya’ni zardo‘shtiylik, uning bosh kitobi — «Avesto», Moniy ta’limoti, «Moniy yozuvi», mazdakiylik harakati jamiyatda adolat, erkinlik, teng huquqlilik tamoyillarini qaror toptirishiga da’vat etgan. Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan Muqanna boshchiligidagi harakat nafaqat O‘rta Osiyoda, balki jahonning boshqa o‘lkalarida ham aks-sado bergan. Vatanimizning o‘sha davrda shakllangan va rivojlangan boy madaniyati, milliy ma’naviyatimiz, falsafamiz jahon sivilizatsiyasiga katta ta’sir ko‘rsatgan.