Xalq og‘zaki ijodi va qadriyatlari davlat maqomida



Yüklə 35,38 Kb.
səhifə1/3
tarix18.05.2023
ölçüsü35,38 Kb.
#116253
  1   2   3
Maqola


XALQ OG‘ZAKI IJODI VA QADRIYATLARI DAVLAT MAQOMIDA

O`zbek xalqi ming yillar davomida yaratgan milliy xazinamizning nodir merosi bo`lgan og`zaki badiiy ijodi hamisha inson kamoloti, yurt farovonligi, jamiyat yetukligi borasida ma`naviy ozuqa bo`lib xizmat qiladi. Yillar uzonidan omon-eson o`tib, avlod-ajdodlardan meros qolgan folklor janrlari ijtimoiy-siyosiy, ta`limiy-tarbiyaviy sohalarda maktab, ma`naviy-ma`rifiy yo`nalishda yo`lboshlovchi vazifasini o`taydi. Xalqning turmish tajribalari, kundalik kuzatishlari natijasida yuzaga kelib, o`z isbotini topgan maqollar, haqllarni hayot maktabi darsligi desak mubolag`a bo`lmaydi. Mustaqil O`zbekistonda milliy qadriyatlar tiklanayotgan hozirgi davrda xalq yaratgan merosini yosh avlod ongi shuurida tasavvur hosil qilish, umuminsoniy qadriyatlarni har tomonlama o`rgatish va tatbiq etish davr talabi. Qolaversa, har bir shaxsning zimmasidagi mas`uliyatidir. Ana shu mas`uliyatni his qilgan inson kelajak avlodimizning yangi fikrlaydigan, izlanuvchan, mehr-oqibatli, yurtsevar, elparvar egalarini yetishtirishda, tarbiyalashda o`z hissasini qo`shadi. Buyuk allomalarimizning ibratomuz hayotlari, Vatan, xalq uchun qilgan xizmatlari haqida, aziz –avliyolarning ilmi-urfoni haqida, mamlakat osoyishtaligi, tinchligi, xalq or-nomusi uchun kurashgan sarkardalar haqida, qolaversa, Vatanning har bir go`shasi xususida ota-bobolarimiz yaratgan rivoyatlar o`zining ilmiy, badiiy ahamiyati bilan qimmatlidir. Rivoyatlar mavzu doirasi nuqtai nazarida asoslanib, tahlillar, misollar bilan yoritilgan. Rivoyatlarni izchil o`rganish va tatbiq etish yosh avlod kamoloti uchun muhim manba hisoblanadi. Bolalar tasavvurini, fantaziyasini o`stirishda ertaklar alohida o`rin tutadi. Har bir aytiladigan ertak bolalarda yangicha taassurot qoldiradi. Bolalar ertak qahramonlariga o`xshashga harakat qiladilar, sehrli narsalarga ega bo`lishni istaydilar yoki o`zlari sehrgarga aylanib qolishni va qahramon singari behisob kuch-qudratga qodir bo`lishni orzu qiladilar. Ertaklar yordamida yaxshilik va yomonlik sahrolarida, adiru tog`liklarida sayohat qiladilar. Ana shu davrdan boshlab nima yaxshi-yu nima yomon ekanligini anglay boshlaydilar. Bolalar ulg`aygan sari o`zlaridan kichiklarga ertak aytib berishga, ularni aqlli, vazmin bo`lishga, o`jar, injiq qiliqlarini tashlashga undaydilar. Ular ham o`zlarini kichik tarbiyachilar sifatida tutadilar. Umuman olganda, xalq og`zaki badiiy ijodi katta-yu kichik, yoshu qari uchun birdek donishmandlik majmuasi hisoblanadi. Asrlar o`tsa-da, buyuk allomalarimiz asarlarida ta`lim-tarbiya masalalari badiiy ifodalansa-da, xalq tafakkurining mahsuli bo`lgan folklor asarlari ma`naviy jihatdan olamshumul mohiyat kasb etishdan davom etaveradi.


Ma’naviyat qadim zamonlardan inson dunyoqarashini, xatti-harakatini, jamiyatda tutgan o‘rnini, xalqqa, vatanga, atrofidagi odamlarga bo‘lgan munosabatini boshqaruvchi omil hisoblanadi. Ma’naviy qashshoq kimsa hayotda ro‘y berayotgan voqealarga loqayd bo‘ladi. Loqaydlik esa tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib keladi. Ma’naviy qashshoq odam uchun Vatan, xalq, oila kabi muqaddas tushunchalar yot. Shuning uchun keksa avlod, avvalo, farzandning ma’naviy dunyosini shakllantirish chorasini rejalashtirgan. Aslini olganda, xalq dostonlari, ertaklari, qo‘shiqlari, maqollari va boshqa o‘nlab janrdagi asarlar yosh avlodning ma’naviyatini boyitish, uni haqiqiy inson darajasiga yetishini ta’minlash maqsadini nazarda tutgan holda yaratilgan. O‘tgan asrgacha bugungi kundagi matbuot, o‘quv dargohlari, madaniyat markazlari, radio, televidenie, internet kabi ta’lim, ma’rifat tizimi bo‘lmagan. Bu vazifalarni bajarish, asosan, xalq og‘zaki ijodi zimmasiga yuklatilgan. Natijada, xalq og‘zaki ijodi xalq pedagogikasi zaminini tashkil etgan. Odatda, xalqning mustaqilligi, uning ravnaqi badiiy adabiyot bilan uzviy bog‘lanadi. Og‘zaki ijod esa, badiiy adabiyotning ajralmas qismidir. Shuning uchun xalq ustidan hukm yuritishga harakat qilgan hokimiyat, avvalo, uning adabiyotini boshqarishga uringan. Sobiq sho‘ro tuzumi sharoitida xalq bayrami – Navro‘z, “Alpomish”, “Ravshan” dostonlarimiz taqiqqa uchragan. Folklor ekspeditsiyasiga xalq og‘zaki ijodi asarlarini yozib olish maqsadida chiqqanimizda islom diniga oid asarlarni yozib olish ma’qul ko‘rilmas edi. Bu harakatlarning hammasi og‘zaki adabiyotimizni yo‘q qilish niyatini amalga oshirish choralari edi, xolos.
1991 yil 1 sentyabrda O‘zbekiston mustaqil respublika deb e’lon qilindi. Yurtimiz ijtimoiy hayotidagi bu o‘zgarishni o‘zbek xalqi o‘nlab yillar davomida orziqib kutgan edi. Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq davlatimiz o‘tmish qadriyatlarni qaytadan tiklash, odamlar qalbida tutqunlikda yotgan madaniy merosimizga keng yo‘l ochish siyosatini amalga oshirdi. Dunyo ilmi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz nomlari, ularning kashfiyotlari haqidagi ma’lumotlar qatori turli munosabatlar bilan urf-odatlar, rasm-rusumlar ham tilga olina boshlandi. Bu tadbirlar har bir o‘zbek qalbida milliy g‘urur tuyg‘usini uyg‘otish maqsadini nazarda tutdi.
Aslida, o‘zbeklarning dunyoda ilg‘or, benazir madaniyatga ega bo‘lgan xalq ekanligini tasdiqlovchi fikrlar mustabid tuzum paytida ham aytilgan. Ammo bunday hur gaplarning mualliflari qatag‘on qilingan edilar. Ularning ko‘pchiligi sirli vaziyatlarda hayotdan ko‘z yumdilar. Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy, Otajon Hoshim, Sulaymon Xo‘ja va boshqalar esa o‘ylab topilgan yolg‘on jinoyatlarda ayblanib otildilar. Ayrimlari – Usmon Nosir, keyinchalik Mirtemir, Maqsud Shayxzoda, Said Ahmad, Shukrullo, Shuhrat kabilar uzoq muddatga qamoqqa olindilar. Ammo erkinlikni, o‘tmishdagi xalq allomalarining kashfiyotlarini targ‘ib etuvchi asarlar tizimi murakkab vaziyatda ham to‘xtab qolmadi. XX asrning 60-70-yillari adabiy hayotga yosh ijodkorlar sifatida kirib kelgan Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi shoirlar “O‘zbegim”, “O‘zbekiston” kabi poetik asarlar yaratdilarki, bu davrda yashagan yurtdoshlarimiz O‘zbekiston qadimdan ilm-ma’rifat, kashfiyotlar va qadriyatlar yurti ekaniga komil ishonch bildira boshladilar. Xalqimizning haqiqiy farzandlari sa’y-harakati bilan “Xalq og‘zaki ijodi” turkumida “Alpomish” dostoni, Ergash Jumanbulbul, Fozil shoir, Po‘lkan, Islom shoir, Bola baxshi ijro etgan epos namunalari, xalq qo‘shiqlari, ertaklari, askiya, latifa, topishmoqlarning nashr qilinishi nur ustiga nur bo‘ldi.
Shuningdek, o‘tgan asrning 50-yillarida Ibrohim Mo‘minov, Vohid Zohidov, Parso Shamsiev, Solih Mutallibov, Hodi Zarif kabi taniqli ziyolilar turli sabab va vajlar bilan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘oti-t-turk” (Solih Mutallibov), Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” (Qayum Karimov), Navoiyning “Xamsa”, Boburning “Boburnoma” (Parso Shamsiev) kabi bir qator asarlarini nashrga tayyorladilar va chop etdilar. Qizig‘i shundaki, bizning olimlarimiz mumtoz adabiyot namunalaridan sobiq sho‘ro tuzumi siyosatiga mos kelmaydigan o‘rinlarni atayin keskin tanqid qilishar, boylar va yo‘qsillar madaniyati haqida siyosatbop gaplarni topishar, ammo asarlarni to‘liq nashr qilishdek oliy niyatlariga ham erishar edilar.
Tabiiyki, “Sobiq sho‘ro tuzumi davrida bevosita xalq orasida hukmron siyosatni tanqid qiluvchi xalq og‘zaki ijodi asarlari yaratilmadimi?” – degan savol tug‘iladi. Gap shundaki, xalq og‘zaki ijodi asarlari yozib olinmasa, ularning ommalashuvi uchun sharoit bo‘lmasa, vaqt o‘tishi bilan bu asarlar o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘ladi: aytuvchining yodidan ko‘tariladi, taqdir taqozosi bilan aytuvchi vafot etadi va hokazo. Ularni yozib olish esa hamisha ham amalga oshavermaydi. Bugungi kunda o‘sha paytda dohiy deb tan olingan tarixiy shaxslar haqida o‘nlab latifalar to‘qilganini, maqtalayotgan kolxozlar, besh yilliklarning asl qiyofasi qo‘shiqlarda tanqid qilinganini e’tirof etish mumkin, xolos. Jumladan, o‘z paytida Otajon Hoshim tomonidan yozib olingan qo‘shiqlarda kolxoz tuzumiga, hamma ekin maydonlariga faqat paxta ekish siyosatiga salbiy munosabat bildirilgan namunalar borligi haqidagi xotiralar mavjud, xolos. Afsuski, taqdir taqozosi, turli sabablar bilan bu yozuvlar yo‘qolgan.
Bugungi kunda esa mustaqil o‘zbek xalqi madaniy hayotida qator yangiliklar ro‘y bermoqda. Jumladan, “O‘zbekiston xalq baxshisi” unvonining ta’sis etilishi, “Boysun bahori” bayramlarining o‘tkazilishi o‘zbek xalqi o‘tmishi bilan bugungi kunini bog‘lovchi o‘ziga xos ko‘prik bo‘lib xizmat qilmoqda.



Yüklə 35,38 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin