DIALEKTIKANING TARIXIY SHAKLLARI VA XUSUSIYATLARI 1. Stixiyali dialektika. Keyinchalik qadimgi mutafakkirlar ziddiyatlilik va o‘zgaruvchanlik fikr-mulohazalardagina emas, balki real borliqda ham mavjud ekanligini payqaganlar. Bu faktning tagiga etgan ilk mutafakkirlardan biri efeslik Geraklitbo‘lgan. U dunyoni“jonli olov” yoki “ikki marta kirish” mumkin bo‘lmagan daryo oqimi sifatida tasavvur qilgan. Harakatchan dunyoda zamon o‘tishi bilan hamma narsa o‘zining dastlabki shakl-shamoyilini yo‘qotadi va asta-sekin o‘zining qarama-qarshiligiga o‘tadi: ho‘l narsa quriydi, quruq narsa esa nam tortadi; bir narsa boshqa narsaga: sovuq issiqqa, tirik o‘likka o‘tadi. Bu mulohazalarda hozirgi talqindagi dialektikaning asoslari mujassamlashgan. Shu sababli qadimgi faylasuflarning stixiyali dialektikasini dialektikaning tarixan birinchi shakli deb hisoblash odat tusini olgan.
Stixiyali dialektikaborliq va bilishning jarayonlar mohiyatini anglab etishga asoslanmagan sodda dialektikadir.
2. Idealistik dialektika. Gegel ilk bor dunyoni quyidan oliyga qarab boruvchi umumiy rivojlanish jarayoni sifatida tasvirlagan, rivojlanish manbai - qarama-qarshiliklar kurashini ko‘rsatib bergan, dialektikaning asosiy qonunlari va kategoriyalarini ta’riflagan. Ammo Gegel dialektikasi idealistik xususiyat kasb etgan. Gegel idealistik dialektikasining andozasi bo‘lib ob’ektiv borliq emas, balki uni aks ettiruvchi tafakkur xizmat qilgan.
3. Materialistik dialektika. Gegel dialektikasi materialistik dialektikaning shakllanishiga zamin hozirlagan. Materializm dialektik mantiq bilan bog‘langan. Buning natijasi o‘laroq dialektikaning uchinchi tarixiy shakli yaratilgan (XIX asrning ikkinchi yarmi). Unga amalda ilmiy bilishning rivojlanishi yo‘l ochib bergan. XIX asrning 40-yillarigacha fanning turli sohalarida yangi kashfiyotlar paydo bo‘lgan va ular tabiatni tushuntirishga nisbatan dialektik-materialistik yondashuvni tabiatshunoslik nuqtai nazaridan asoslagan.